MOBIL ILLATLAR

yoxud odob doirasidan tashQaridagi suHbatlar

Tanishimning qo‘l telefoni yo‘q. Qanaqasiga, deyishingiz tabiiy. Chunki, bugun mobil telefonlar barchamizning dastyorimizga aylanib bo‘ldi. Ammo qulayliklar bilan birga u bilan bog‘liq, ta’bir joiz bo‘lsa, “mobil” illatlar ham hayotimizga kirib keldi. Balki tanishim shular sabab bu qulaylikdan voz kechgandir…

Mobil”… “tarbiya”

– Allo, Sanjar, senmisan, o‘g‘lim?! Yaxshimisizlar?! Ayang qayerda? Yana bozorga ketdimi? Tejabroq ishlatinglar-da. Men bu yoqlarda supurib olayotganim yo‘q pulni… Ha, mayli, o‘g‘lim, o‘zing qandaysan? Senga kompyuter yuborgandim. Oldingmi? Qalay? Avaylabgina ishlatgin. O‘qishingga, repetitorda tayyorlanishingga yordam bo‘ladi, dedim-da. O‘zi ishlatishni tushunasanmi? Ha, barakalla. Zamon bilan hamnafas bo‘lish kerak ekan. Mana, yuribmiz musofirchilikda loyga botib… Sen o‘qigin! Institutga “byudjet”ga kirmasang, hisobmas. Bo‘pti, keyinroq yana chiqarman…

(Sanjar otasi bilan xayrlashib, yana monitorga termuldi. Ekranda yangi yozuvlar paydo bo‘la boshladi:

“Guli, qalaysan, ishlaring yaxshimi?.. E, dadamning aqlli gapi ko‘payib qoldi…”).

Mobil” … ta’ziya

– E, bir kun bo‘lmaganingizga hamma ish “alg‘ov-dalg‘ov” bo‘lib yotibdi. Kalitni kimga beruvdingiz? Hujjatlar papkasi qayda? Kompyuteringizni paroli qanday edi? Uff, hammasi bir o‘zimga qoldi… Ertaga ishga chiqarsiz endi? Ha, aytgancha, boboy nechchi yoshdaydi? O‘h-ho‘, to‘y ekan-da… Oshiga borish kerak ekan, bizniyam shu qutlug‘ yoshlarga yetkazsin… Borolmadik… Bandachilik, ta’ziyamizni qabul qiling…

Mobil”… “shopir”

– Ketasizmi? Hokimiyat, “Orzu” bozor… Eshikni astaroq yoping-da, xola?.. Allo, Shurik, “most”da tekshiruv bor, boxabar bo‘l. Ha, menam “peregruz”ga tushgandim… Kecha qandoq bo‘ldi? O‘ziyam to‘rtta “litrovka” yiqitibsizlarmi?

Bir daqiqa… Ha, xola, tushasizmi? Yo‘q, men sizni yalinib mindirganim yo‘q. Bir qadam bo‘lsa ham, ming so‘m bo‘ladi… Nasihatingizni nevarangizga qilasiz… Allo, Shurik, ha, minishga minvolib, tushgunicha ziqnalik qilishadi bular… “Zaynab”da gazga “ochered” yo‘qmi? Ikki daqiqa, o‘rtoqlar, “zapravka”ga kirib chiqaylik… O‘tiraveringlar, tushish shartmas… Allo, Shurik, Boqining nomerini berasanmi? To‘qson birlikmi?..

Faqat shugina emas. Yana ko‘plab “mobil” illatlar haqida yozmoqchi edim. Masalan, “mobil” xiyonat, …folbinlik…, g‘iybat…, chaqimchilik… Uzr, to‘xtab turing-da. Bir daqiqa. Allo… labbay? Yo‘q, adashdingiz. Kimsiz deysizmi?.. Men…

Nuriddin EGAMOV

Yana o‘qing:  ISHGA LAYOQAT KAYFIYATGA BOG‘LIQMI?

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: