Maktab – yuragingda gullayotgan bog‘

Maktab… Bu so‘z hamisha yurakka yangicha shukuh, ruh, orzu va umidlar bilan kirib keladi. Har gal uning ostonasiga qadam qo‘yganimizda o‘tgan yillar ichida nimalarga erishdigu, qanday maqsadlar bilan yashayotganimizga bir qur ko‘z tashlab olamiz. Bu bir qarashda odatiy sarhisobday ko‘rinsa-da, aslida, har birimiz uchun o‘ylab ko‘rishga arziydigan umr yo‘llaridir.

– Tumanimiz viloyatda har bir sohada salmoqli, salohiyatli hududlardan, – deydi Samarqand viloyati Payariq tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri O‘ktam Narimonov. – Xususan, ta’lim tarmog‘i o‘zining chuqur tarixiy ildizlari va kelgusi ravnaq yo‘llari bilan umidli yoshlarimizga bilim berishda, tarbiyalashda mavjud imkoniyat va kuch-g‘ayratini ishga solmoqda. Ayni paytda tumanimizda umumta’lim maktablari soni 99 ta, ularda 36 ming 456 nafar o‘quvchi-yoshlar ta’lim-tarbiya olmoqda. Malakali, tajribali, turli toifadagi mutaxassislarimiz doimiy izlanishda, o‘rganishda. Tuman, viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar, bellashuvlarda o‘qituvchi va o‘quvchilarimiz faol ishtirok etishmoqda.

Bugungi kunda tumanda zamonaviy maktablar soni 74ta, moslashtirilganlari 20 ta, ta’mirga muhtojlari 5 ta. Bu boradagi ishlarimiz to‘xtagani yo‘q, aksincha, bosqichma-bosqich, navbatma-navbat amalga oshirilmoqda. Davlat umumdasturi bo‘yicha 4 ta yangi maktab binosi qurib foydalanishga topshirildi. Ko‘plab maktablar kapital va joriy ta’mirlandi.

O‘qituvchilar haqida qancha gapirsak shuncha sharafli bo‘lgani kabi o‘quvchilarning yutuqlaridan boshimiz ko‘kka yetadi. Chunki, bu muvaffaqiyatlarda ustozlarning mehnati, hukumatimizning ta’lim-tarbiyaga qaratayotgan e’tibori yaqqol namoyon bo‘ladi.

– Muassasamizda 538 nafar o‘quvchiga 47 nafar oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchi saboq bermoqda, – deydi 72-umumta’lim maktab direktori Lobar Abdurahmonova. – Maktabimizda 19 ta sinfxona, fan xonalari zamon talablari asosida jihozlangan. Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrda e’lon qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Malakali ingliz tili o‘qituvchilari boshlang‘ich sinflarda darslarni interaktiv usullarda qiziqarli o‘yin tarzida olib borishmoqda. Bu esa o‘z navbatida bolalarda til o‘rganishga bo‘lgan intilishini uyg‘otmoqda. Ingliz tili fan xonalari zamonaviy o‘quv qurollari bilan to‘liq ta’minlangan. O‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarida ham ingliz tili bilan shug‘ullanishlarini ta’minlash maqsadida turli fan va hunar to‘garaklari ochilgan. Bundan tashqari bolalar dars jarayonida zamonaviy axborot-texnologiyalardan ham foydalanishmoqda.

Yana o‘qing:  JO‘JALARIM

– Yurtboshimizning 2006 yildagi “Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori aholini shiddat bilan o‘sib borayotgan texnika yangiliklari va axborot tizimidan xabardor etishni ta’minlash, an’anaviy kutubxonalarni rivojlangan davlat kutubxonalari darajasiga yetkazish, tenglashtirish, ular bilan ijobiy raqobatlashish imkoniyatlarini yaratadi, – deydi tuman Axborot resurs markazi direktori Muhabbat Karimova. – 2006 yil dekabr oyida tumandagi 24-umumta’lim maktabi binosida turli sohalarga oid 7 mingga yaqin adabiyotlar, qo‘llanmalar bilan faoliyatini boshlagan axborot-resurrs markazimiz bugungi kunda 10 ming 600 kitob fondiga ega. Bundan tashqari, elektron yozuvlar, 500 ga yaqin elektron uslubiy qo‘llanmalar mavjud.

Hozirigi kunda tuman markaziy binosiga ko‘chgan markazimiz xodimlari turli ko‘rgazma va tadbirlar ustida qizg‘in ish olib bormoqda. “Yilning eng yaxshi kutubxonachisi”, “Yilning eng yaxshi ARM xodimi” tanlovlari, “Maktab-oila-kutubxona-jamoat tashkilotlari” xayriya tadbirlari, “Kitobsevarlar” ko‘rik-tanlovlarida maktab va kollejlar o‘quvchilari hamda kitobxonlarimiz ham katta qiziqish bilan ishtirok etmoqda. Bu shubhasiz, kitobxonlik saviyasini o‘stiradi.

Ha, maktab – fidoyilar maskani, bilimlar dargohi. Uni boqqa qiyoslagim, tog‘larga mengzagim, daryolarga o‘xshatgim keladi. Bari – oz, barisi kam. Shuning uchun umr bo‘yi ko‘nglingni ezgu tuyg‘ular bilan yashnatib , nurlantirib turgan issiq va mehrli bag‘irni “Ona maktab” deb ataysan. Chindan-da maktab – onaday mo‘tabar! Maktab deganda yuragingda bog‘lar gurkirab tursin, aziz o‘quvchim!

Oygul SUYUNDIQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: