“Kelgindi” qushlar

Keyingi bir necha o‘n yilda tabiiy landshaftlar o‘zgarib ko‘pchilik hayvon turlarini yashash hududlari qisqarib borayotgan bir paytda ayrim turlar arealini kengaytirmoqda. Bunga qushlarning ikki turi – mayna va qumri yaqqol misol bo‘la oladi.

Maynaning bir necha nomi bor. U afg‘on chug‘urchug‘i, hind maynasi deb ham ataladi. Bu qush o‘troq hayot kechiradi. Lekin so‘nggi yuz yil ichida Markaziy Osiyo antropogen landshaftlarida mayna jadallik bilan yashash hududlarini kengaytirdi va uning soni o‘sishi kuzatilmoqda. Mayna Hindiston, Birma, Pokiston, Afg‘onistonda keng tarqalgan. O‘zbekiston janubida ilk bor Afg‘onistondan uchib o‘tgan qush o‘tgan asrning boshlarida qayd etilgan. Vaqt o‘tishi bilan Rossiya hududiga kirib borib, qator shaharlarida yashamoqda. Jumladan, Moskvada maynaning uchraganiga 30 yildan oshib ketdi. Bu qushning tez ko‘payishi ko‘pchilikni qiziqtirdi. Olimlar va tabiat shaydolari ilmiy hamda ommabop maqolalarida bu qush haqida yoritib borishdi. Eng qizig‘i, hozirgi kunda ham mayna o‘z arealini kengaytirishni to‘xtatgan emas. Joylarda bu qushning soni o‘sishda davom etmoqda. Antropogen landshaftlar muhitiga mayna tez moslashmoqda. Biologik faolligi kutilmagan darajada oshib bormoqda.

Respublikamizning turli hududlarida maynaning tarqalishiga oid bir necha muhim sanalarni gazetxonlarga eslatib o‘tishni lozim topdik. Bu qush Termiz atrofi va unga yaqin joylarda 1907 yilda Afg‘onis­tondan uchib o‘tganligi ro‘yxatga olingan. Surxondaryo 1927 yildan boshlab maynalar muqim yashaydigan maskanga aylangan. 1942 yildan boshlab maynaning Shahrisabzda uya qurishi kuzatilgan. Qizilqumning janubiy qismida esa bu qush 1945 yilning yozida uchragan. O‘sha davrda bu qush har yili 30 km. ziyod arealini kengaytirib, 1949 yil Samarqandga yetib kelgan. 1951 yilning oxirida Jizzaxda uchragan. Mayna 1959 yil Toshkent viloyatida qayd etilgan bo‘lsa, 1961 yil Farg‘ona vodiysiga kirib borgan. 1969 yil Qizilqumning markaziy qismida uyalagani kuzatilgan. Shu davrda va undan keyinroq Qoraqalpog‘istonda tarqalgan. Tabiatda jonzotlarning bunday katta tezlikda yangi hududlarga tarqalishi va sonining jadal sur’atda o‘sishi kam uchraydigan hodisalar qatoriga kiradi. Mayna juda ekologik mutanosib xususiyatga ega bo‘lganligi tufayli ham katta hududlarda tez tarqalayotgan bo‘lsa ajab emas. Hozirgi vaqtda bu tur O‘zbekiston sharoitiga to‘liq moslashgan. Sonining ko‘pligi jihatidan mayna yurtimizda birinchi o‘rinni egallaydi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Vohalar, tog‘ va tog‘oldida, cho‘llarning o‘zlashtirilgan joylarida, shu jumladan, Qizilqumda ham maynani ko‘rish mumkin.

Yana o‘qing:  O‘rik guli

Inson faoliyat yuritayotgan hamma joyda bu qush keng tarqalgan. Chunki, aholi yashayotgan hududlarda uning yashashi va ko‘payishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Tabiiy sharoitda mayna uya qurib, ko‘payish davrida juda ehtiyotkor bo‘lsa, aholi punktlari va shaharlarda esa tashqi ta’sirlarga ancha moslashgan bo‘ladi. Shuning uchun odamlar, transport vositalari harakatlariga e’tibor bermasdan uya qurish maqsadida materiallar qidiradi va iniga olib keladi. Odamlardan hayiqmay, inida tuxumini bosadi, polaponlarini oziqlantiradi. Ammo, xavf-xatarga nisbatan reaksiyasining kuchliligi seziladi. Biroq, uyasini juda kam hollarda tashlab ketadi. Shuni aytish joizki, bu qush uyasi va uya hududini dushmanlaridan qattiq himoya qiladi.

Mayna yil davomida 2-3 marta tuxum qo‘yadi. Odatda uyasiga qo‘yilgan tuxumlarning soni 4-5ta bo‘lib, har bir juft qush o‘rtacha 3-4ta poloponini voyaga yetkazadi. Uya qurishda, tuxum bosishda, polaponlarini oziqlantirishda modasi va nari barobar ishtirok etadi.

Mayna ozuqa topish bobida hech ham qiynalmaydi. Boshqacha qilib aytganda, ozuqasining tarkibi rang-barang, turli madaniy o‘simliklar donlari, mevalari, umurt­qasizlardan ko‘proq hasharotlar, oziq-ovqat mahsulotlari qoldiqlari bilan oziqlanadi. Ratsionining mavsumiy o‘zgarib turishi tabiiy hisoblanadi.

Endi respublikamiz qushlar faunasiga kelib qo‘shilgan ikkinchi yangi tur hisoblangan qumri to‘g‘risida qisqacha ma’lumot bersak. Qumri 1970-80 yillarda respublika hududida keng tarqaldi. O‘tgan asrning 80-yillari boshlaridayoq qumrining soni bir muncha ortgani kuzatilgan. Bu g‘urrak 30 yil ichida O‘zbekiston va chegaradosh hududlarning barcha aholi punkt­larida eng odatiy qush bo‘lib qoldi. Qumrining sonining o‘sishi, ayrim kaptarsimonlarga nisbatan gavdasini kattaligi tufayli sport ovi ob’yekti darajasigacha ko‘tarildi. Boshqa kaptarsimonlar kabi donlar bilan oziqlanadi. Shuning uchun ham don mahsulotlari saqlanadigan omborxonalarda, elevator yaqinida bunday qushlar ko‘plab to‘planadi.

Shunday qilib faunamiz tarkibiga qo‘shilgan yuqori ekologik moslanuvchanlik darajasiga ega mayna va qumri hozirgi kunda mahalliy turlari bilan uyalash hududlarini, ozuqa manbaini egallashda, tunash joylarini band qilishda kuchli raqobatlarni yuzaga keltirib chiqarmoqda.

Elmurod SHERNAZAROV,

biologiya fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: