Jismoniy tarbiya va sport yanada ommalashadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida 20 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda sohaga doir kamchiliklar muhokama etilib, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar belgilandi.

Bugun O‘zbekiston tom ma’noda sporti rivojlanayotgan, sportni ruh va dil tantanasiga aylantirgan odamlar mamlakatiga aylangan. Yurtimiz atletlari jahonning nufuzli musobaqalarida yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz salohiyatini butun dunyoga namoyon qilmoqda.

Ammo, bugun jismoniy tarbiya va sportni aholi o‘rtasida ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda qator tizimli muammo va kamchiliklar borligi mamlakatning mavjud sport salohiyatidan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda. Davlatimiz rahbari sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullantirish ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, darsdan tashqari vaqtlarda ta’lim muassasalaridagi sport ob’yektlaridan barcha yosh toifasidagi odamlarning foydalanishi tashkil etilmaganiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shunga muvofiq, vazirlik oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri – bu aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etishdir.

Bunda asosiy e’tiborni qisqa muddatlarda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish bo‘yicha hududlarda namunaviy modellarni ishlab chiqib, tajriba sinovidan o‘tkazishga qaratish maqsadga muvofiq. Hozirda soha mutaxassislari aholini jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanish, sog‘lom turmush kechirishga jalb etish, shu orqali kasalliklarning oldini olish, odamlarning umrini uzaytirish Milliy konsepsiyasi ustida ish boshladi.

Shuningdek, ta’lim muassasalari va shifoxonalarda jismoniy tarbiyani targ‘ib qilish orqali kasalliklarning oldini olish profilaktikasi haqida tushunchalar berib borish yo‘lga qo‘yiladi. Bundan tashqari aholining yoshiga qarab, umumiy jismoniy tayyorgarligini belgilovchi sport me’yorlarini o‘z ichiga olgan “Alpomish” va “Barchinoy” testlarining musobaqa tarzida doimiy ravishda o‘tkazilishini tashkil qilish va ularni rag‘batlantirish uchun I, II va III darajali ko‘krak nishonlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Shu o‘rinda aytish kerakki, yoshlarni sportga keng jalb etishda murabbiylarning o‘rni katta. Ayrim sport turlarining respublikamiz bo‘yicha ommalashmagani yoki xalqaro musobaqalarda ba’zi sport turlari bo‘yicha kam sonli atletlar bilan ishtirok etishimizning sabablaridan biri – mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha murabbiylar tanqisligidir. Bugungi kunda malakali murabbiylar tayyorlash bo‘yicha ish olib borilmoqda. murabbiylar tayyorlash bo‘yicha jahonning ilg‘or tajribalarini o‘rganib, yurtimizda yaxshi rivojlanmagan sport turlari bo‘yicha murabbiylar tayyorlash maqsadida xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Yana o‘qing:  Oltin kuz hadyasi

Respublikamiz hududlarini o‘rganish natijasida ba’zi sport ob’yektlarida qurilish-ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida yakunlanmagani, qolaversa, inventarlar bilan ta’minlash bo‘yicha jiddiy muammolar borligiga guvoh bo‘ldik. Joriy yilda Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 56 sport ob’yektini qurib, foydalanishga topshirish, bu maqsadlarga 362 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan edi. Lekin joriy yilning 10 sentyabr holatiga ko‘ra, atigi 113 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Sirdaryo, Navoiy, Toshkent viloyatlari va poytaxtimizda qurilish ishlari orqada qolmoqda. Mazkur hududlarda ob’yektlarning qurilish va ta’mirlash ishlari kechikishi sabablari o‘rganilmoqda. Tizimdagi bu kabi mavjud kamchiliklarning oldini olish maqsadida tez orada Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasining 2020–2025 yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturi ishlab chiqiladi.

Respublika bo‘yicha sport muassasalarida 11 ming 573 nafar sport murabbiyi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni damda yana 1142 nafar murabbiyga ehtiyoj bor.

Iqtidorli sportchilarni tanlab olishda Respublika oliy sport mahorati maktablari ish faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni kuchaytirish maqsadida Respublika oliy sport mahorati maktablari namunaviy shtatlariga sport menejeri va sport turlari bo‘yicha seleksioner lavozimlari kiritildi.

Bir so‘z bilan aytganda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularni yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqaro maydonlarda ona Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir atletlarning iste’dodini yuzaga chiqarish va xalqimiz kutayotgan natijalarni qo‘lga kiritish uchun barcha ishlarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

 

Shavkat XO‘JAQULOV,

O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot kotibi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: