HAYOTBAXSH HADYa

Umid Raimov Toshkent Davlat Yuridik universiteti talabasi. Oliygohning faol va iqtidorli yoshlaridan. Kamtarin va kamsuqum yigit. U o‘zga bir inson hayotini saqlab qolishga sabab bo‘ldi…

Shifoxonaga og‘ir holatda keltirilgan bemorga zudlik bilan qon kerakligi haqida uning ota-onasiga ma’lum qilishadi. Bu turdagi qonni topish mushkul bo‘lganligi uchun ham tibbiyot xodimlari qiyin vaziyatga tushib qolgan edi. Bunday vaqtda ota-ona, tabiiyki, qay eshikka bosh suqishni bilmaydi. Shu vaqt “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bu borada ularga yordam ko‘rsatishini bilgach, fondga murojaat qilishadi. Nihoyat qidiruvlar natijasida bemorga kerak bo‘lgan donor qonini topishga muvaffaq bo‘lishadi. Ushbu donor qon sohibi esa biz yuqorida tilga olgan Umidjon edi.

Haqiqatdan ham donor – bu oddiy inson, ishchi yoki tadbirkor, talaba yoki ziyoli bo‘lishi mumkin. Qaysiki, o‘ziga notanish inson hayotini saqlab qolish uchun jon kuydiradigan insondir.

– Qon topshirish jarayonida xayolimga faqatgina bemor insonning men tufayli shifo topishini o‘yladim. Bu esa insonda o‘ziga bo‘lgan yaxshi fazilatlarning uyg‘onishiga turtki bo‘lar ekan. Nazarimda xoh u talaba bo‘lsin xoh u oddiy inson bo‘lsin agar sog‘lom va baquvvat bo‘lsa donor bo‘lishga xohish bildirishi kerak. Axir inson hayotidanda aziz ne’mat yo‘q dunyoda. Mana shu bebaho boylikni siz birovlarga hadya etsangiz bundanda katta baxt bo‘lmasa kerak, nazarimda.

Darhaqiqat, qalbi toza va samimiy inson doimo yaxshilik qilishga intiladi. Umidjon ham mana shunday xayrli ishni amalga oshirgan zabardast yigitlardan. U bemorni asrab qolish uchun hech ikkilanmay 0, 5 litr qonini donor sifatida topshirdi. Mana buni haqiqiy jasorat deyish mumkin. Shunday emasmi?

Donor bo‘lishga ahd qilgan inson ma’suliyatni o‘z bo‘yniga oladi. Kechagina u faqat o‘z sog‘lig‘ini o‘ylagan bo‘lsa, endilikda boshqalar salomatligiga ham befarq emas. Donor ko‘plab insonlarga umid va salomatlik ulashadi. Shu sababli ham bugungi kunda og‘ir vaziyatlarda donor topish bo‘yicha respublikamizda salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti yordamchi tashkilotlar hamda fuqarolarning ko‘ngilli sifatida beg‘araz donorlik xizmatini yo‘lga qo‘ygan.

– Mamlakatimizda beg‘araz donorlik va uni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yillar davomida «Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq qon xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, keng jamoatchilik orasida beg‘araz donorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator dasturlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Binobarin, mehnat jamoalari, oliy o‘quv yurtlarida qon va qon mahsulotlarining qanday xastaliklarda qo‘llanilishi, donorlikning organizm uchun foydali jihatlari, o‘z navbatida donorning salomatligiga doir ma’lumotlar berilmoqda, – deydi Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish instituti shifokori, gematolog Gulnoza Qayumova.

Yana o‘qing:  SAMARALI TIBBIY XIZMAT: ELGA HIMMAT

Bundan tashqari donorlik harakatini respublika miqyosida rivojlantirish, qon va uning tarkibiy qismlarini muntazam ravishda va beg‘araz qon topshiruvchi fuqarolarni rag‘batlantirish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni ta’sis etilgan bo‘lib, bu ham donorlik harakatida ijobiy turtki bo‘lib xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, qon – bu hayot! Agar inson organizmida bu hayotbaxsh suyuqlik yetarli bo‘lmasa, qanday holat ro‘y berishi barchamizga ma’lum. Donorlikni o‘z hayotining mazmuniga aylantirgan kishi esa chinakam ma’noda saxovatlidir.

Qon topshirishning ahamiyati

Donorlar 18 dan 60 yoshgacha bo‘lgan sog‘lom insonlar bo‘lib, ular Respublika qon markazida to‘rt bosqichli tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, shifokor tavsiyasiga binoan, donorlik qilishi mumkin. Sog‘lom kishi uchun qon topshirish, albatta, xavfsiz hisoblanadi. Chunki, odam organizmida o‘rta vaznlilarda 4, 5, 5 litr qon bo‘lib, undan 200 yoki 400 ml. olinadi va organizm 36 soat ichida topshirilgan qon miqdorini tiklab olish xususiyatiga ega. Asosiysi arterial gipertoniya xastaligining oldini olish va bartaraf etish, moddalar almashinuvini yaxshilash, shuningdek, immun tizimini mustahkamlashda qon topshirishning ahamiyati beqiyosdir.

Tibbiyot nuqtai nazaridan qaraganda, qon bu a’zolarga ozuqa va kislorod yetkazib beruvchi suyuqlik. Bu shunday murakkab tuzilganki, hozir ilm-fan rivojlangan davr bo‘lsa-da, uning o‘rnini to‘liq bosadigan mahsulot yaratilmagan. Demak, insonning qonga bo‘lgan ehtiyojini qondiradigan yagona manba bu ularning o‘zi, ya’ni donorlar qonidir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan birinchi bo‘lib qon guruhlarini aniqlagan olim Karl Landshteynerning tug‘ilgan kuni – 14 iyun jahonda donorlik kuni deb e’lon qilingan. «Donor» so‘zining ma’nosi ham saxovatni, himmatni ifodalab, «hadya etaman» degan ma’noni bildiradi. Donor qon topshirar ekan, faqat birovning hayotini saqlab qolmaydi, aksincha u o‘zining sog‘lig‘ini ham o‘ylagan bo‘ladi. Bugungi kunda iqlim va ekologik muhitning o‘zgarishi natijasida yurak qon-tomirlari kasalliklari ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu kasallikda vaqti-vaqti bilan qon oldirish g‘oyat muhim hisoblanadi. Sog‘lom organizm uchun qon topshirish hech qanday zarar yetkazmaydi. Aksincha qon topshirish qon harakatini yengillashtiradi, to‘qimalarga ozuqa va kislorod yetib borishi osonlashadi, yurak faoliyati yaxshilanadi. Topshirilgan qon o‘rni ikki kecha-kunduzda to‘liq to‘ladi va qon yangilanadi.

Yana o‘qing:  Ta’til zavqi

DONOR VA UNING HUQUQLARI

– Tibbiy tahlil natijalarining sir tutilishi kafolatlanadi.

– Tibbiy tahlillar bepul o‘tkaziladi (umumiy qon tahlili, jigar ko‘rsatgichlari, qon guruxini va rezus omilini aniqlash, OIV/OITS, B va C gepatit, brutsellyoz, zahm kasalligini aniqlaydigan RW ko‘rsatgichi).

– Qon quyish markazida yuqori toifali shifokorlar ko‘rigi va ikki kunlik ish haqi saqlangan holda dam olishi uchun qon topshirganligi haqida ma’lumotnoma beriladi (qon topshirgan kuni va donor xohlagan boshqa bir kun).

QON TOPSHIRISH QANDAY KEChADI?

Qon topshirish jarayoni Qon topshirish markazlari va Hududiy Qon yig‘ish bo‘limlarida bir necha bosqichda amalga oshiriladi.

I bosqich – tibbiy so‘rovnomani to‘ldirish.

Qon topshirish hududiga kelgan har bir donorga so‘rovnoma berilib, uni to‘ldirish so‘raladi. Bu so‘rovnomadagi savollar donor va bemor havfsizligini ta’minlovchi muhim bo‘lgan tushunchalarni o‘z ichiga oladi:

– Sog‘lig‘ingiz holati, isitma, gripp, so‘ngi qabul qilingan dorilar, yurak xastaliklari, surunkali kasalliklar, jarrohlik muolajalari va boshqalar;

– Hayotingizda yuz bergan va sog‘lig‘ingiz uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan voqealar: sayohat, giyohvand moddalar iste’mol qilish va boshqalar;

II bosqich – anketa ochish va suhbat.

Bu bosqichda barcha ma’lumotlar ro‘yxatga tushirilib, anketa saqlanadi. Aynan o‘sha paytda donorga maxsus raqam beriladi va bu raqam qon qopchasi yuzasida qo‘yiladi. Keyinchalik ushbu raqam idishdagi qon sizga tegishli ekanligini aniqlashga imkon beradi. So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng har bir donor shifokor bilan suhbatdan o‘tadi. Bu suhbat donorning qon topshirishi o‘zining va u qonni qabul qiluvchi bemorning sog‘lig‘iga xavf tug‘dirmasligiga ishonch hosil qilish imkonini beradi. Shifokor bilan donor o‘rtasida suhbat shaxsiy tibbiy sir sifatida saqlanadi.

III bosqich – qon olish.

450 ml. qonni olish uchun 12 daqiqa vaqt kerak bo‘ladi. Hamda shu vaqt ichida probirkada test va tekshirish uchun o‘z miqdordagi qon ham olinadi. Olingan qon orqali donorning qon guruhi va qonda bo‘lishi mumkin bo‘lgan yuqumli kasalliklar – OITS, B, C Gepatit zahm aniqlanadi.

IV bosqich – dam olish va ovqatlanish.

Qon topshirganingizdan keyin siz bir necha daqiqa davomida hamshira kuzatuvi ostida bo‘lasiz. Jo‘nab ketishdan oldin markaz tomonidan sizga nonushta beriladi.

Yana o‘qing:  Fond faoliyatidan

Donor jo‘nab ketgandan so‘ng, olingan qon maxsus joyda saqlanadi. Tekshirish va test amalga oshiriladi. Agar tekshirish jarayonida qandaydir salbiy natijalar chiqsa, donor qisqa muddat ichida qon olishi muolajasini amalga oshirgan shifokor tomonidan markaziga chaqiriladi.

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: