G‘alabalar unutilmas xotiralarga aylanadi

G‘alabalar unutilmas xotiralarga aylanadi deydi Osiyo o‘yinlari, Osiyo chempionati va IV Islom birdamlik

o‘yinlari g‘olibasi Anastasiya SERDYUKOVA.

Istiqlol bergan eng aziz ne’mat bu – tinch va osuda hayotimizdir. Ana shu xotirjamlik tufayli bugun barcha jabhalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqdamiz. Yurtimiz shon-shuhratini jahonga keng yoyishda esa sportning alohida o‘rni bor.

Bugun o‘zbek badiiy gimnastikasi jahonda o‘z mavqeiga ega. Mustaqillik yillari bu jozibali sport turining rivoji yo‘lida amalga oshirilgan qator ijobiy ishlar o‘z samarasini berib, termamiz mintaqada yetakchilikni o‘z qo‘liga oldi. Jahonda esa eng sara atletlar safida e’tirof etilmoqda. Nufuzli xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida gilamga chiqib kelayotgan yosh gimnastikachi qizlarni ko‘rganimizda qalbimizda faxr-u iftixor tuyg‘ulari jo‘sh uradi. Quvonarlisi, ular orasida qator yirik turnirlar g‘olibi Anastasiya Serdyukova ham bor. Aytish kerakki, uning yil davomida erishgan yutuqlari yurtimiz badiiy gimnastika ixlosmandlarini behad quvontirdi.

Bu yil yigirma yoshni qarshilayotgan Anastasiya uch yoshidan boshlab murabbiy Sevara Karimova qo‘l ostida badiiy gimnastika sir-asrorlarini o‘rganib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida u qator xalqaro musobqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Qahramonimiz 2011 yil mamlakatimiz mezbonlik qilgan “Happy Caravan” xalqaro turnirida sovrindorlar qatoridan joy olganidan so‘ng mutaxassislar bu umidli gimnastikachining iqtidoriga ilk bor e’tibor qaratishgan edi. Uch yildan so‘ng, u Incheonda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida yakkalik hisobda kumush, jamoaviy bahslarda esa oltin medalni qo‘lga kiritib, Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida jahonning eng sara atletlari qatorida o‘z iqtidorini namoyish etdi. Anastasiya Serdyukovaning mehribon va jonkuyar murabbiyi Sevara Karimova Olimpiya o‘yinlaridan keyin shogirdi bilan navbatdagi musobaqalarga shijoat va g‘ayrat bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda:

Anastasiya yil boshidagi bir necha turnirlardan keyin yurtimizda o‘tkazilgan jahon bosqichi musobaqalarida bronza medalga sazovor bo‘ldi. Shundan keyin Islom birdamlik o‘yinlari ham biz uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Shogirdim bulava bilan oltin, xalqa va to‘p bilan ijro qilingan dasturda ikkita kumush, jamoaviy hisobda esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shundan keyin Ispaniyadagi jahon kubogida ham ikkita kumush medalni o‘z jamg‘armasiga qo‘shib qo‘ydi. Qolaversa, Astanadagi Osiyo chempionati ham mavsumning eng nufuzli startlaridan biri bo‘ldi. Unda shogirdim 3 ta oltin, jamoaviy hisobda esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Bilasizmi, Nastyaning muvaffaqiyatlaridan ustoz sifatida nihoyatda xursand bo‘laman. Chunki, u o‘zbek badiiy gimnastikasi tarixida birinchi marta Osiyo chempionatida ko‘pkurashda oltin medalga sazovor bo‘ldi.

U mustaqillik davrida tug‘ilib, voyaga yetgan qiz. Yurtimizda sportga bo‘layotgan katta e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar tufayli shogirdim bugungi kunda ana shunday natijalarga erishdi. Buning zamirida, albatta, bildirilayotgan ishonch, e’tiborni oqlash hissi bor. O‘zim mashq qilayotgan paytlarda bugungidagi sharoitlar haqida hatto, orzu ham qilmaganmiz. Hozirgi avlod esa eng zamonaviy, jahon standartlariga javob beradigan anjomlarda mashq qilishmoqda. Ular boshqacha sharoitni xayollariga ham keltira olishmaydi.

Yosh atletlarimiz uchun yaratilgan imkoniyatlar tufayli xalqaro musobaqalardagi natijalarimiz yildan-yilga yaxshilanib bormoqda.

Bolalikdan sport mashg‘ulotlariga kelgan har bir qizaloq kun kelib, albatta, chempion bo‘lishni orzu qiladi. Musobaqalarda sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘lar ekan sabr-toqatli, irodali, maqsad sari intiluvchan bo‘lishga o‘rganadi. Har qanday vaziyatda ham muxlislar ishonchini oqlash, yurt sharafini munosib himoya qilish hissi uni katta marralar sari undaydi. Osiyo o‘yinlari, Osiyo chempionati, IV Islom birdamlik o‘yinlari g‘olibasi sifatida Anastasiya Serdyukova ham bugun O‘zbekistonimizning iqtidorli yoshlari safida e’tirof etilmoqda:

Yana o‘qing:  Uzoq vaqt ishlash – sog‘liq uchun zararli

– Musobaqalarda chiqish qilayotganda muxlislar olqishlar bilan kutib olib, qarsaklar bilan kuzatib qo‘yishi yoddan chiqmas xotiralarga aylanadi. Ularning “Nastya, barakalla!”, “Nastya, sen uddalaysan!” deya qo‘llab-quvvatlashi menga ruhiy dalda bo‘ladi. O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangraganidagi hissiyotlarimni esa so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Bundan keyin ham o‘z ustimda yanada ishlab, yuksak marralarni zabt etishga harakat qilaman.

Anastasiyaga oldindagi musobaqalarda omad va zafarlar tilaymiz.

Yulduz ORTIQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: