Farzandlarga Navoiyni qanday o‘rgatish zarur?

Joriy yilda buyuk shoirimiz Alisher Navoiy tavalludiga 577 yil to‘ladi. Bu sana respublikamizda katta tantanalar bilan nishonlanmoqda. Shoir ijodining u yoki bu qirralari, uning asarlaridagi ilmiy jamoatchilikka notanish bo‘lgan ayrim jihatlar borasida turkum maqolalar, tadqiqotu qator kitoblar chop etilmoqda. Navoiy ijodini chet elga tanitish, buyuk shoir badiiyati sirlarini jahon miqyosida o‘rganish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda. Umuman, shoir ijodini, o‘zbek adabiyotini dunyoga olib chiqish uchun nimalar qilinishi zarur? Filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov bilan qilgan suhbatimizda ayni shu masalalar haqida fikr yuritiladi.

 

Ko‘pchilikka yaxshi ma’lumki, siz bir necha yillardan beri Navoiy ijodi bilan shug‘ullanib kelasiz. Ayniqsa, xorijda Navoiyni o‘rganish borasida qilinayotgan ishlardan yaxshi xabardorsiz. Bugun xorijdagi o‘quvchi va mutaxassislar orasida buyuk shoir ijodini o‘rganish va uni aholi orasida keng targ‘ib qilish jarayoni qanday kechmoqda?

 

– Xorijda navoiyshunoslik, qodiriyshunoslik degan alohida sohalar yo‘q. Navoiy ijodi o‘zbek adabiyotini tadqiq qilish doirasida o‘rganiladi. Xorijda shoir ijodi haqida ko‘p ishlar qilingan. Xususan, Yevropa, Amerika va Sharq davlatlarida, xususan, Turkiyada bir qancha izlanishlar olib borilganki, sovet tuzumi davri va uning siyosati ta’sirida mazkur tadqiqotlar haqidagi ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan. Men bir necha yillar davomida ularning bir qisminigina ko‘rish imkoniga ega bo‘ldim. Navoiy ijodi bilan shug‘ullanganim uchun ularga juda qiziqaman, ammo yillar davomidagi izlanishlarim natijasida ham mazkur tadqiqotlarning hammasini bildim va ko‘rib chiqa oldim, deya olmayman. Birinchidan, shoir ijodini o‘rganish bo‘yicha bibliografiyalar eski va ularga xorijdagi Navoiy ijodi bo‘yicha yozilgan tadqiqotlarning juda kam qismi kiritilgan. Ikkinchidan, chet elda kutubxonalar juda ko‘p va ular dunyoning turli mintaqalarida joylashgan, birgina kutubxonaning o‘zidan izlagan manbangizni topish ancha muammo tug‘diradi. Butun dunyo adabiyotlarini o‘zida jamlagan kutubxona esa jahonda yo‘q hisobi. Mazkur dargohlardan izlagan narsangizni birini topsangiz, ikkinchisini topolmaysiz. Yana olimlarimiz uchun til to‘sig‘i ham bor. Bizda Yevropa tillarini mukammal o‘rganish esa asosan mustaqillikdan keyin rivojlandi. Ko‘pgina navoiyshunos olimlarimiz Yevropa tillarini bilmaganlari uchun u yerlarda qanday yangi manbalar nashr qilinayotganini bilishga u qadar intilishmagan.

Aslini olganda Navoiyni jiddiy o‘rganish jarayoni Yevropada XIX asrdan boshlangan. Bugungi kunda bu jarayon sur’ati yanada tezlashgan. Masalan, 2003 yili Germaniyada “Alisher Navoiy” nomli to‘plamdan Navoiy ijodi, uning shaxsiyati va Temuriylar muhiti bo‘yicha nemis va ingliz tillarida yozilgan maqolalar, Barbara Kellner Xenkel, Yurgen Paul, Klaus Shonig, Erika Tauvbe, Klaudya Romer, Mark Kirshner, Zigrid Klaynmixel va Yoaxim Girlishs kabi germaniyalik olimlarning tadqiqotlari o‘rin olgan. Mazkur tadqiqotlarda Navoiyning o‘z davri madaniy muhitidagi muhim o‘rni ko‘rsatilgan. Xorijlik mutaxassislar Navoiy ijodini u yashagan muhit, xususan, Husayn Boyqaro davri muhiti bilan bog‘lab o‘rganishadi. Bu davrga ular Sharq Uyg‘onishi davri sifatida qarab, adabiyot, tarix, san’at, me’morchilik sohalarining rivojlanishini Navoiy faoliyati bilan bog‘liqlikda ko‘rishadi. Shoirning hunarmandchilik, arxitektura yodgorliklari, o‘sha davrda amalga oshirilgan turli obodonlashtirish ishlariga qo‘shgan hissasini, ayniqsa, yuqori baholashadi. Ular Navoiyni taraqqiyparvar, ma’rifatparvar, saxovatpesha inson sifatida yaxshi bilishadi. Ularga qiyoslaganimizda, bizdagi navoiyshunoslik shoir asarlari matni tahliliga ko‘proq ahamiyat berishi bilan ulardan ajralib turadi, deyish mumkin.

Yana o‘qing:  Yaxshi niyat – yarim davlat, qolgan yarim davlat – farzandimiz

Navoiy ijodi bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan olimalardan biri kanadalik Mariya Sabtelnidir. U 1979 yilda Garvard universitetida “Husayn Boyqaro saroyidagi adabiy muhit va uning siyosiy xususiyati” degan mavzuda doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. Keyinchalik olima Navoiy ijodi bo‘yicha bir qancha maqolalar yozgan. Mana shu maqolalar va Temuriylar davridagi adabiyot va san’atga doir barcha materiallarini to‘plab, 2007 yili Niderlandiyada “Temuriylar o‘tish davrida” degan kitob chiqargan.

Nemis olimasi Zigrid Klaynmixel Navoiyning turk adabiyotiga ta’siri haqida qisqa, ammo chuqur maqola yozgan. Navoiy ijodiyotining aynan qaysi nuqtalari usmonli turk she’riyatiga ta’sir etganligini asosli yoritgan. Shu turdagi tadqiqotlar orqali Navoiyni dunyoga tanitish o‘rinli bo‘ladi. Turkiyalik adabiyotshunos Yusuf Chetintog‘ning “Alisher Navoiyning usmonli turk she’riyatiga ta’siri” nomli 2006 yilda chop etilgan turkcha kitobi o‘zbek tiliga ham tarjima qilindi. Mazkur kitobda Navoiy g‘azallariga turk shoirlari taqlid qilib yozgan g‘azallar haqida so‘z ketadi.

 

Demak, siz o‘zbek adabiyotini Navoiy ijodi bo‘yicha yozilgan zalvorli ishlarimiz orqali ham dunyoga tanitishimiz mumkin, demoqchisiz?

 

– Ha, albatta, shu o‘rinda bir narsani ta’kidlashni xohlardim. XXI asrda dunyoning ko‘pgina davlatlari bozor iqtisodiyoti sharoitida yashamoqda. Bozor iqtisodiyotining asosiy talablaridan biri bu dunyo bozoriga chiqish. O‘zbekiston ham o‘z mahsulotlari bilan dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Bizdagi adabiyotga bag‘ishlangan internet saytlaridan birida bir professorning fikrlarini o‘qib, taajjubga tushdim. U o‘zbek adabiyotshunosligida katta ishlar qilinyapti va dunyo tanishi kerak bo‘lgan ko‘p olimlarimiz bor, ular yozgan ishlar g‘arb tillariga o‘girilganida edi, ularni dunyo tanigan bo‘lardi, debdi. Sodda qilib aytganda, olimning, bizdagi ishlarni bilmaganliklari, tarjima qilmaganlari uchun xorijlik olimlar aybdordek. Yo‘q, menimcha, ayb ularda emas, ko‘proq ayb bizning o‘zimizda. Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamma o‘zi uchun o‘zi kurashadi. Masalan, men o‘zbek adabiyoti bo‘yicha mutaxassisman, biror xorijiy, jumladan, Yevropa tillarida o‘qib tushunganim, gapira olganim bilan u tilda ravon yoza olmayman. Yozganlarimga o‘zim tarjimon topib, uni tarjima qildirib, keyin xorijda nashr qildiraman. Shu usulda Navoiy ijodi va o‘zbek mumtoz adabiyoti masalalari bo‘yicha qator maqolalarimni g‘arbda nashr ettirdim. Hozir olimlarimiz uchun hamma imkoniyatlar bor, kimning qo‘lidan nima kelsa, marhamat, dunyoga chiqishga intilsin. Bu bizga mustaqillik bergan imkoniyat. Shunday harakatlarning ma’lum bir natijasi, albatta bo‘ladi. “Adabiyotimizni hech kim tarjima qilmayapti”, deb gina qilib o‘tiraverish, aybni birovga to‘nkash bilan adabiyotshunosligimiz hech qanday foyda topmaydi. Ayni holatni navoiyshunoslikka nisbatan ham aytish mumkin. Zabardast navoiyshunoslarimiz o‘z tadqiqotlarini g‘arb tillariga tarjima qildirib, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan adabiy-ilmiy jurnallarga yuborsinlar. Bizning adabiyotshunoslikni ham dunyo tanisin.

Yana o‘qing:  Murabboli shirin non

 

Aftondil aka, biz Navoiy ijodini tahlil qilish, uni o‘quvchilarga yetkazishda odatiy, bundan yigirma-o‘ttiz yil oldin ishlab chiqilgan qoidalarga ko‘nikib qolganmiz. Ya’ni, shoirning bir g‘azal yoki ruboiysini olamiz-da, uni tahlil qilish, bizga tushunarsiz so‘zlarning lug‘atini berish bilan cheklanamiz. Navoiy ijodini o‘quvchilarga yaqinlashtirishning yangicha yo‘llarini izlab topish, zamonaviy texnologiyalar yordamida uni hayotga tadbiq etish vaqti kelmadimikin?

 

– Bu jarayonga ancha oldin kirishish kerak edi. To‘g‘ri, ta’lim sohasida ma’lum bir yangi izlanishlarga erishilayotganini e’tirof etish kerak. Ammo Navoiyni anglash masalasi hali ham murakkabligicha qolmoqda. Besh asr avvalgi til va g‘oyalarni texnologik taraqqiyot asrida yashayotgan bugungi kun kishisiga yetkazish oson emas. Hozirgi ko‘pgina darsliklarda shoir ijodidan ma’lum bir parcha beriladi-da, so‘ng sahifaning yarmida murakkab so‘zlarning lug‘ati keltiriladi. Buni o‘quvchini matnga yaqinlashtirish uchun intilish sifatida qabul qilish mumkin. Ammo butun dunyodagi jadal texnologik taraqqiyot zamoni hamma xalqlarni o‘z mumtoz adabiyotlaridan biroz bo‘lsa ham uzoqlashtirmoqda. Hozirgi vaqtda yangi informatsiya shu qadar ko‘p va uni qo‘lga kiritish ham ancha osonlashgan. Mana shunday murakkab sharoitda biz balki bolani matnga emas, matnni bolaga yaqinlashtirganimiz ma’qul. Hozir qo‘lidagi telefoni, internet orqali dunyoni kuzatayotgan bola Navoiyni o‘rganish uchun kitobida keltirilgan parchaga oid matnga, so‘ng uning ostidagi izohiga qarab o‘tirmaydi. U tezlikda internetga murojaat qiladi. Shuning uchun shoir ijodini soddalashtirib, uni bolalar tushunadigan shaklga solib, so‘ng shu matnni mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida necha mutaxassislik tili bo‘lsa, o‘sha tillarga tarjima qilib, internet saytlariga joylashtirish, shoir hayoti bo‘yicha olingan filmlar, qo‘yilgan spektakllarni, yana uning asarlarini original, nasriy bayonlari, 10 jildlik ruscha tarjimalari, qolaversa, navoiyshunoslikka oid manbalarni erinmasdan internetga kiritishimiz kerak. Internet kitob o‘rnini bosa olmasa ham u Navoiyni, mumtoz adabiyotimizni o‘quvchiga yetkazishda samarali vositalardan biri bo‘lishi kerak.

Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tish joiz. Yaqinda “Boburnoma” zamonaviy o‘zbek tiliga o‘girilib, nashr qilindi. Bu juda ham e’tirofga loyiq ish. Chunki “Boburnoma”ning asl matni mavjud edi, endi zamonaviy o‘zbek tilidagisi ham yaratildi. Asar o‘quvchiga ancha yaqinlashtirildi. Vaholanki, “Boburnoma” tili va Bobur she’riyati boshqa o‘tmish shoirlari tiliga nisbatan ancha tushunarli. Mana shunday holatda ham “Boburnoma”ni shunday usulda o‘quvchiga yaqinlashtirishga erishildi. Xuddi shunday tarzda Navoiyning barcha asarlarini hozirgi o‘zbek tiliga nasriy bayon qilib chiqib, nashr qilish kerak. Bu o‘rinda Navoiy asarlarining asl matni ham, nasriy bayonlari ham kerak.

Yaqinda bir rusiyzabon kitobxon menga Navoiy she’rlarining ruscha tarjimalarini internetdan qidirganini, ammo juda kam she’r topa olganini aytib qoldi. Demak, hatto rusiyzabon o‘quvchilar orasida Navoiy ijodiga qiziquvchilar kam emas ekan, ularning ehtiyojlarini qondirish uchun harakat qilish lozim.

Xuddi shu gapni ingliz va Yevropaning boshqa tillariga nisbatan ham aytish mumkin. O‘quvchi o‘ziga kerakli narsani ular ichidan tanlab oladi. Axir, Navoiy asarlarining rus, ingliz va boshqa tillarga o‘girilgan nashrlari yo‘q emas-ku. Nega ularni internetga joylashtirmaymiz? Asosiy maqsadimiz bu buyuk siymolar ijodini o‘quvchilarga yaqinlashtirish-ku!

Yana o‘qing:  Xavfsizlikni ta’minlovchi qulf

Bundan ancha oldin Oxunjon Safarovning “Bolalarning o‘z Navoiysi bo‘lsin” degan bir maqolasi chiqqan edi. Olimning fikricha, shoir dostonlarining nasriy bayonlarini bolalarga tushuntirib beradigan shaklda tayyorlash kerak. To‘g‘ri, bu ishlar ma’lum ma’noda amalga oshirildi. Ammo bugungi avlod kechagi voqealar bilan hisoblashib o‘tirmaydi. Uning qo‘liga muttasil yangi va zamonaviy material berib borish kerak. Bolaga Navoiyni bolaga xos tarzda tushuntira olishimiz kerak.

Mutaxassislar yetishmasligini ro‘kach qilish ham yaxshi emas. Bizda chet tillarni mukammal egallayotgan iste’dodli yosh avlod shakllanyapti. Ular o‘z o‘rnida badiiy ijod bilan ham shug‘ullanishadi. Navoiy yoki Bobur g‘azallaridan tili osonrog‘ini tanlab, ularga tajriba uchun bo‘lsa ham tarjima qildirish, ayni shu tarjimani tahlil qilish uchun boshqalarga berish lozim. Navoiy va boshqa klassiklarimiz asarlarini tarjima qilish bo‘yicha ijodiy musobaqalar o‘tkazilishi kerak. Menimcha, shu yo‘l bilan asta-sekin yaxshi natijalarga erishish mumkin.

 

Alimurod TOJIYEV suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: