Ezgu ish hayotga ishtiyoq beradi

O‘zbek qizlari, ayollari haqida gap ketganda, ularga qo‘li gul chevar, pazanda deya ta’rif beriladi. Bizning qahramonimiz esa bolaligidanoq dardmand insonlarga shifo ulashishni maqsad qilgan. bugun esa ana shu ezgu niyati amalga oshib, tibbiyot sohasida samarali mehnat qilayotgan fidoyi shifokorlardan. Beg‘ubor, serg‘ayrat, har bir harakatidan hayotga, insonlarga bo‘lgan mehri, yashashga ishtiyoqi sezilib turadi.

5 yoshimda otamdan yetim qolgach, onam va buvim qo‘lida voyaga yetdim, – deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Jo‘raxon Azimova. – Men ulardan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Otamdan erta ayrilgach, tibbiyot sohasini chuqur o‘rganib, kelajakda yetuk shifokor bo‘lishni maqsad qildim. O‘qishga mehr qo‘ydim. Maktabni tamomlagach, orzularim meni Andijon davlat tibbiyot instituti sari yetakladi. Oliygohni tugatgach, ish faoliyatimni 1962 yilda qishloq shifoxonasida bosh shifokor lavozimida boshladim.

Jo‘raxon Azimova 1963–1970 yillar Pop tumanida akusher-ginekolog bo‘lib faoliyat olib bordi. 1970–1972 yillar esa Moskvada Akusherlik va ginekologiya ilmiy tadqiqot institutida klinik ordinator bo‘lib ishladi. Keyinchalik shu institutda aspiranturada tahsil oldi. Akademik Aleksandr Strejakov ilmiy rahbarligi ostida “Ayollarning jinsiy a’zolarida uchraydigan endometroz kasalliklarini davolash va ularning oldini olish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. So‘ngra Toshkent tibbiyot oliygohiga ishga yuborildi.

Jo‘raxon Azimova institutning “Akusherlik va ginekologiya” kafedrasida faoliyat olib borish bilan birga, ustozi, professor Yulduz Jabborova tavsiyasi bilan doktorlik ishiga qo‘l uradi va 1996 yilda “Kamqon ayollarda chilla davrining kechishi va uning asoratlarining oldini olish” mavzuida doktorlik ishini yoqlab, professorlik ilmiy darajasini oldi.

Keyinchalik ustoz-shifokor O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan sohani rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan Respublika akusherlik va ginekologiya ilmiy-tekshirish institutining Namangan viloyat filialida 2000–2003 yillar mobaynida rahbar lavozimida faoliyat olib bordi. J. Azimova viloyatdagi uch yillik mehnati davomida onalik va bolalikni muhofaza etish borasida ko‘plab ishlarni amalga oshirdi va bir qator shogirdlar tayyorladi.

Ginekologiya sohasi istiqbolda yangi diagnostika va davolash usullarini o‘zlashtirishni taqozo etadi, – deydi J. Azimova. – Zamonaviy texnikalar bilan sirlashish esa har bir yosh mutaxassisdan yuksak malakani talab etadi. Bunda eski avlod vakillari o‘z tajribalaridan kelib chiqib, yosh kadrlarga tirgak bo‘lishlari lozim.

Qahramonimiz hozirda nafaqa yoshida bo‘lsada, Toshkent tibbiyot akademiyasining akusherlik-ginekologiya klinikasida konsultant vazifasida samarali mehnat qilib kelmoqda.

Yana o‘qing:  O‘pka kasalliklari revmatoid artrit bilan bog‘liq

Ulug‘ donishmandlar inson o‘z umrini ezgu ishlarga bag‘ishlamog‘i, uni kamolot sari intilmog‘i zarurligini ta’kidlagan. Hayotini tibbiyot sohasiga bag‘ishlagan Jo‘raxon Azimovaga bu borada har qancha havas qilsak arziydi.

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: