EL KO‘NGLINI ShOD ETIB SAODAT TOPAYOTGANLAR

Poytaxtimizdagi Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh shifokorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Taqdirlanganlar orasida Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 4-shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori Dildoraxon Ahmadjonovaning ham borligi shifokorning yaqinlariga bir olam quvonch ulashdi.

“Onalik va bolalikni muhofazalash borasida eng faol tibbiyot xodimi” degan e’tirofga sazovor bo‘lgan tajribali shifokor – Dildora opa yoshligida ushbu kasbni tanlaganida unga otasi Yodgor aka, onasi Muxayyoxon opa xayrixoh bo‘lishdi. Qiziga ko‘makchi, maslahatgo‘y bo‘lib, uning har bir qarorini qo‘llab-quvvatlashdi. Hayot, hamisha bir tekis bo‘lmaydi. Uning o‘ziga xos qiyinchiliklari, sinovlari bor. Eng muhimi bunda ruhiyatni baland tutib, maqsad sari odimlashdir.

Tibbiyot oliygohini tamomlagan Dildora Ahmadjonova ilk faoliyatini oilaviy poliklinikada boshladi. 2000 yildan Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 4-shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishini davom ettirdi. Dastlabki faoliyatini qabul bo‘limidan boshlagan shifokor o‘z ustida ishlab tajriba orttirdi, malakasini oshirdi. 2007 yildan klinikaning 2-diareya bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlab kelmoqda. Bo‘lim 30 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ayni kunda 26 nafarga yaqin bemor bolalar davolanishyapti. – Tajribam ortishida bevosita ustozlarimning o‘rni katta, – deydi D. Ahmadjonova.

Maktuba Inoyatova, Adiba O‘ljayeva, Osuda Abdullayeva, Mahmuda Tohirova kabi malakali shifokorlardan Dildoraxonning o‘rgangani oz emas. Ehtimol uning kasbiga fidoyiligi, mehnatsevarligi, o‘ziga va atrofdagi xodimlariga yaxshi ma’noda talabchanligi ham aynan ustozlaridan olgan andozasidir.

– Aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, yanada sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olishni ta’minlash maqsadida shifoxonamiz 2008 yilda to‘liq rekonstruksiya qilindi. Zamonaviy, jahon talablari darajasidagi tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi, – deydi Dildora opa. – Tibbiyotda bola parvarishining o‘ziga xos tomonlari bor. Bola onasi bilan birga bo‘lsa uning to‘liq tuzalib ketishi yanada osonlashadi. Ona va bolaning birgalikda bepul davolanishi tajriba almashish ilinjida yurgan shvetsiyalik kasbdoshim Jimni ochig‘i taajjublantirdi ham. Zero, rivojlangan davlatlar qatorida bo‘lgan Shvetsiya davlatida ham onalarning shifoxonada farzandi bilan birga bo‘lishi qo‘shimcha to‘lovlarga sabab bo‘lar ekan. Bu esa yurtimizda inson manfaati va qadr-qimmati nechog‘lik ulug‘ ekanligidan darak beradi.

Tajribali shifokor kun tartibini qat’iy belgilab oladi. Uning nazdida har bir belgilangan ishga ulgurish uchun rejaga qat’iy amal qilish lozim. Ish kunini eng avvalo bo‘limida davolanayotgan bolalardan xabar olishdan boshlaydi. Ularni bir-bir ko‘zdan kechirib, o‘tgan tunda bola o‘zini qanday his etgani haqida onalardan, navbatchi hamshiralardan so‘raydi. Maslahatlar beradi, kerak bo‘lsa kichkintoylar bilan bolalarcha gaplashib, hazil-huzul qilib oladi ham. Hali qabulga kelgan bemorlarni ko‘zdan kechiradi, hali shifoxonada yo‘lga qo‘yilgan radiouzel orqali belgilangan kasallik, uning davo choralari haqida radio eshittirish tayyorlaydi. Bolalarda uchraydigan yuqumli kasalliklar bo‘yicha radio, televideniyeda chiqishlar qiladi. Ammo shifokor ayol har qanday vaziyatda yanada tajriba orttirish maqsadida tibbiy mavzuda chop etilayotgan yangi adabiyotlarni mutolaa qilishga, sohada amalga oshirilgan yangiliklar, kashfiyotlardan boxabar bo‘lish uchun internetga murojaat qilishga hamisha vaqt topa biladi. – Shifokor o‘qib o‘rganishi, tajribasini oshirib borishi lozim. Zero, bu tezkor asrda shifokor bir kun tibbiyotdagi yangiliklardan bexabar qolar ekan, uning tajribasi yillarga ortga surilib ketadi, – deydi Dildora Ahmadjonova.

Yana o‘qing:  Farzand ila tugal erur baxtimiz

Kuni kecha shifoxonaga tashrif buyurganimizda bundan bir necha kun avval bo‘limga o‘tkir shegillyoz xastaligi bilan keltirilgan qizaloq Rayyona Tursunboyeva butkul sog‘ayib oilasi bag‘riga qaytayotganiga guvoh bo‘ldik. Shifo istab kelgan bolalarning oyoqqa turishiga yordam beragan shifokor ayol – Dildora Ahmadjonovaning yuzu ko‘zidan mamnuniyat yaqqol aks etib turardi. Demak, u bir go‘dakning dardiga malham, joniga oro bo‘la oldi. Shifokor uchun bundanda ortiq mukofot, baxtliroq va yoqimliroq lahzalar bo‘ladimi?!

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: