Ekran qarshisidagi “telebolalar”

Tadbir boshlandi. Hamma xursand. Yil bo‘yi ustozlardan saboq olgan yoshlar o‘z iste’dodini namoyon etishga intilmoqda. Ota-onalar, o‘quvchilar qalbida hayajon.

Biroq, yonginamdagi atlas ko‘ylak kiygan 3-4 nafar qiz allaqanday serialning muhokamasi bilan band. Biri zamonaviy kiyingan qizni serialdagi Malakga o‘xshatsa, yana biri kiprigi uzun tengdoshini Hayotga qiyoslaydi. Shu payt ular orasidan qo‘ng‘iroq sochli, chamasi 13-14 yoshli qiz dugonalari bilan shoshib xayrlashdi-da, qayoqqadir yugurib ketdi. Faqat, u aytgan so‘zlar qulog‘im ostida ancha payt jaranglab turdi: “Bugun uni ko‘rmasam bo‘lmas!”…

Qizlarning “qiqir-qiqir” kulishlaridan ayon bo‘ldi-ki, bu o‘sha zangori ekranlarda namoyish etilayotgan serialga atalgan “iliq” so‘zlar edi.

Afsuski, bugun ko‘pgina o‘quvchi qizlarning kuni milliy telekanallarimizda namoyish etilayotgan chet el seriallari muhokamasi bilan boshlanadi. Biri filmning o‘tgan sonini gapirib tugatmasidan, boshqasi kelgusi sonlari haqida bashorat qiladi. Yana biri internetdan olgan qiziq ma’lumotlarini tengdosh dugonalari bilan bo‘lishadi. Bu ham yetmaganidek, yangi serial boshlanishi bilan o‘zbek qizlari orasida turli soch turmagi, zamonaviy kiyinish uslublari urfga kiradi. Hatto, o‘g‘il bolalar ham badiiy jihatdan saviyasi past bo‘lgan film qahramonlarining yangi qiyofa, soch turmagidan andoza olish, o‘sha qahramonlarga taqlid qilishdan uyalmaydi. Chetdan kuzatsangiz, ularning qaysi kinoni sevib tomosha qilishini anglash qiyin emas.

Achinarlisi, tuni bilan serial tomosha qilib, tong ottirgan o‘quvchilar ertalab darsga keladi-yu, partadan boshini ko‘tarmaydi. O‘qituvchi esa aytmoqchi bo‘lgan gaplarini shunchaki devorga gapiradi. Tabiiyki, bu holatdan ustozlar qattiq ranjiydi.

Shu o‘rinda aybni faqat telekanallarga ag‘darish fikridan yiroqmiz. Boisi, har bir ko‘rsatuv, kinofilm efirga uzatilishi oldidan televizor ekranining bir chetida “+…” ko‘rinishida tomoshabinlar uchun yosh toifasi ko‘rsatib o‘tiladi. Ammo bunga ko‘pchilik ahamiyat bermaydi.

Sevimli yozuvchimiz Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Peshonasiga televizor yopishgan bola” asarida “telebola” haqida hikoya qilinadi. Kitobdagi ko‘zini yumib, qaysi telekanalda qanday ko‘rsatuv bo‘lishini biladigan bolakayning sarguzashtlari yaqin orada farzandlarimizni hayratlantirmasligi turgan gap. Chunki bugun o‘zbek farzandlari orasida bunday “zukko”lar juda ko‘plab topiladi.

Bugun ayrim yoshlar asosiy vaqtini chet el seriallari va kinofilmlarni tomosha qilib o‘tkazmoqda. Ular uchun kitob o‘qish zerikarli, teatrda yuragi siqiladi, muzeyga borishni mutlaqo istamaydi, – deydi psixolog Zebiniso Ahmedova. – Bunday bolalarni quruq nasihat bilan tarbiyalab bo‘lmaydi. Ularni ko‘proq qiziqarli mashg‘ulotlarga jalb qilish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish zarur. O‘shanda ularning seriallarga vaqti qolmaydi.

Tahririyatdan: Aziz yoshlar, ushbu mavzu yuzasidan sizda qanday taklif va mulohazalar bor? Bizga bu haqida albatta yozib yuboring.

 

Yana o‘qing:  Orzular qay tomon yetaklar

Mardona ZOKIROVA,

Respublika yosh ijodkorlar kengashi a’zosi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: