Daryolar va irmoqlar

Yurtimiz kundan kun chiroy ochib bormoqda. Tinchlik hukmron, har yon obod, dasturxon to‘kin, el xotirjam.

Ravon yo‘lda yelib borayotgan ulovning ochiq oynalaridan kirayotgan shamol bahri dilingni ochadi. Yo‘l uzoq, beixtiyor adoqsiz xayollar girdobiga g‘arq bo‘lasan. Yoningda hamrohlaring yaxshi bo‘lsa, yo‘l azobi bilinmaydi.

Ba’zan ko‘zimni ochib atrofimdagilarga nazar tashlab qo‘yaman. Old o‘rindiqda o‘tirgan nuroniy otaxon ko‘cha-atrofni tomosha qilib ketyapti. Qolgan yo‘lovchilar ko‘z yumib, mizg‘igan. Haydovchi onda-sonda otaxonga gap tashlab qo‘yadi. Bobo ham ko‘ksiga tushib turgan soqolini silab qisqa mulohaza qiladi-yu, yana atrofga boqadi. O‘qtin-o‘qtin boshini saraklaydi, xayolga cho‘madi. Bu holat menga g‘alati tuyuldi. Kechinmalarini koshkiydi, bilsam. Ammo zimdan kuzata boshladim, yana takrorlandi. Chol atrofga olazarak termulib, boshini sarak-sarak qimirlatdi. Otaxon boqib turgan manzara – yo‘l bo‘yidagi muhtasham kasb-hunar kolleji binosi edi. Keyin bilsam, bobo hayratdan mamnun boshini qimirlatayotgan ekan. Nihoyat o‘zi ham so‘zga chog‘landi:

– Hammayoq o‘zgarib ketibdi. Toshkentga uzoq yillar avval o‘rtanchamning o‘qishi bilan keluvdim. Bir avtobus odam sarsonu sargardonlikda yetib olganmiz. Motori qizib ketadi, to‘xtaydi, suv uradi. Ko‘p azob chekkanmiz, o‘shanda. Shu-shu uzoq yo‘lni desa, yuragim shoshadi, – lablarini tamshab-tamshab so‘zida davom etadi otaxon. – Ana endi yo‘lni qarang, moshinani qarang, yo qudratingdan… zuv boradi, zuv keladi.

Otaxonning gap xaltasi ochilganidan haydovchi ham mamnun jilmayib, har gap so‘nggida «hm» deb qo‘yadi. Albatta-da, yaxshi suhbatdosh haydovchining sergakligini oshiradi.

– Yo‘lni bir-bir kuzatib kelayapman, hammayoqda qurilish, har qadamda chiroyli binolar… ana-ana qarang uylardi, – otaxonning ko‘zi yo‘l bo‘yida qad rostlagan namunali uy-joylarga tushib hayrati oshadi. – Butun qishloqlarni shaharga aylantirayapti. Kollejlarni aytmaysizmi, bay-bay-bay… Bizdan keyingi qishloqda shunaqa bir kollej qurildi. Kenja ulimning qizi bu yil maktabni tugatib, shu kollejga topshirishi kerak edi. Kampirim zor qaqshaydi, o‘qimaydi, deb. Nima emish, joyi chiqsa, birovga kelin qilib berarmish. O‘g‘lim ham enasining gapini juft qilib, oyoq tirab olgan. Faqatgina kelinim menga mo‘ltirab qarab turibdi. «U qiz hali norasida bo‘lsa, oq-qorani tanimasa, qanday uzatamiz…», deydi kelinim. Darvoza qoqib baraka topkur o‘qituvchilaram kelib turibdi. Hammasining gapini cho‘rt kesdim-da, ko‘zidan yoshi oqib turgan nevaramning qo‘lidan yetakladim, xat-hujjatlarini qo‘ltig‘imga qistirib kollejga bordim. Yo qudratingdan, koshona… To‘g‘risi. Ko‘zimdan yosh otilib chiqdi. Bizning qishloqlarimizda ham shunday imoratlar qurilayapti, deb. Yoshlarning chehrasini ko‘rib, quvonasan. Ularni ko‘rib bukchaygan qaddimni ko‘tarib oldim, – hazilomuz gapidan miyig‘ida kuladi otaxon, – menam o‘zimni navqiron yigitlarday his qilib ketdim-da… Kollejni aylanib chiqdim. Katta-katta xonalar, zallar, kompiterlarmi-ya, ajabtovur narsalar aqlim shoshib ketdi, yana qaytadan yosharib qolsaydim, deb o‘yladim. Uyga borib kampir bilan aytishdik, koyidim. Prezidentga, hukumatga rahmat, dedim. Shunday katta imoratlarni qurib, yoshlar o‘qisin, sen bilan bizga o‘xshab ko‘r bo‘lib yurmasin, deyapti dedim. To‘g‘ri-da, o‘qib bizga osmondagi oyni obermaydi, kim biladi, erta biz bormi, yo‘qmi, bilimi bolalarining tarbiyasida asqotadi, hech qursa…

Yana o‘qing:  Jilg‘alarga yo‘l ochgan ustoz

«Eh», deb tizzasiga urib qo‘ydi. Orada biroz jimlik cho‘kdi. Otaxonning kuyunchak gaplarini eshitib o‘ylanib qoldim. Ko‘pni ko‘rgan bobo, anglagani, tushungani uchun rahmat.

Bugun yoshi ulug‘lardan bir gapni ko‘p eshitamiz: «Qani yana bola bo‘lib qolsang…», «Navqiron yoshligim qaytib kelsaydi…». Bu o‘tgan umrdan pushaymonlik emas, havas. Albatta, bu yoshlarga samimiy tanbeh ham.

Qishloqqa borsam, bo‘yi yetgan yigitlarni suhbatga solaman. Kollejda o‘qishlar qanday? Biror hunarni o‘rganayapsanmi? Ularning javobi qoniqarsiz… Ba’zilari «xo‘jako‘rsin» uchun o‘qishga qatnaydi. Orzulari osmon bilan bo‘ylashadigan, tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshdagi yigit keyingi hayotining rejasini tuzolmayotganiga achinasiz. Balki bu ota-onalarning ham biroz loqaydligidandir.

Ayolimning tunov kungi dasturxon atrofidagi suhbati yodimga tushdi:

«Qo‘shnimiz Nazarboy aka xotinining qistoviga ko‘nib, binoyidek kollejga qatnab yurgan o‘g‘lini yo‘ldan qaytarib, singlisi yuritib turgan do‘konga savdoga qarashsin, deb yuboribdi. Nima emish, oq-qorani tanirmish, bir so‘mni bir so‘mga urib, pul topishni, ro‘zg‘or boqishni o‘rganarmish. Bola ancha o‘zgarib qoluvdi, gap so‘zlari, yurish-turishi… qulog‘idan shapaloqdek telefon tushmaydi. Uni ko‘rib yanganing aytganlari rost ekan-da, degandim. Keyin oraga vaj tushibdi. Do‘kondan pullar, buyumlar yo‘qoladigan bo‘libdi. Bir kun do‘konni hisob-kitob qilsa, yaxshigina kamomad chiqibdi. Kim biladi Nazarboy akaning o‘g‘li qilganmi, boshqasimi, shundan ko‘rayotganmish. Opa-singillaru bojalar o‘rtasida dilxiralik bo‘libdi. Yanga kecha rosa ko‘z yoshi qildi. Nazarboy akayam yangani bo‘ralab so‘kibdi, sen yo‘ldan urding deb».

Ba’zan yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatolmay, ota-onalarning o‘zi yo‘ldan adashayapti. Keyin esa, farzandining qiliq-qilmishidan norozi ohangda aytilgan «bu odam bo‘lmadi, bilmadim kimga tortgan», degan suhbatlarning ham guvohi bo‘lamiz…

…Haydovchining tuyqus gapidan xayollarim tarqab ketdi:

– Bova, Toshkentda farzandingiz yashaydimi? – Suhbatni jonlantirish uchun savol tashladi.

– Ha, o‘rtancha o‘g‘limning kattasi – nevaram, qachon qishloqqa kelsa, mendan gina qiladi, mehmon bo‘lib bormaysiz, deb. Keyin o‘zimam, qariganimda, poytaxtni bir ko‘rib kelay, deb otlandim. Kampirim qurg‘ur, ko‘p kelib ketadi. Chevaraga qaraydi, hoziram o‘sha yoqda. Qaddimiz mayshayib bir Toshkanni kezamizda, chol-kampir. Televizordan ko‘rganman, obodlik, obodonchilik… xudoga shukur… shu kunlarga yetkazganiga shukur…, – do‘ppisini yechib boshini silab qo‘ydi. – Hammasi tinchlikdan. Yurt tinch bo‘lsa, mamlakat obod bo‘ladi, elning ko‘ngili, turmushi obod bo‘ladi. Bunga har bir odam hissa qo‘shishi kerak. Kim shu yurt, shu el deb mehnat qilsa, dasturxoni to‘kin, vaqti chog‘ bo‘ladi… Boya aytgan kollejlaram o‘z mevasini beradi-da, – otaxonning yodiga yana bir voqea keldi, chog‘i o‘rindiqqa yaxshilab joylashib so‘zida davom etdi. – Nevaramni olib borgan kollejdan bir yigit chet elda, qaysidir davlatda jahon chempioni bo‘lib keldi. Otasiyam, enasiyam oddiy odamlar. Shu kollejdan birinchi kichik musobaqalarga qatnashib yuruvdi, kurash tushaykan. O‘zimizda har yili katta sport bayramlari bo‘ladiku, har xil viloyatlarda…

Yana o‘qing:  Ona-yurt manzaralari

– «Barkamol avlod» sport musobaqalari, gap qo‘shib qo‘ydim, orqa o‘rindiqdan.

– Shunday bo‘lsa, kerak, qarichilik bolam, kallamda turmaydi, – otaxon mamnun qarab qo‘ydi, – shunda g‘olib bo‘lgan ekan. Hozir katta sportchi bo‘lib ketibdi. Yoshlarga e’tibor, imkoniyat shu-da! Kim aytuvdi bir qishloq bolasi chempion bo‘ladi, deb…

Haydovchi ham olis yo‘lda horibdimi, shaharga yaqin kelganidan quvonib, toliqqan yelkalarini kerib «Ey-y, rahma-a-at», dedi balandroq ovozda, – mana poytaxtga ham kirib keldik. Lekin uning rahmati hamroh bo‘lganimiz uchun barchamizga edimi, boboning mazmunli suhbatlari uchunmidi, anglolmadim…

Sherzodbek

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: