Buvimning oshyoni

Har gal ularni yodga olsam dimog'imga rayhon, jambil hidlari uriladi. Erta ko'klamdan kuzgacha supa sahnidagi turfa gullarga tinimsiz ishlov berishlari ko'z o'ngimda muhrlanib qolgan. Yozi bilan rayhon, jambil, shavil va boshqa ko'katlarni quritib alohida-alohida xaltachalarda asrar edilar. Xonadonda hech bir ovqat ko'katsiz yeyilmas edi. Qachon borsam buvimni ish ustida ko'rardim. Loysuvoq tomda shaftoli, pomidor qoqi yorayotgan, ko'ylagini lippa qilib o'choqni somonsuvoq qilayotgan yoki tikish tikayotgan bo'lar edi. Hech bir qiyqimni isrof qilmasdi. Quyosh tikkaga kelganida ham paxta yoki jun yoyib savalardi. Buvimga ajratilgan kichkina, ammo juda shinam xonaga biz nevara-chevaralar sig'averar edik. Qay birimiz kelsak ham ular taxmondan ko'rpacha olib to'shar, oldimizga hovuch-hovuch jiyda, mayiz, popukli qand sochar, turli cho'pchak, qiziqarli xotiralardan so'zlashni kanda qilmasdi.

Qishda uyiga bosh suqsak pomidor qoqini yuvib, kokildek to'g'ralgan piyozga aralashtirib, «achchiq-chuchik» qo'yar, turshak, olcha qoqidan sharbat qaynatib bizga ichirar edi. Ular quritgan qovun qoqining mazasi hali-hanuz tilimda qolgan.

Buvimning qomati engashib qolgan bo'lsa-da serharakatlik ularni aslo tark etmasdi. Yuz yoshli buvimning sog'lom yuzlariga havas bilan qarar edik. Suvi qochgan obi nonni sho'rvaga bo'ktirib yeyishni yaxshi ko'rardi. Ko'zim ancha xira tortdiyov,– derdilar-da, akam kelsalar mashinang bilan katta yo'ldan uch marta o'tding-u, kirmading-a deya yozg'irar edilar. Akam bo'lsa, gunoh qilgan odamdek, buvijon kech bo'lishini kutdim-da, mana keldim-ku, deya qutilardi. Ko'zim xira degan odam, qo'shnim Robiya bugun yana ohorlik kiyinipti, bilagiga so'mka ilib, bozorga yo'l opti, derdi.

Buvim dazmol ishlatishdan qo'rqar, ammo yuvilgan ko'ylaklarini o'rin tagiga tekis taxlab uxlardi. Hech qachon ularning chakkasidan rayhon arimagan. Gulzorida begona o't, idish-tavoqlarida chirk ko'rmaganmiz. Buvijonim 103 yoshda olamdan o'tgan bo'lsa-da, barchamiz uchun ibratli inson bo'lib qolgan.

Ayni vaqtda ularning o'sha mo'jaz xovlisida tog'avachchalarim yashaydi. Haligacha buvimning buyumlarini ko'z qorachig'idek asrashadi. Bizga qadrdon o'sha shinam xonada o'tirib, buvimni eslab, vaqt qanday o'tganini sezmay qolamiz. Hamisha oqko'ngil, oqila va mehribon buvijonimga o'xshashga intilamiz.

Muhayyo TO'LAGANOVA

Яна ўқинг:  Orzularim ro`yobi

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: