Boshlang‘ich ta’limda interfaol usullar

Bugungi zamon farzandi ulkan axborotlashgan muhitda ulg‘aymoqda. Ularning aksariyati ko‘p vaqtini kompyuter va televizor qarshisida o‘tkazib, o‘z tengdoshlari bilan juda kam muloqotda bo‘lishadi.

Ular smartfonlardan foydalanish, elektron o‘yinlar o‘ynashni biladi. Biroq sinfdoshlari bilan tezda chiqishib keta olishmaydi.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yosh bilan bog‘liq o‘ziga xos xususiyatlari ham bor: diqqatni jamlay olmaslik, qarashlar xilma-xilligi, o‘ta harakatchanlik va turli o‘yinlarga intilish, bilim olishda turfa xillikni istash. Shu sabab dars davomida bolalar e’tiborini ma’lum bir mavzuda ushlab turish murakkablik tug‘diradi. Bu esa o‘qituvchidan faol va qiziqarli dars berish uslubini talab qiladi.

So‘nggi yillarda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida, jumladan, chet tillarni o‘rganish tizimida olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, tizimga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan turli seminarlar, videokonferensiyalar tashkil etilyapti. Bunday tadbirlarda boshlang‘ich ta’lim jarayoniga yangi avlod darslik majmualari va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, chet tili va boshqa tillarni o‘qitishning innovatsion texnologiyalari kabi dolzarb mavzular muhokama qilinayotir. Bu esa o‘z navbatida, o‘qituvchilarning ijodkorligi va kasbiy mahoratlarini takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun bir qancha nomdagi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va ularning multimediali ilovalari yangidan yaratilib, ta’lim jarayoniga taqdim etildi. Mazkur qo‘llanmalardagi multimedia ishlanmalari biz o‘qituvchilarga o‘qitishning o‘yinli shakllari va media texnologiyalardan foydalanish imkonini bermoqda. Qo‘llanmalardan bolalarga mavzuni tushuntirish va takrorlash jarayonida keng foydalanilyapti. Ushbu jarayon o‘quvchilarning ta’lim olish sifat va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

O‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va multimediali ilovalarning elektron shakli vazirlikning internet portaliga joylashtirilganligi, undan foydalanish imkoniyatlarini yanada qulaylashtirdi. Nafaqat o‘qituvchilar, balki ota-onalar ham ushbu qo‘llanma va ilovalarni ko‘chirib olib, farzandlarining topshiriqlarni bajarish chog‘ida ko‘maklashishi, bilimini mustahkamlashda foydalanishi mumkin.

Darslikning multimediali ilovasida videolavhalar berilgan bo‘lib, o‘quvchilarning mavzuga bo‘lgan qiziqishini oshiradi va tez tushunib olishiga imkon beradi. Dars davomida o‘quvchilar charchab qolmasligi va zerikmasligi uchun musiqali dam olish daqiqalari ham tashkil etilgan. O‘qish darslari uchun taqdim etilgan bunday o‘yin va boshqotirmalar bolalarning mantiqiy fikrlash qobiliyati va hozirjavobligini rivojlantiradi.

Yana o‘qing:  Dzyudochilarimiz umumjamoa hisobida birinchi bo‘lishdi

Boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta ta’limning asosiy bo‘g‘ini. O‘quvchilarning kelgusidagi muvaffaqiyati, ularning har tomonlama kamol topishi, ko‘p jihatdan boshlang‘ich ta’limning sifatiga bog‘liq. Dars jarayonida yangi uslublar, o‘qitishning interfaol usullari joriy qilinayotgani, yurtimizda ma’nan va jismonan barkamol avlodni voyaga yetkazishga xizmat qiladi.

 

Shahnoza ESHONQULOVA,

Samarqand shahridagi 14-umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: