Bekatdagi o‘spirin

Kunlarning birida ishdan qaytayotib, avtobus bekatidagi o‘rindiqqa kelib o‘tirdim. Yonimda bir o‘cpirin bola ham o‘tirardi. Birozdan so‘ng haligi o‘smir qo‘limdagi qog‘ozlarga qarab, undagi yozuvlarni o‘qidi shekilli, biroz o‘ylanib turib:

– Assalomu alaykum, kechirasiz opa, siz psixologmisiz? – deya ma’yus ovozda so‘rab qoldi.

– Va alaykum assalom, ha psixologman, deb javob berdim. Keyin u tortinibgina shunday dedi.

– Sizdan bir narsa so‘rasam maylimi?

– Albatta, qulog‘im sizda, – deb uni sinchiklab kuzata boshladim. O‘spirin batartib, orasta kiyingan edi. Biroq, uning yuziga qayg‘u soya solgani ko‘rinib turardi. U yerga qarab, asta so‘z boshladi.

– Har qanday odamga ham yordam bera olasizmi? – so‘radi u yana.

– Avval sizni tinglab ko‘raychi, – dedim uni tinchlantirishga urinib. O‘spirin uzoq sukutdan so‘ng gap boshladi.

– Yaqinda akam… olamdan o‘tdi, – dedi qaltiroq ovozda.

– Judolik juda og‘ir, tushunaman, – dedim mahzun bo‘lib. Shunda birdan yigitcha ko‘ziga yosh oldi:

– Akam o‘z joniga qasd qildi.

– Qanday qilib? Nima uchun? – so‘radim undan.

– U yaxshi inson edi. Nega unday qildi, bilmayman, – dedi suhbatdoshim.

– Bunday vaqtda katta sabr-toqat kerak. Kuchli bo‘ling, – deya unga dalda berdim.

– Kelajakda harbiy bo‘lmoqchi edim. Endi esa…, – deb gapidan to‘xtab qoldi u. Shu payt bekatga bir ayol 2-3 yoshdagi bolasi bilan keldi. O‘spirin ular tomon bir qarab qo‘ydida, o‘rnidan turib joy berdi. Yigitcha ayol yonida suhbatni davom ettirishni xohlamadi shekilli, jimib qoldi. Biroz vaqt o‘tgach, bekatga avtobus kelib to‘xtadi. Haligi ayol bolasini yetaklagancha shoshib avtobusga chiqib ketdi. Kichik suhbatdoshim yana o‘z o‘rniga o‘tirib, so‘zida davom etdi.

– Endi men nima qilay? Men tanlagan kasbimga bu mudhish voqea yomon ta’sir ko‘rsatyapti, – dedi tashvishlanib. Nazarimda u ham suyukli akasini yo‘qotganidan, ham bu vaziyat uning kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan qattiq sarosimada qolgandi.

– Akangiz haqida batafsilroq gapirib bering. Bu fojea qanday sodir bo‘lgan edi? – dedim.

– Men o‘shanda uyda emasdim, yaqinlarim telefonda shumxabarni aytishdi. Nazarimda akam yomon odamlarga qo‘shilib qolib, qimorda katta pul yutqazib qo‘ygan. Buni hatto, uydagilardan ham yashirgan. Chunki, bundan hech birimizning xabarimiz yo‘q edi. Keyin esa akam o‘zi uchun shu qaltis yo‘lni tanlagan.

Shu vaqt suhbatdoshimning qo‘l telefoni jiringlab qoldi.

– Uzr, opa. Bir daqiqa, – deya telefonini ko‘tardi. – Eshitaman, labbay oyijon. Hozir boryapman. Xo‘p oyijon, taksida boraman. – Notanish o‘spirin menga noiloj qaradi. – Tezda uyga yetib bormasam bo‘lmaydi, – dedi u.

– Oyingiz chaqiryaptimi? Tinchlikmi? – dedim xavotirim ortib.

– Ha, tinchlik. Dadamning mazasi yo‘q edi. “Tez yordam” mashinasini chaqirishibdi. Shunga zudlik bilan yetib bormasam bo‘lmaydi. Sizga katta rahmat, opa. Men esa unga ajablanib qaradim.

– Nima uchun? Men sizga hali yordam bermadim-ku?

– Meni sabr bilan tinglaganingiz uchun ham rahmat. Garchi, siz bilan oz fursat suhbatlashgan bo‘lsamda, ancha yengil tortdim, – dedi u.

Yigitcha shunday dedi-yu shoshgancha taksi to‘xtatib, manziliga ravona bo‘ldi. Men esa vijdon azobida qolgan edim. Chunki, suhbatdoshimga yordam berolmaganimdan afsuslanardim. Biz psixologlar o‘tish davrida bo‘lgan balog‘at yoshidagi yigit va qizlarga yordam ko‘rsatishni o‘zimizning nafaqat kasbiy, balki insoniy burchimiz deb ham hisoblaymiz. Ba’zan o‘sha voqeani yodga olarkanman, sirli suhbatdoshimning taqdiri nima kechdi ekan-a, deb o‘ylayman.

Yaqinda bir balog‘at yoshidagi qiz yonimga keldi. Bu qiz uyiga kelgan sovchilar katta opasining yomon yo‘lga kirib ketgani sabab undan aynib, ketib qolganini yig‘lab gapirib bergandi. Bu kabi voqealar, shunga o‘xshash muammolar ko‘pgina yoshlarning hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini o‘ylab, ularga qanday yordam berishni bilmay qolaman. Chunki, biz ularga bunday vaziyatda faqat ruhiy dalda bera olamiz, xolos. Biroq, ijtimoiy hayot bilan bog‘liq masalalarni yechishga, hal qilishga esa ojizmiz.

Faqat afsus bilan aytishim mumkinki, bizning har bir noto‘g‘ri bosgan qadamimiz nafaqat o‘zimizga, yaqinlarimizning ham hayotiga hattoki, keyingi avlodning kelajagiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi achinarli holdir. Shu sababli har bir inson chakki qadam bosish nafaqat o‘ziga, balki uning yaqinlariga ham jabr bo‘lishini unutmasligi kerak.

Psixolog Matluba TAGAYEVAning suhbatini Mayna HASANOVA yozib oldi.

Yana o‘qing:  Golfstrim qayerga g‘oyib bo‘ldi?

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: