Sayqal berilsa, somon ham “gullaydi”,

– deydi yosh hunarmand Sarvinoz Musulmonova

Miniatyura – nozik va mo‘jaz san’at asari. Uning nafis ishlanganligi, ko‘zni qamashtiruvchi naqshlar jozibasi kishi e’tiborini tortmasdan qolmaydi. U mushohada qilishni, fikrlashni taqozo etadi.

Zarbdor tumanidagi “Nurlikent” mahallasi xotin-qizlari orasida hunarmandlari talaygina. Ular uy-ro‘zg‘or yumushlaridan bo‘shagan vaqtlarida naqshlar aks etgan gilam to‘qish, badiiy kashtachilik hamda somon, arpa va bug‘doy poyalaridan miniatyura asarlari yaratish kabi milliy hunarmandchilik turlari bilan shug‘ullanib keladilar.

Sarvinozda ham bolalikdan somon, arpa va bug‘doy poyalaridan nafis miniatyura asarlari yaratishga bo‘lgan qiziqish ortib bordi. Bunda ustozi Anvar Nazarovning yo‘l-yo‘riq va maslahatlariga amal qildi. Aka-singil Akbarshoh va Baxtigullar unga xomashyo yetkazib berishda yaqindan ko‘maklashdilar.

Tinib-tinchimas hunarmand qiz Sarvinoz Musulmonova bundan ikki yil avval Zarbdor tuman iqtisodiyot kasb-hunar kollejida tahsil olarkan, o‘quv dargohi qoshida hunarmandchilik maktabi ochish tashabbusi bilan chiqdi. U ijtimoiy jihatdan kam ta’minlangan oila farzandlaridan iborat yigit-qizlarga bepul hunar o‘rgatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, bu yerda somon, arpa va bug‘doy poyalaridan turli miniatyura asarlari yaratish, kichkintoylarga atab har xil savatcha va shu kabi o‘yinchoqlar hamda uy-ro‘zg‘or jihozlari tayyorlash yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Shu-shu milliy hunarmandchilik sir-asrorlarini o‘rganuvchilar soni tobora ortib bordi.

O‘quv dargohida “Ustoz-shogird” maktabini yaxshi yo‘lga qo‘yishda ajratilgan xonalarni kengaytirib, ularni zarur ko‘rgazmalar bilan jihozlash va xomashyolar yetkazib berilishida birmuncha qiyinchiliklar yuzaga keldi. Shunda mehnat ta’limi o‘qituvchisi Zulxumor Qulmatova shogirdi Sarvinozning tashvishlariga sherik bo‘lib, og‘irini yengil qildi. Bora-bora xona sahni hunarmandchilik buyumlari bilan to‘lib, ushbu hunarga qiziquvchilar soni ortib bordi.

Ochiq ko‘ngil va serg‘ayrat qiz S. Musulmonova yangilik yaratish yo‘lida tinmay izlanib keladi. U o‘tgan o‘quv yilida Buyuk Ipak yo‘li, viloyat markazidagi “Xotira maydoni” va “Baxtiyor ona” haykalini yuksak mahorat bilan somon, arpa va bug‘doy poyalari yordamida muxlislar e’tiboriga havola etdi.

“Inson qadr-qimmati uning ishi bilan o‘lchanadi”, deydi xalqimiz. Tuman hunarmandlar uyushmasi a’zosi Sarvinoz Musulmonovaning ishbilarmonligi tufayli keyingi ikki yil mobaynida bu yerda 60 nafardan ziyod shogird tarbiyalandi. Shahlo Habibullaeva, Sarvinoz Ergasheva, Mahliyo G‘anieva kabi qo‘li gul, chevar hunarmandlar bilan birgalikda bir qator havas qilsa arzigulik miniatyura asarlari va kichkintoylar uchun turli o‘yinchoqlar yaratildi. Endilikda ular soni 160 tadan oshib ketdi. Hunarmand qizlar o‘zlari yaratgan miniatyura asarlari va o‘yinchoqlarning bir qismini “Nurlikent” mahallasi hamda shu hududda joylashgan 54-umumta’lim maktabi o‘quvchilariga sovg‘a qilishgan.

Яна ўқинг:  Ёнғоқ плантациялари – даромад манбаи

– Chiroyli buyum qalb qo‘ri bilan vujudga kelgan san’at asaridir, – deydi yosh hunarmand. – Men boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis bo‘lgach, umumta’lim maktablari o‘g‘il-qizlariga ta’lim-tarbiya berishdan tashqari ularga xalq hunarmandchiligini o‘rgatishni ham maqsad qilib qo‘yganman.

Tinib-tinchimas Sarvinoz Musulmonova mana besh yildirki, viloyat va respublikada o‘tkazilayotgan turli tanlov hamda ko‘rgazmalarda o‘zi tayyorlagan hunarmandchilik buyumlari bilan ishtirok etib kelmoqda. U “Ishbilarmon talaba – 2014” stipendiyasi uchun bo‘lgan ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etishga muyassar bo‘ldi. O‘sha yili avgust oyida “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichida qatnashib qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Sarvinoz “Tashabbus – 2015” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida ham ishtirok etib “Eng yosh hunarmand” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi va hunarmandchilik buyumlari bilan respublika bosqichiga ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritli.

Qisqasi, ishbilarmon qiz Sarvinoz Musulmonova tomonidan yaratilayotgan miniatyura asarlari, turli bolalar o‘yinchoqlari va uy jihozlari o‘ziga xos bo‘lib, viloyatimizda uning hunarini o‘rganaman degan yoshlar safi tobora ortib bormoqda.

Abdulla SAIDOV,

Jizzax viloyati

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: