Baxshi bobom bolasiman

Ijodkorligim tufayli ko‘p vaqtim odamlar davrasida o‘tadi. Nuroniy otaxon-u onaxonlar suhbatidan bahramand bo‘laman, duosini olaman. Ana shunday suhbatlarda sobiq tuzum davrida xalqimizning moddiy va nomoddiy merosi oyoqosti qilingani, toptalgani, xo‘rlangani haqida ko‘p eshitaman.

Jumladan, baxshichilik san’ati ham o‘shanda xuddi shunday ayanchli holga tushib qolgan. Buning jabrini ko‘rganlardan biri momomning otasi – Tog‘ay baxshi bo‘lgan. U el sevgan baxshichilik an’analarini davom ettirgani uchun turli ayblovlar bilan surgun qilingan.

Shukurki, mustaqillik tufayli qadim qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Sobiq tuzumning tarixiy obidalarni, xalq og‘zaki ijodi namunalarini yo‘q qilishga urinishidan asl maqsadi odamlarni o‘zligidan ayirish bo‘lganini anglab yetdik. Moddiy yodgorliklarimiz qayta chiroy ochdi, ma’naviy merosimizning asl jozibasi qaytdi. Ijodkorlar e’zozlanib, ularga ehtirom ko‘rsatilmoqda.

O‘sha Tog‘ay baxshining farzandi – Shomurod bobom bugun xalqimizning bebaho xazinalari bo‘lmish bir qator doston va termalarni maromiga yetkazib ijro etib, el-yurt olqishiga sazovor bo‘lmoqda. Qilgan mehnatlari davlatimiz tomonidan e’tirof etilib, “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” unvoniga sazovor bo‘ldi. Xalqaro YUNYeSKO tashkiloti Shomurod bobomning ijodi haqida maxsus film suratga oldi.

Men ham bobolarim izidan borib, ularning baxshichilik an’analarini davom ettirayapman. Xalqimizning “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Avazxon”, “Kuntug‘mish” kabi dostonlarini chuqur o‘rganib, ijro etayapman. Kamtarona mehnatim ortidan rag‘bat ko‘ryapman, olqishlarga sazovor bo‘lyapman. Jumladan, bir necha yil ilgari “Nihol” mukofoti uchun o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritgandim. So‘ngra “Yagonasan, muqaddas Vatan!” ko‘rik-tanlovining respublika bosichida 1-o‘rinni egalladim. 2013 yil Xorazmda o‘tkazilgan respublika baxshi-oqinlar tanlovida muvaffaqiyat qozondim. Bir necha bor “Yurt kelajagi” iqtidorli yoshlar tanlovida faol ishtirok etdim.

O‘zim endigina 21 yoshga to‘ldim. Hozirda tumandagi 15-bolalar musiqa va san’at maktabida baxshichilik sinfini tashkil qilganmiz. U yerda bolalarga Shomurod bobomning baxshichilik ijrochiligini chuqur o‘rgatishga harakat qilayapman.

Mustaqillik menga shunday imkoniyatlar berganidan qalbim cheksiz g‘ururga to‘ladi. Yurtimdagi tinchlik-osoyishtalikdan, dorilomon kunlardan ilhomlanib, jo‘shib kuylayman. Baxshichilikni e’zozlagani uchun 15 yil umrini qahratonda, surgunda o‘tkazgan Tog‘ay bobom haqqi, ana shu surgunni otasi bilan birga kechirgan va istiqlol tufayli ko‘kragiga oftob tekkan Shomurod bobom hurmati men albatta eng zo‘r baxshi bo‘laman. Dostonlarni kelajak avlodlarga bor jozibasi bilan yetkazishni o‘zimning burchim, deb bilaman. Zero, bu dostonlar xalqimiz tarixining bir bo‘lagidir.

Yana o‘qing:  Nurota – nurli manzillar makoni

 

Ahror XUSHVAQTOV,

Chiroqchi tumanidagi bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchisi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: