BARCHASI SEN UCHUN, VATAN!

Baxtdan lazzatlanish — buyuk saodat. Baxtni o‘zgalarga tuhfa etish esa undan ham buyukroq ezgulikdir, — degan edi faylasuf Bekon.

O‘z zafarli muvaffaqqiyatlaring bilan o‘zga dillarni xushnud etish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Buning uchun jasorat kerak.

Mamlakatimizda sport sohasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritib, tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti talabasi, shotokan karate-do bo‘yicha jahon chempioni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, xalqaro toifadagi sport ustasi Zumrad Tazetdinova ana shunday iste’dodli yoshlarimizdan.

Zumrad sportning ushu turi bilan shug‘ullana boshlaganida o‘n ikki yoshda edi. Insonning ruhiy kamolotida jismoniy tarbiyaning o‘rni katta ekanligini yaxshi tushunadigan ota-onasi Zumradning mashg‘ulotlarda faol qatnashishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berdi. Ushu sport turi bo‘yicha dastlab, shahar va respublika chempionatlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan Z.Tazetdinova 2000 yildan boshlab xalqaro turnirlarda ham o‘z omadini sinab ko‘ra boshladi.

2006 yilda sportning ushu turi bo‘yicha, 2007 yilda shotokan karate-do turi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, “Mashriq zamin malikasi — 2007” respublika ko‘rik-tanlovida “Eng nazokatli ishtirokchi” nominatsiyasi g‘olibasi bo‘ldi. 2007 yilda Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro turnirda 2-o‘rinni egalladi.

2008 yilning fevral oyida Hindistonda shotokan karate-do bo‘yicha o‘tkazilgan V xalqaro turnirda, shu yili mart oyida karate-do bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida 1-o‘rinni, may oyida Qozog‘iston WKF bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

2008 yilning avgust oyida Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan shotokan karete-do bo‘yicha VIII jahon chempionatida 1-o‘rinni, oktyabr oyida esa Buxarest shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada shotokan karate-do bo‘yicha 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu yili Sharq yakka kurashlari markazi jang san’ati bo‘yicha IV respublika festivalida “Yilning eng yaxshi ayol sportchisi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

2009 yili Z.Tazetdinova sportda va o‘qish sohasida qo‘lga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. O‘sha yili Yaponiyada karate bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan IX jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Yaqinda Las-Vegas (AQSH) shahrida karatening Chun kuk-do yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida ham Zumrad Tazetdinova Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Dunyoning o‘ttizdan ziyod mamlakatidan tajribali sportchilar qatnashgan nufuzli musobaqada ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi. Muzaffar sportchimiz sharafiga milliy bayrog‘imiz ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.

Yana o‘qing:  ONALIK VA BOLALIK MUHOFAZADA

— AQSHda o‘tgan jahon chempionatida erishgan ushbu g‘alabamni eng ulug‘, eng aziz bayramimiz — Vatanimiz mustaqilligining 21 yilligiga bag‘ishlayman, — deydi Zumrad Tazetdinova. — Sportchi uchun shohsupada turib o‘z Vatani bayrog‘ini ko‘zga surtishdan ulug‘ baxt yo‘q!

Ha, albatta! Har bir yosh sportchi ich-ichidan sevinib, o‘sha lahzalarni kutib yashaydi. Intiqlik bilan bor kuch-g‘ayratini ertangi kunga baxshida etayotgan bugungi mustaqil yurt farzandining orzulari ushalajak.

Navro‘z NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: