BAHONASI BORNING HALOVATI YO’Q

bu xastalikka chalinmang…

Ishga kelayotganimda ikki nafar bolakayning o‘zaro suhbatlashib ketayotganlarining guvohi bo‘ldim. Ulardan biri ikkinchisiga bugun maktabga bormaganlariga nima deb bahona topishni maslahat berib kelayapti. Ikkisining fikri bir joydan chiqishi to‘g‘risida kelishib olishdi va yo‘lda davom etdi. Ularning o‘zaro suhbati menga ham maktab davrlarimni eslatib yuborish bilan birga, bolalikdan boshlanadigan “bahona kasalligi” to‘g‘risida mushohada yuritishga turtki bo‘ldi.

Barchamiz o‘quvchi bo‘lganmiz. Ba’zi paytlarda o‘qituvchimiz tomonidan berilgan vazifani bajarmaganimiz tufayli yuqoridagi kabi holatlarda turli bahonalar o‘ylab topganmiz. Bora-bora bu odatga aylanadi va uning ortidan faqatgina o‘zimiz pand yeyishimiz mumkin. Bolalikda oddiy holat bo‘lib tuyulgan bahona to‘qish kelajakda ham bizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qanday qilib deysizmi? Inson ulg‘aygani sari u odatlanib qolgan bahonalar ham kattalasha boradi. Aytaylik, siz o‘qituvchi bo‘lib ishlaysiz. Har kuni mashg‘ulotlardan so‘ng ish jurnalini to‘ldirib borishingiz, qo‘shimcha darslarga tayyorlanishingiz, insho daftarlarni tekshirishingiz, bundan tashqari, ro‘zg‘or yumushlariga ulgurishingiz kerak. Shunda xayolingizdan “mana bu ishni keyinroq qilsam ham bo‘ladi, ertaga ham kun borku, ulguraman” degan fikr o‘tadi. Bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalaringiz sekin-asta yig‘ilib boradi va vaqtim bo‘lmadi, ulgurmay qoldim, kabi bahonalarni ayta boshlaysiz.

Avvaliga topgan bahonalaringiz tufayli ishlaringiz silliq ketayotgandek tuyuladi. Ammo bora-bora bahona qidirish kasallik kabi ongingizga o‘rnashib oladi va ishlaringiz orqaga ketaveradi.

– Butun olam tortishish qonunidan xabaringiz bor-a? – deydi psixolog Javdat Po‘latov. – Inson o‘zidan magnit to‘lqinlar taratadi va qabul qiladi. Hayotingizda bo‘layotgan voqealarni aniqrog‘i, o‘ylayotgan narsangizni o‘zingizga tortasiz. Biror narsa haqida o‘ylayversangiz yaxshi o‘ylar kabi yomonlari ham amalga oshadi. Masalan, ish joyingizdan sizga ma’lum vazifa topshirildi. Uni vaqtida bajarolmay “biroz shamollagandim”, kezi kelganda “bolam betob bo‘lib qoldi” kabi bahona to‘qiysiz. Xayolingizga kelgan bu fikrlar atrofga signal singari taralib, o‘sha ko‘ngilsizliklarni o‘ziga tortadi va bahonangiz haqiqatga aylanadi.

Kattalar bejiz “niyatni yaxshi qiling” deyishmagan. Siz kunlik rejangizni aniq tuzib oling va barcha yumushingizni o‘z vaqtida bajarishga odatlaning. Bahona kasaliga yo‘liqdingizmi tamom, kelajak ishlaringiz ham o‘z-o‘zidan barbod bo‘laveradi. Ba’zi vaqtlarda ko‘ngilsizliklar ketma-ket keladi. Negaligini bilasizmi? Amerikalik olimlarning aytishicha, tortishish qonuni sizning fikringizga javob qaytaradi. Deylik, iqtisodiy sharoitingiz sabab do‘stlaringizdan qarz oldingiz. Xarajatlaringiz ham talaygina. Qarzlarni qanday to‘lashni bilmay boshingiz qotgan. Bu haqida takror va takror o‘ylayverasiz. Tabiiyki biror bahona topib vaqtdan yutishga harakat qilasiz. Tortishish qonuniga ko‘ra o‘ylagan narsangiz ko‘payib boraveradi va yanada ko‘proq muammolarni chaqiradi. Shu sababdan qiyin vaziyatga tushganda unga ko‘p ham ahamiyat bermang. Aksincha, yaxshi narsalar haqida o‘ylang. Ana shu xayollar ta’sirida muammolaringizni yechishga harakat qiling. Zero, “Harakatda barakat” deb bejiz aytishmagan.

Yana o‘qing:  Hammasi yaxshi bo‘ladi

“ZOLUSHKA UCHUN UCH YONG‘OQ”

Hech e’tibor berganmisiz, kasallik haqida ko‘p gapiradiganlar boshqalarga qaraganda ko‘proq kasal bo‘ladi. Aksincha muvaffaqiyat haqida gapiradiganlar farovon hayot kechiradi. Shu sababdan hamma narsaga ijobiy yondashing. Hayotga zavq bilan boqing. To‘g‘ri, ba’zan chigal vaziyatlardan chiqolmay tushkunlikka tushasiz. O‘ylamay desangiz ham ilojini topolmaysiz. Biroq shunda ham fikrlaringizni idora qiling. Farzandingiz, sevgan insoningiz haqida o‘ylang yoki boshqa bir kayfiyatni ko‘taruvchi xotiralarni yodga oling.

Bolangizni yoshligidan to‘g‘riso‘zlikka o‘rgating. Unga tortishish qonunini ta’sirli vositalar orqali tushuntirishga harakat qiling. Masalan, “Zolushka uchun uch yong‘oq” ertagini aytib bering. Unda ertak qahramoni uchta sehrli yong‘oq topib oladi va tilak aytib orzulariga erishadi. Butun olam tortishish qonuni ham shunday. Yaxshi narsalar haqida ko‘proq o‘ylab, mehnat qilishdan qochmasa kishining niyatlari amalga oshaveradi. Kattalarning aytganini qilmay, dars tayyorlamaslik uchun bahona qidiraversa kelajakda u istagan birorta ham tilak amalga oshmasligini ayting. Shunda u ezgu fikrlar bilan g‘ayrat qilib oldinga intilishga odatlanadi.

– Farzandingiz bilan bir mashg‘ulot o‘tkazing, – deydi psixolog – Unga oq qog‘oz berib, ayni paytda hayotida nimalar borligidan hursandligini va kelajakda nima istayotganini yozdiring. Bu mashg‘ulotda bola ezgu narsalar haqida fikrlashni o‘rganadi. Hayotidan mamnuniyat hissi paydo bo‘ladi.

Ba’zi paytlarda bola yolg‘on gapirgani uchun ota-ona unga tanbeh beradi. Ammo, bu yolg‘on farzandining emas kattalarning xatosi bo‘lishi mumkinligini o‘ylab ko‘rganmisiz? Shunday vaqtlar bo‘ladiki bolangiz biror narsa olib berishingizni so‘rab xarxasha qiladi, to‘g‘rimi? Aytaylik, farzandingiz do‘konda qo‘g‘irchoq ko‘rib yig‘lab qoldi. Shunday vaziyatda uyda o‘yinchoqlari ko‘pligini, bu qo‘g‘irchoq yaxshi emasligini aytasiz yoki shunga o‘xshash bahonalar qidirasiz. Uning ko‘z yoshi tinavermagach dakki berishni boshlaysiz. Ana shunda bola xuddi vaziyatdan yolg‘on bahonalar bilan chiqib ketishni o‘rganadi. Siz aksincha, yoningizda pul kamligini, hozir ortiqcha xarajat qilsangiz bog‘chaga pul to‘lolmasligingizni va bolangizning do‘stlaridan ajralib qolishi mumkinligini misollar keltirib, ro‘y-rost tushuntiring. Bolani aldash oson deb, unga yolg‘on so‘zlashni o‘rgatib qo‘ymang.

MUXTASAR AYTGANDA

Tun qorong‘usida avtomashinangizda uzoq safarga otlandingiz. Uning chiroqlari ma’lum masofadan u yog‘ini yoritmaydi. Siz oldinga yurganingiz sayin yorug‘lik kengayaveradi, bosib o‘tgan yo‘lingiz ortda qoladi. Bordiyu ko‘zingizga uyqu kelib boshqaruvni yo‘qotsangiz fojea yuz berishi mumkin. Hayotingizni ham shunday qiyoslang. Umr chizgilarida mudrab qolsangiz yoki turli bahonalar bilan vaqtingizni havoga sovursangiz ko‘ngilsizliklar ko‘payaveradi. Doimo sergak bo‘lib, intilishdan to‘xtamasangiz ellik metr naridagi yo‘lni ko‘ra olasiz.

Yana o‘qing:  BOL HAM ME’YORIDA TOTLI

Dildora QARSHIBOYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: