Avaylangan ko‘zga cho‘p tushmaydi

Dil oynasi atalmish ko‘z orqali beg‘ubor osmonu musaffo zamin qo‘ynidagi jamiki go‘zalliklarni ko‘rib bir olam shodlanamiz. Tanamizning ana shu bebaho a’zosiga nogoh shikast yetsa nima bo‘lishini bir o‘ylab ko‘ring-a?

Bebaho gavhar atalmish ko‘zlarimiz hamisha ravshanlik bilan tutashib yurishi uchun, eng avvalo, uni qanday asrab-avaylash zarurligi xususida bilib olsak aslo foydadan xoli bo‘lmaydi.

– Ko‘zni avaylab-asrash uchun eng avvalo shaxsiy gigiyenaga rioya qilish lozim. Uni ha, deb qo‘l bilan ishqalash, ko‘chadan uyga kelib qizib turgan holda darhol muzdek suv bilan yuz-ko‘zni yuvish man etiladi. Shuningdek, chang-g‘uborlarni ko‘zga tushishi ham zararlidir. Ayniqsa, kitob o‘qiyotganda uni toliqtirmaslik kerak. Aks holda undagi og‘riq sekin-asta boshga ko‘chadi, – deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Botir Buzrukov. – Ko‘z charchashiga asosiy sabab yorug‘likni kamligi yoki o‘ta ko‘pligidir. Bunda yorug‘lik manbai jilosiz yarqiramaydigan bo‘lishi bilan birgalikda ishlayotgan paytda yorug‘lik chap tarafdan tushishi lozim. Ko‘z bilan kitob orasidagi masofa 30-40 sm. bo‘lishi talab etiladi. Yaqindan o‘qish qat’iyan man qilinadi. Har 30 daqiqada 10 daqiqa tanaffus qilinishi kerak. Yorug‘lik kam holatda, yurib keta turib va transportda o‘qish mumkin emas.

Ko‘z A, V va S vitaminlariga judayam muhtoj bo‘ladi. Shu sababli iste’mol qilinayotgan oziq-ovqatlar ana shu vitaminlarga boy bo‘lishi lozim. Ushbu vitaminlar sabzi, baqlajon, lavlagi, ko‘k piyoz, qizil qalampir, maymunjon, shaftoli, mandarin, uzum, qovun kabi meva va sabzavotlar tarkibida mavjud. Shuningdek, A vitaminiga boy bo‘lgan sariyog‘, jigar, tuxum, baliq yog‘i, V vitaminiga boy bo‘lgan sut va sut mahsulotlarini iste’mol qilish ham ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi. Inson organizmida ko‘zni yoshartirib unga kuch bag‘ishlovchi kalsiy va kaliyning me’yorda bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. Non, kartoshka, bug‘doy yormasidan tayyorlangan bo‘tqa, baliq, o‘rik, banan kabi mahsulotlarni iste’mol qilish orqali D vitaminning o‘rni to‘ldiriladi. O‘z navbatida temir moddasiga boy mahsulotlar ham ko‘rish qobiliyatini me’yorini saqlaydi. Yashil sabzavotlar, xantal (gorchitsa), malina, qizil va qora, sariq qorag‘at (smorodina), kungaboqar, olma, quritilgan mevalar, tuxum temir moddasiga boy.

Darhaqiqat, ko‘rish qobiliyatining zo‘riqishi nafaqat ko‘zga, balki tanadagi boshqa a’zolarga ham jiddiy xavf solishini unutmaslik kerak.

Yana o‘qing:  TERMA JAMOAMIZ KUMUSH MEDAL SOHIBI

Bola mashg‘uloti va uning ko‘rish qobiliyati

Har bir ota-ona farzandini go‘dakligidanoq ko‘rish qobiliyatiga jiddiy e’tibor qaratishi uning kelajakda ko‘rish qobiliyati borasida jiddiy kamchilikka uchramasligini ta’minlaydi. Bola bilan kundalik mashg‘ulot o‘tilayotganida albatta vaqt e’tiborga olinishi shart. Maktabgacha ta’lim muassasalaridagi mashg‘ulot katta guruhlarda 25 daqiqa, maktabga tayyorlov guruhlarida esa 30 daqiqa bo‘lishi lozim. Ushbu vaqt uning ko‘rish qobiliyatini toliqib qolmasligiga to‘g‘ri keladi. Chunki, sanash, yozish, o‘qish kabi mashg‘ulotlarning barchasi ko‘zdan ko‘p mehnat talab etadi. Kichik guruhlardagi mashg‘ulotlar 5-10 daqiqadan oshmasligi zarur. Bolalar bilan mashg‘ulot o‘tilganda ko‘rish qobiliyatini zo‘riqtirmaslik uchun she’rlarni yod ayttirish, ularga didaktik o‘yinlar asosida mashg‘ulot o‘tish va kitobdagi ertak, hikoyalarni, masallarni so‘zlab berish ham katta ahamiyatga ega. Mashg‘ulot orasidagi 2-3 daqiqalik jismoniy tarbiya mashqlari bolaga xushkayfiyat ulashadi. Birinchi va ikkinchi mashg‘ulot o‘tilayotganida masalan, musiqa mashg‘ulotini boshlashdan avval 10 daqiqalik tanaffus bolani yengil nafas olishi va qo‘l harakatlarini tiklanishiga katta yordam beradi. Bola uyda qolganida ko‘pincha rasmlar chizishga qiziqadi. Maktab yoshidagi bolalar o‘qish va yozish kabi mashg‘ulotlarni ko‘p bajarishga odatlanishgan. Bu vazifalarning barchasiga ko‘z orqali erishiladi. Shu bois ham mashg‘ulotlar uchun 3-5 yoshli bolalarga 40 daqiqagacha, 6-7 yoshli bolalarga esa 1 soatgacha vaqt belgilangan. Bunda kunning ikkinchi yarmidagi mashg‘ulotlar ham xuddi kunning birinchi yarmidagidek bajariladi. Mashg‘ulot orasida bolaning turli o‘yinlarni o‘ynashi, toza havoda sayr qilishi yaxshi natija beradi.

O‘quvchilarning uy vazifasini tayyorlash jarayonida birinchi va ikkinchi sinf o‘quvchilari 1, 5-2 soat, uchinchi-to‘rtinchi sinf o‘quvchilari esa 2 soatdan oshmagan holda dars tayyorlashi tavsiya etilgani holda yuqori sinf o‘quvchilari uchun 3–3, 5 soatdan oshmasligi maqsadga muvofiqdir. Bunda har 30-40 daqiqa orasida 5-10 daqiqa tanaffus qilish talab etiladi. Zero, bolaning o‘z vaqtida kaloriyali ovqatlar tanovul qilishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi, har kungi badantarbiya mashqlarini bajarishi, organizmni toza havo va quyosh nurlarida chiniqtirish ham ko‘rish qobiliyatining me’yorda bo‘lishida yaxshi samara beradi.

Ekran qarshisida

Kichkintoylarning televizor ko‘rishga bo‘lgan ishtiyoqi juda baland bo‘lishini har birimiz yaxshi bilamiz. Ammo hadeb ekranga termulib turish barobarida undan taralayotgan nur bola ko‘zi uchun zararli. Bola oynai jahon qarshisida o‘tirib tomosha ko‘rayotganida boshqa tomondan kelayotgan yorug‘lik uning ko‘zini qamashtirmasligiga e’tibor berish lozim. Kichkintoyning bolalar uchun bo‘layotgan ko‘rsatuvlarni tomosha qilishi uchun kun davomida 30 daqiqagacha vaqt kifoya qiladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun esa bu vaqt kun davomida 1-1, 5 soatni tashkil etadi. Ma’lumki, bola televezorni yaqindan ko‘rishga intiladi. Bunday holat albatta ko‘zga ta’sir etadi. Shuningdek, ularni televizorni 3-5 metr uzoqlikdan tomosha qilishi tavsiya etiladi. Bu vaqtda bola bir tarafga qiyshayib yoki enkayib o‘tirmasdan faqat gavdasini to‘g‘ri tutib o‘tirishi lozim.

Yana o‘qing:  HAYOTBAXSH HADYa

Ha, ko‘z tananing bebaho gavhari hisoblanadi. Uning ravshan bo‘lishi va jozibali chaqnab turishi uchun eng avvalo o‘zimizni o‘zimiz va dunyoni hamisha bizga munavvar aylovchi ko‘zimizni asrashimiz zarur. Zero, gavhari shamchiroqning nurafshonligi uchun sog‘lom hayot tarziga amal qilib, zararli illatlardan forig‘ bo‘lib va sog‘lom hayot kechirish shart.

Jamila HAYDAROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: