ASOSIY DORI VOSITALARI RO‘YXATI

Unda bemorlar uchun qanday imtiyozlar ko‘zda tutilgan?

Ayol shoshgancha dorixona tomonga burildi. Uning yuz qiyofasi tashvishli edi.

– Singlim, shu ro‘yxatda yozilgan dorilarni hisoblab bering.

– Hozir… Hozir… Siz bu dorilarni sotib olmoqchimisiz?

– Ha, pulim yetganicha…

– Bemorni shifoxonada yotqizsangiz bo‘lmaydimi? Hammasini shifoxonaning o‘zi tekin berardi.

– Bemor – turmush o‘rtog‘im. U shifoxonada davolanyapti.

Bunday muammoli holatlar ko‘p uchrab turadi. Ba’zi kishilar shifoxona to‘lovlaridan tashqari ham muolaja uchun zarur bo‘lgan vositalar uchun sezilarli miqdorda xarajat qiladi. Xo‘sh, qaysi dori vositalari bemorlarga davlat byudjeti hisobidan bepul beriladi? Mamlakatimizda bu jarayon qanday huquqiy hujjatlar asosida tartibga solingan?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan birinchi marta 1977 yilda “Asosiy dori vositalari ro‘yxati” tasdiqlandi. U bugungi kunda 193 ta mamlakatda joriy etilgan. Mazkur ro‘yxat davlat byudjeti hisobidan statsionarda davolanuvchi bemorlar uchun dori vositalari xaridini amalga oshirishda, mahalliy korxonalar tomonidan eng zarur dori vositalari nomenklaturasini belgilash va ishlab chiqarishni kengaytirishga asos bo‘ladi.

“Asosiy dori vositalari ro‘yxati”ga tashxis va davolash standartlarida mavjud bo‘lgan dori vositalari kiritilgan. Unga kirmagan dori vositalari byudjetdan tashqari yoki bemorlarga o‘z hisobidan tavsiya etiladi. Tabiiy savol tug‘iladi. Asosiy dori vositalariga nimalar kiradi?

Asosiy dori vositalari statsionar davolanuvchi bemorlar ehtiyojini qoplash maqsadida tanlab olingan dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlari bo‘yicha ro‘yxati hisoblanadi. U sog‘liqni saqlash sohasidagi eng muhim ehtiyojlarni qoplash maqsadida tanlab olingan dori vositalarining chegaralangan ro‘yxatidir. Turli davlatlarda bu ro‘yxat 350-450 tani tashkil etadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti barcha mamlakatlarga dori vositalari borasida umumiy yagona davlat siyosatini yurgizishni shakllantirish va amalga oshirishni tavsiya etadi.

Shuningdek, dori vositalari oldi-sotdi jarayonlarini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunining yangi tahriri qabul qilingan. Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “Asosiy dori vositalari ro‘yxatidagi dori vositalarining, shuningdek, tibbiy buyumlarning mavjud bo‘lishi ustidan nazoratni ta’minlashi, ikki yilda kamida bir marta – asosiy dori vositalari ro‘yxatini ishlab chiqishi va tasdiqlashi” bo‘yicha vakolatlari belgilangan.

Yana o‘qing:  Bolalarning Buxoroga bayram sayohati

Asosiy dori vositalarining ro‘yxati joriy etilishi dori ta’minoti sifatini yaxshilash, ularni xarid qilishda byudjet mablag‘larini tejash imkonini yaratadi.

Asosiy dori vositalari ro‘yxati 37 farmakoterapevtik guruh va 101 farmakoterapevtik guruhchalarga mansub 378 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalaridan tashkil topgan. Ulardan ro‘yxatning 45 foizini tashkil etuvchi 168 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalari mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqariladi.

Voyaga yetmaganlar uchun asosiy dori vositalari ro‘yxati 35 farmakoterapevtik guruh va 88 farmakoterapevtik guruhchalarga mansub jami 330 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalaridan tashkil topgan. Ro‘yxatning 48 foizini tashkil etuvchi va 15 farmakoterapevtik guruhga mansub 160 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalari mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqariladi.

Dorivor o‘simliklar saqlovchi asosiy dori vositalari ro‘yxati 11 farmakoterapevtik guruh va 23 farmakoterapevtik guruhchalarga mansub jami 52 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalaridan iborat. Uning 94 foizini tashkil etuvchi 49 xalqaro patentlanmagan nomdagi dori vositalari mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan ishlab chiqariladi.

minzdrav.uz sayti ma’lumotlari asosida B. HALIMOV tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: