QISHLOQDAGI SAN’ATSEVAR BOLALAR

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq tumanlarida barpo etilayotgan zamonaviy san’at muassasalari, sport majmualari, namunaviy loyihalar asosidagi uy-joylar xalqimizning dunyoqarashini, hayotga munosabatini o‘zgartirib, turmush madaniyatini yanada yuksaltirmoqda.

Prezidentimizning 2008-yil 8-iyuldagi “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009–2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 17 ta bolalar musiqa va san’at maktabi barpo etildi. Zamonaviy va milliy me’morlik an’analari asosida qad rostlagan ta’lim maskanlarining 15 tasi qishloq tumanlarida qurilib, san’atga oshufta navqiron avlod uchun barcha qulaylik yaratildi. Zamonaviy musiqa asboblari, malakali pedagoglar bilan ta’minlandi.

Chekka hududlarda amalga oshirilayotgan bunday ulug‘vor bunyodkorlik ishlari natijasida shahar bilan qishloq o‘rtasida tafovut qolmayapti.

– Ilgari qishloq bolalari san’at maktabida o‘qish uchun shaharga qatnashga majbur bo‘lardi, – deydi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, taniqli rassom Tursunpo‘lat O‘roqov. – Chunki qishloqda sport, san’at, madaniyat rivoji uchun sharoit ham, imkoniyat ham deyarli yo‘q edi. Biz ham bir paytlar olis tog‘li qishloqdan shaharga qatnab o‘qiganmiz. Bugun qishloqlarimizda yosh avlodning ilm-hunar egallashi, jismonan chiniqishi, musiqa va san’atni o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilayotganiga havasim keladi. Qishloqlar hayotida sodir bo‘layotgan va hamqishloqlarim yuzida balqib turgan bu yangilanishlarni o‘z asarlarimda yorqin bo‘yoqlarda aks ettirish baxtiga muyassar bo‘lganim uchun shukrona aytaman.

Qishloq tumanlarida qad rostlagan muhtasham musiqa va san’at maktablari yoshlarning soha sirlarini chuqur egallashi uchun qulay sharoit yaratish barobarida odamlarning turmush madaniyatini yuksaltirishga, ma’naviyatini boyitishga xizmat qilmoqda. Taniqli rassom T. O‘roqov tug‘ilib o‘sgan Sherobod tumanida ham bugun yosh avlodning musiqa va san’at sirlarini o‘rganishi uchun barcha sharoit mavjud.

Davlatimiz rahbarining yuqorida zikr etilgan qaroriga muvofiq, 2 milliard 424 million so‘mga yaqin mablag‘ evaziga Sherobod tumanidagi Galaguzar mahallasida bolalar musiqa va san’at maktabi barpo etilib, zamonaviy usulda jihozlangan. Ta’lim muassasasining keng, yorug‘ va ixtisoslashgan sinf xonalarida 160 ga yaqin o‘g‘il-qiz 8 yo‘nalishda musiqa va san’at sirlarini o‘rganmoqda. Ularga 30 dan ziyod malakali pedagog saboq berayotir.

Яна ўқинг:  Касбида камол топаётган аёл

Ilgari shu atrofdagi san’at va musiqaga qiziqqan bolalar ilk saboqni olish uchun tuman markazidagi moslashtirilgan ko‘rimsiz binoga qatnagan bo‘lsa, endi tuman markazidan qishloqdagi zamonaviy usulda jihozlangan ko‘rkam ta’lim muassasasiga qatnab o‘qish istagini bildirayotgan o‘quvchilar ham ko‘p. Chunki yangi ta’lim maskani milliy va jahon musiqa asboblari, musiqiy notalar bilan ta’minlangan.

– Eski binoda musiqa va tasviriy san’atni o‘rganishga kelgan yoshlar va ularning ota-onalari oldida xijolat bo‘lardik, – deydi Sherobod tumanidagi 8-bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Nigora Saidova. – Boisi, ota-onalar pastqam sinfxonalarimizni ko‘rib, farzandining yaxshi o‘qishiga ishonqiramay turardi. Aslida imkoniyatimiz ham shunga yarasha edi-da! Qishloqda yangi bino qurilgach, vaziyat tubdan o‘zgarib, mahalla madaniyat o‘chog‘iga, ta’lim muassasamiz ma’naviyat maskaniga aylandi. Maktabimizga kelayotgan o‘quvchilar safi yildan-yilga kengayib borayotir. Ta’lim sifati tubdan o‘zgarib, o‘z iste’dodini turli madaniy tadbirlar va nufuzli tanlovlarda namoyish etish istagini bildirayotgan yoshlar kamol topmoqda.

Yaratilgan bunday sharoitlardan o‘quvchi-yoshlar unumli foydalanmoqda. Milliy raqs, estrada, fortepiano, akademik ijro, an’anaviy xonandalik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘plab o‘quvchilar viloyat va mamlakat miqyosidagi tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgani bunga yaqqol misoldir.

O‘tgan yili 8-bolalar musiqa va san’at maktabining fortepiano bo‘limi 7-sinf o‘quvchisi Hulkarjamol Boboxonova Belarusiyada bo‘lib o‘tgan “Zolotaya pchyolka” nomli xalqaro tanlovda maxsus diplom bilan taqdirlandi. Pedagog va o‘quvchilar xorijiy davlatlarda tashkil etilayotgan o‘quv mashg‘ulotlariga yuborilmoqda. O‘tgan yili mazkur maktab o‘qituvchisi Bahodir Sharipov va fortepiano bo‘limi 2-sinf o‘quvchisi Aziza Ro‘ziqulova Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Новые имена” nomli xalqaro ustoz saboqlari o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etib, dunyoga mashhur professor-o‘qituvchilardan saboq oldi.

– San’atga mehr qo‘yib, dunyoga mashhur olimlar bilan uchrashganim va ulardan saboq olganim meni yanada ko‘proq o‘qish va izlanishga, kelajakda Vatanimga munosib farzand bo‘lib ulg‘ayishga undaydi, – deydi Sherobod tumanidagi 8-bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Aziza. – Xalqaro o‘quv mashg‘ulot yakunida nufuzli tadbirning maxsus diplomi bilan taqdirlanganimizdan faxrlandik. Bularning barchasi biz, yoshlarning hech kimdan kam bo‘lmay ulg‘ayishimiz, sayyoramizning turli davlatlarida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro tanlov va nufuzli tadbirlarda O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilishimiz uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ifodasi, deb bilaman.

Яна ўқинг:  Сангардак – она юрт мўъжизаси

X. MAMATRAYIMOV,

O‘zA muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: