Yurt e’tibori va yaxshilar e’zozida

Qo‘qon shahridagi “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilariga shunday ta’rif berish mumkin

Boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga mehr ko‘rsatish, bilim berish, sog‘lom dunyoqarashining shakllanishiga ko‘maklashish chinakam insoniylikka xos fazilatdir. Mehribon xalqimizning ezgu o‘ylari bevosita yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Zero, rivojlanib kelayotgan demokratik davlatning bosh omillaridan biri ijtimoiy himoya shakllanib, ravnaq topib bormoqda.

Ayni kunda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan “Go‘daklar”, “Saxovat”, “Muruvvat” va “Mehribonlik” uylarida yaratilayotgan shart-sharoitlar fikrimizning isbotidir. Zero, Qo‘qon shahridagi 12-sonli “Mehribonlik” uyidagi tarbiyalanuvchilarga yaratilgan shart-sharoit zamon talabiga javob beradi.

– Davlatimizning bola taqdiri borasidagi g‘amxo‘rligi, yaxshi insonlarning ko‘magi bilan muassasamizning moddiy texnika bazasi yildan yilga yuksalib bormoqda, – deydi muassasa rahbari Rahbarxon Mirzayeva – “Mehribonlik” uyining shinam, keng va yorug‘, did bilan jihozlangan yotoqxonalari bolajonlarning miriqib dam olishiga xizmat qilsa, shinam oshxonamizda tayyorlanayotgan sifatli va mazali taomlar ularning kuch-quvvatga to‘lib borishida katta ahamiyatga ega. Kerakli tibbiy va diagnostik asbob-uskunalar bilan ta’minlangan fizioterapiya xonasidan iborat “Salomatlik markazi”da bolalarimiz o‘z sog‘ligini tiklab borishadi. Zamon talablari darajasida jihozlangan kutubxona, kompyuter xonalari esa bolalarning eng sevimli mashg‘ulot xonasiga aylangan. Nigohlari samimiy bu qora ko‘zlarning chehrasiga kulgu ulashish maqsadida hukumatimiz tomonidan bolalar uchun har doim sovg‘a-salomlar ulashiladi. Bunday paytlarda ulardagi mamnuniyatni ko‘rib shunday yurtda tug‘ilganimdan faxrlanaman.

Chindan ham “Mehribonlik” uyi tasarrufidagi “Nafosat” yozgi bolalar ormgohining zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan. 127 nafar bolajon uchun navbatdagi tuhfa bo‘ldi. Mazkur oromgohda 71 mln. so‘mdan ortiqroq mablag‘ evaziga yangi oshxona qurib foydalanishga topshirildi. 292 mln. so‘mdan ortiqroq homiylik mablag‘lari yordamida bunyod etilgan 120 o‘rinli zamonaviy yotoqxona binosi ham bolajonlar ixtiyorida. Xonalar yangi, zamonaviy mebellar bilan jihozlandi. Shuningdek, tarbiyalanuvchilarning yoz mavsumini ko‘ngilli va mazmunli o‘tkazishlari uchun zamon talablariga javob beradigan barcha qulayliklarga ega cho‘milish havzasi qurildi.

Bog‘bon zaminga nihol ekar ekan ko‘nglining tub-tubiga kelajakda uning mo‘l hosilidan bahramand bo‘lish niyatini tugib qo‘yadi. Farzand ham hayot bog‘ining so‘nmas yulduzidir. Bugungi kunga kelib mazkur dargohda ulg‘ayib kelayotgan yoshlardan Vatanning, jumladan bor mehri va e’tiborini ayamagan tarbiyachilarning umidi katta. Shukrki, qilingan sa’y-harakat o‘z natijasini berayotir. Muassasa tarbiyalanuvchisi Azizjon Suvonov O‘zbekiston “O‘zbek jang san’ati” federatsiyasi tomonidan o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Яна ўқинг:  Хайрли ишнинг хосияти улуғвор

Joriy yilda tarbiyalanuvchi Sarvar Nabiyev musiqa tanlovining viloyat bosqichida “Akademik cholg‘u” yo‘nalishida 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

2014-yilda esa muassasa tarbiyalanuvchisi Alisher Hasanov “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida amaliy san’at bo‘yicha o‘tkazilgan “Kamalak jilosi” ko‘rik tanlovida ishtirok etib, 2-darajali diplom sohibiga aylandi. Yosh sportchi o‘zining muvaffaqiyatini shunday izohlaydi:

– Ustozlarimning har qanday vaziyatda tushkunlikka tushmasdan, irodani mustahkam qilib o‘z maqsadi sari odimlashga undashi menga kuch va dalda bo‘ladi. Ularning so‘zlari o‘zimga bo‘lgan ishonchning yanada ortishiga zamin hozirlaydi. Bu esa nafaqat turli tanlov yoki musobaqalarda, balki mustaqil hayot yo‘lida ham unutilmas saboq bo‘lib qoladi.

Muassasadagi har bir o‘quvchining yutug‘i va muvaffaqiyati bevosita ustozlari nomi bilan bog‘liq. Zero, bu dargohda faoliyat olib borayotgan sakson nafardan ziyod xodimlarning barcha sa’y-harakati bolalarga qulaylik yaratish, mustaqil hayotda o‘z o‘rnini topishga ko‘maklashish.

– Biz bolalarga qanchalar shart-sharoitlar yaratmaylik baxtli qilishga urinmaylik ularning o‘z oilasi bag‘riga qaytishi tarafdorimiz, – deydi “Mehribonlik uyi” psixologi Malika Mirzakarimova. – Zero, bola o‘z oilasi bilan bo‘lsa ko‘nglining bir chetida kemtiklik bo‘lmaydi. Shuning uchun oilaning nechog‘lik muqaddas ekanligi, bu dargohning qadr-qimmatini hech nima bilan tenglashtirib bo‘lmasligini va uni asrab avaylash lozimligi borasida aholi va tarbiyalanuvchilarimiz o‘rtasida muntazam ravishda tushuntirish ishlarini olib boramiz. Amalga oshirilgan sa’y-harakatlar natijasida o‘tgan yili olti nafar bola ota-onasiga qaytarildi. Joriy yilda esa besh nafar tarbiyalanuvchilarimiz yaqinlarining bag‘riga qaytdi. Bu esa biz uchun ulkan muvaffaqiyat desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

“Mehribonlik” uyida “Kompyuter savodxonligi”, “Tikuvchilik”, “Badiiy havaskorlik”, “Raqs”, “Mohir qo‘llar”, “Yosh rassom”, “Pazandachilik”, “Ingiliz tili” “Musiqa” to‘garaklari tashkil etilgan. Unda yoshlar nafaqat bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishadi, balki qiziqishlari ortidan o‘z hayot yo‘lini ham belgilab borishsa ajab emas. Tarbiyalanuvchilar orasida taekvondo sport to‘garagiga qiziqish juda katta. Samimiy va jonkuyar, o‘z ishining mohir murabbiyi Yorqinjon Ismoilovning saboq berish uslubi ham o‘ziga xos. Tarbiyalanuvchi Artur Grebnyov ustozining ko‘magi bilan taekvondo sport yo‘nalishi bo‘yicha viloyat birinchiligida 1 o‘rinni qo‘lga kiritdi. – Bu yutuq va muvaffaqiyatlarning boshlanishi ammo bolalarimizning oilaviy hayotidagi baxti biz uchun nihoyatda muhim, – deydi muassasaning ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Abror Xo‘jaqulov. – Sobiq tarbiyachilarimizdan biri Ilfat Muhammadjonov muassasamizni tamomlagandan so‘ng, xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda. Hozirda oilali, bir qizaloqning otasi. Kuni kecha turmush o‘rtog‘i Xolidaxon bilan suhbatlashib, ochig‘i quvondim. Ular doimo muassasamizga kelib bolalarning holidan xabar olib turishadi. Bunday misollarni ko‘plab keltirishim mumkin. Bundan esa bizlar faqat va faqat quvonamiz.

Яна ўқинг:  ДЎСТЛИК ВА ТОТУВЛИК АЙЁМИ

O‘ylaymizki, biz hali bu dargohda kamol topayotgan yoshlardan ko‘plab xushxabarlar eshitamiz. Ayni vaqtda yuz yoshni qarshilash arafasida turgan mazkur muassasada tarbiyalanayotgan bolajonlar mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishiga ishonamiz.

Ma’rifat TOLIPOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: