Mitti yurakda Vatan tuyg‘usi

Bolalik chog‘larimda momomning ona Vatan, yurt osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan mard, jasur qahramonlarning jasorati aks etgan afsona va rivoyatlarini tinglab, ko‘nglim bolalarcha entikardi. Men ham xuddi ulardek bo‘lishni orzu qilardim.

Darhaqiqat, farzandlarimiz Vatanga bo‘lgan muhabbatni bolalikdan his etishadi. Ular bajarayotgan kichik yumushlar, ota-onasi, ukalari va boshqa yaqinlariga nisbatan mehri, bola qalbida jo bo‘lgan mo‘jaz Vatanida namoyon bo‘ladi.

Farzandlar bizning kelajagimiz. O‘g‘il-qizimizning yurtga tayanch bo‘lishini esa barcha ota-onalar chin ko‘ngildan istaymiz. Buning uchun eng avvalo, ularga kichikligidanoq ajdodlarimizdan bizga me’ros qolgan milliy qadriyatlar, urf-odatlarni, tarixiy me’rosimizni, ilm xazinasini o‘rgatib bormog‘imiz lozim.

Quvonarlisi, ayni paytda ushbu mavzuda milliy telekanallarimizda ijtimoiy roliklar, badiiy va animatsion filmlar namoyish etilmoqda. Misol tariqasida bolalar ishtirokidagi Vatan himoyachilari, ularning burchlariga bo‘lgan sadoqati aks etgan rolik e’tiborimizni o‘ziga tortmasdan qolmaydi. Eng quvonarlisi, lavha oxirida bola o‘zi bajarayotgan har bir yumushni yurtga xizmat sifatida ko‘ra bilgani va qo‘lini chakkasiga qo‘yib, “O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman” deya baralla aytishi, nafaqat biz kattalarni, balki farzandlarimiz qalbini ham to‘lqinlatirib yuboradi. Bundan tashqari “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” rukni ostida turli millat bolalarining “Mustaqillik” maydonida “U juda ham aziz”, “U bag‘rikeng”, “U mehmondo‘st”, “Uni hammamiz yaxshi ko‘ramiz” deya yurtimiz xaritasi atrofida birlashgani aks etgan lavha ham juda ta’sirli chiqqan.

Bunga yana ko‘plab misollar keltirishimiz mumkin. Xususan, “Bolajon” telekanali orqali namoyish etilayotgan milliy ruhdagi multfilmlarni olaylik. Unda milliy qadriyatlar, bobo va nabira o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlikning burchi va mas’uliyati sodda, samimiy, eng muhimi, kichkintoylarga tushunarli tarzda namoyish etilmoqda. E’tibor bersangiz, bolajonlarimizga xorij animatsion filmlaridan ko‘ra ko‘proq, o‘zimizning ham zamonaviy, ham milliy ruhdagi rang-barang multfilmlarimiz zavq bag‘ishlamoqda. Bu bilan xorij mahsulotlarini tanqid qilmoqchi emasmiz. Aytmoqchimizki, ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan milliy filmlarimiz namoyishida birinchi galda insonparvarlik g‘oyasi mujassam.

Yurtimiz tarixi juda boy, o‘tmish va ertak qahramonlarimiz bisyor. Ertak va afsonalardagi qahramonlar teleekran orqali namoyon bo‘lsa, ishonchim komilki, farzandlarimiz bundan ibrat olishadi. Ayniqsa, Shiroq, To‘maris, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan multfilmimiz aynan bolalar ongida yurtga bo‘lgan muhabbat tuyg‘usini oshiradi.

Yana o‘qing:  Ildizlar va yaproqlar

 

Mayna HASANOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: