Sog‘lom va barkamol avlod – hayotimizning hal qiluvchi kuchi

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida «Sog‘lom va barkamol avlod – hayotimizning hal qiluvchi kuchi» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi Respublika boshqaruvi hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbir muloqot tarzida o‘tkazildi.

Yig‘ilishda so‘z olganlar istiqlol yillarida mamlakatimizda erishilgan yutuqlar, ayniqsa, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ularning barkamol voyaga yetishlari borasida yaratilgan shart-sharoitlar, pirovardida yoshlarning ko‘plab soha va yo‘nalishlarda erishayotgan muvaffaqiyatlari xususida to‘xtaldi.

Shu bilan birga anjumanda tezkor axborot asrida dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalar, g‘oyaviy tahdidlarga qarshi yoshlarimizda g‘oyaviy immunitetni shakllantirish, milliy qadriyatlarimizga sodiq jismonan va ma’nan barkamol avlodni kamol toptirish borasida so‘z bordi.

– Bugun yoshlar hayotiga tahdid solayotgan «ommaviy madaniyat»ning asl mohiyatini farzandlarimizga ochib berishimiz lozim, – deydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yunusov. – «Ommaviy madaniyat» – olomoncha madaniyat, chin madaniyatlar kushandasi, bir so‘z bilan aytganda insoniyat tanazzuliga yo‘ldir. Uning zamirida «bir marta beriladigan hayotda yayrab qolish kerak», degan jo‘n qarash, axloqsiz va yengil turmush mohiyati yotadi. Afsuski, bu yot tushunchalarni yoshlarimiz ongiga singdirishga urinishlar bo‘layapti. Bizning vazifamiz esa ana shu «olomoncha madaniyat»ni yemiruvchi ta’sirni kuchaytirib, farzandlarimizni yuksak odob-axloq bilan ulg‘aytirishdir.

Oilada bolalarni faqatgina kompyuter, media mahsulotlari bilan band qilmay, qadimdan shakllanib kelgan bolalar o‘yinlarini o‘rgatish ota-onalarning muhim vazifasiga kiradi.

Shuningdek, tadbirda ta’kidlanishicha, yurtimiz mahallalarida Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi tomonidan aholi, xususan ota-onalar o‘rtasida farzandlarini g‘oyaviy va informatsion xurujlar, «ommaviy madaniyat» tahdidlaridan asrab-avaylashga qaratilgan 22 ming targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan.

Darhaqiqat, tinch va osoyishta, ozod va obod Vatanda xotirjam umr­guzaronlik qilmoqdamiz. Ammo dunyo tobora murakkablashib borayotgan tahlikali zamonda har daqiqa ogoh yashash talab etiladi.

– Dunyoda g‘oyaviy epidemiya keng quloch yoymoqda, – deydi Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi rahbari M.Quronov, – bizga «ommaviy madaniyat»ini singdirmoqchi bo‘lgan g‘arbliklar ham «boy berilgan avlod»i haqida o‘ylanib qoldi. Bugun yoshlarimizni ana shu tahdidlardan himoya qilish borasida ko‘p va xo‘p gapirmoqdamiz. To‘g‘ri, avvalo, himoya qilishimiz zarur, lekin yoshlarni o‘zini o‘zi himoya qilishga o‘rgatishimiz kerak emasmi?! Kezi kelganda, faqatgina himoya bilan cheklanib qolmasdan, o‘zimizga xos ezgu qadriyatlarimiz, fazilatlarimiz, bilim va tafakkurimiz, ma’rifatimiz bilan «hujum»ga o‘tishimiz zarur.

Yana o‘qing:  SPORT (2013-38)

Anjumanda yoshlarning bo‘sh vaqt­larini foydali mehnatga jalb etishda o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining o‘rni xususida ham so‘z bordi. Bejiz xalqimizda «bir bolaga yetti mahalla ota-ona», degan hikmatli ibora shakllanmagan. Shu bois yurtimizda mustaqillik yillarida mahalla institutini rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Shubhasiz, bugun dunyo uning mohiyatini o‘rganib, tajriba orttirmoqda.

Qizg‘in muloqot tarzida o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

O‘z muxbirimiz

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: