“SALOMATLIK” POYEZDI AMU BO‘YLARIDA

Safarga chiqishning gashti o‘zgacha. Ayniqsa, u ona yurt bo‘ylab amalga oshirilsa yuraging Vatan kengliklaridan iftixor tuyadi. Go‘zalligiga tasannolar aytadi. Har hududning o‘ziga xos tabiati, iqlimi, tarovati, ayniqsa, urf-odat va an’analari, yashash tarzi kishini o‘ziga maftun etadi…

Poyezd oynasidan olislarga boqib, bobo quyoshning zarrin nurlaridan quvvat olamiz. Oltin kuzning tasviri aks eta boshlagan baland-past adirliklar, sahro oralab ona diyor shamolini sipqoramiz. Tabiatning mo‘jizalariga tasanno aytamiz. Goh yuksak-yuksaklarda parvoz etayotgan qushlar bir zum xayolimizni olsa, goh cho‘l bag‘rida yashnab turgan turfa giyohlar diqqatimizni tortadi. Ha, aytmoqchi bu safarning o‘ziga xos hikmati bor.

“Salomatlik” poyezdi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksionerlik temir yo‘l kompaniyasi hamkorligida mamlakatimizning olis va ekologik noqulay bo‘lgan hududlari aholisiga tibbiy va insonparvarlik yordami ko‘rsatish maqsadida tashkil etiladi. Bu gal Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l va Miskin hududi tomon yo‘l olganmiz.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respub­likasi Prezidentining 2014 yil 1 avgustdagi “O‘zbekistonda aholi reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorida belgilanganidek mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tibbiy-ijtimoiy loyihalarning hayotga tatbiq etilayotgani, ona va bolalar salomatligini saqlashga qaratilayotgan e’tibor bunga yorqin dalildir.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi bu boradagi vazifalarni keng yo‘lga qo‘yish maqsadida qator davlat, jamoat va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Fond tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida chekka hududlarda tashkil etilgan tibbiy loyihalarda uch mingdan ziyod aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi katta ahamiyatga ega.

Quvonch – ulug‘vor tuhfa

Tozabog‘yob ovul fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi yosh ona Svetaning ko‘zlarida yosh qalqidi. Uning 11 yoshli o‘g‘li Sherzod Avazmartov bolalar serebral falaji bilan og‘rib to‘shakka “mixlangan”. “Salomatlik” poyezdi unga ham cheksiz quvonch olib keldi. Endi Sherzodbek o‘ziga hadya qilingan nogironlik aravachasida sayrga chiqishi, tabiat go‘zalliklaridan bahra olish imkoniga ega bo‘ldi.

– Hayotda inson irodasini ojiz qoldiradigan sinovlar ham uchrab turarkan, – deydi Sveta. – O‘g‘limning xastaligidan dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rina boshladi. Ayniqsa, u quyosh nuridan bahra olishni, ko‘cha bo‘ylab sayr qilishni yo derazadan tashqarini ko‘rishni istaganida ko‘nglim bezovta bo‘lardi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining ko‘magi bilan endi bu muammolardan xalos bo‘ldik. Mana, ko‘rib turibsiz, bundan o‘g‘lim ham juda xursand.

Yana o‘qing:  MULTFILMLAR BOLALARNI SEMIRTIRADI

Darhaqiqat, mazkur xayriya aksiyasi yurtimizda inson va uning manfaatlari nechog‘li ulug‘ ekanidan bir nishonadir. “Salomatlik” poyezdi doirasida amalga oshirilayotgan tibbiy va insonparvarlik yordamlari mamlakatimizning olis va ekologik jihatdan sharoiti noqulay bo‘lgan chekka hududlarida ham sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yurtimiz kelajagiga o‘z hissasini qo‘shadigan barkamol avlodni voyaga yetkazishda munosib xizmat qilayotir.

“Salomatlik” poyezdining malakali shifokorlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda fondning hududiy filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasining tajribali mutaxassislari bilan bir jamoa bo‘lib faoliyat olib bordi. Ular aholini, jumladan, ayollar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan Orolbo‘yida “Salomatlik kunlari” uyushtirildi. Unda aholining tibbiy-ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini ko‘rikdan o‘tkazish, sog‘lomlashtirish ishlari olib borildi. Poyezdda tibbiy ko‘riklarni yuqori saviyada tashkil etish, zamonaviy tibbiy-diagnostika vositalari yordamida kasallikka aniq tashxis qo‘yish, xastalikni erta bosqichlarda aniqlash imkoniyati mavjud.

– Ushbu aksiyamiz davomida 2 ming 138 nafar kishi sifatli tibbiy ko‘rik bilan qamrab olindi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AKning “Salomatlik” tibbiy sanitariya yordam poyezdi shifokori Muborak Agzamova – Tibbiy ko‘rikdan o‘tganlarning 394 nafarini ayollar (ulardan 324 nafari fertil yoshidagi ayollar), 429 nafarini bolalar va o‘smirlar hamda 947 nafarini erkaklar tashkil etdi. 281 nafari qariyalar, 48 nafari esa nogironlardan iborat.

Tadbir davomida nikohlanuvchilarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, salomatlikni asrashga munosabat, erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlari, kelajak nasllar salomatligiga e’tibor mavzularida suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazildi.

Ma’lumki, chekka, ekologik sharoiti noqulay bo‘lgan hududlarda yashovchi aholiga malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatishda zamonaviy asbob-uskunalar yordamida tekshiruvlar o‘tkazish katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois tibbiy ko‘rik davomida aniq laborator tahlillarga va zamonaviy tekshirish usullariga tayangan holda tashxislar qo‘yiladi. Jumladan, 268 nafar fuqaroga EKG, 735 nafar fuqaroga UTT, hamda 356 nafar fuqaroga laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazildi.

Barchaga birdek mehr va e’tibor

To‘rtko‘l shahridagi D. Matchonov ko‘chasida istiqomat qiluvchi Sheralijon va Sabina barcha yoshlar qatori orzu-umidlar bilan turmush qurgan edi. Taqdirning tuhfalari bisyor. Qarangki, ular bir yil o‘tib uch nafar egizak farzandlarning ota-onasiga aylandi. Zilola, Hilola, Zuhroxonlar hademay bir yoshni qarshilaydi.

Yana o‘qing:  Hamkorlik loyihalari amalda:

– Ular tug‘ilganida oilamiz quvonchi cheksiz bo‘ldi, – deydi mamnuniyat bilan qoshu ko‘zi uyqash jajji qizaloqlarning bobosi Rustam Qurbonov. – Uch egizakning dunyoga kelishidan boshimiz osmonga yetdi. Ularni parvarishlash, sog‘lom qilib voyaga yetkazish – asosiy maqsadimiz. Bu borada hukumatimiz tomonidan ham beqiyos yordam berilyapti. Birgina “Salomatlik” poyezdidan ularga zarur bo‘lgan bolalar vannasi, oyoq kiyimlar, sanitariya-gigiyena vositalari, vitamin va dorilar, taglik­lar taqdim etildi.

Mamlakatimizda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, nogironlar hamda yolg‘iz qariyalarga insonparvarlik, mehr-muruvvat yordamlarini ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayotir.

– Ushbu xayriya aksiyasi davomida aholiga va davolash profilaktika muassasalariga 30, 8 millon so‘mlik oziq-ovqat, kiyim-kechak, turli mavzudagi bukletlar, 56 million 941 ming 388 so‘mga teng bo‘lgan dori-darmon, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat muruvvat yuklari yetkazib berildi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi “Onalik va bolalik” bo‘limi boshlig‘i Jumabek Nurov.

Aksiya davomida To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo tumanlaridagi “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylari, davolash-profilaktika muassasalari, tug‘ruq komplekslari, imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatlariga tibbiy anjomlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak va boshqa uskunalar taqdim qilindi.

Fondning Qoraqalpog‘iston Res­publikasi filiali tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi mutaxassislari bilan hamkorlikda To‘rtko‘l, Beruniy, Ellikqal’a, Amudaryo tumanlarining uzoq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholiga, ayniqsa, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish bilan bir qatorda kam ta’minlangan, nogiron va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga jami 2 ming 674 nafar fuqaroga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon, uy-ro‘zg‘or anjomlari va sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat insonparvarlik yordamlari topshirildi.

***

Hayot davomiyligining asosi bo‘lgan ayolni, naslimiz davomchisi farzandlarimiz salomatligini asrash – bu millatni, xalqni asrashdir. Binobarin, keksalarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hamda farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish xalqimizning azaliy qadriyatlaridan. Prezidentimiz tomonidan 2015 yilning mamlakatimizda “Keksalarni e’zozlash yili”, deb e’lon qilinishi zamirida ham ana shunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam.

O‘sib kelayotgan yosh avlodni jismonan va ma’nan sog‘lom va intellektual shaxs etib tarbiyalash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olish bu olis safarimizning oliy maqsadi edi.

Yana o‘qing:  Muzeylarda moziy nafasi

Fahriddin Xudoyqulov,

Toshkent – Qoraqalpog‘iston – Toshkent

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: