Sharq gavhariga sayohat
Sharq gavhari, go‘zal obidalar diyori, ko‘hna va navqiron shahar… Necha asrlarki, Samarqand haqida gap ketganda, unga ana shunday ta’rif-u tavsiflar beriladi. Zotan, bu bebaho zamin muqaddas qadamjolari, jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalari bilan dunyo e’tiborini qozongan. Ayniqsa, Mustaqillik yillarida bu qadim kent jahonning eng obod hamda muazzam shaharlari qatoridan joy oldi.
Yaqinda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridagi “Mehribonlik” uylarining tarbiyalanuvchilari uchun Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi.
Mamlakatimizda har bir o‘g‘il-qizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, intellektual salohiyati va ma’naviyatini yuksaltirish, orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish doimiy e’tiborda. Yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy an’ana va qadriyatlarga ehtirom ruhida tarbiyalash ezgu ishlarimizning davomidir. Bolalar uchun tashkil etilgan mazkur sayohat ham ushbu maqsadlarga xizmat qiladi.
Sayohatimiz shoh va olim Mirzo Ulug‘bekning muhtasham haykali poyidan boshlandi. Uning siymosiga qancha termulsang, shuncha hayrating va hurmating oshishini bolajonlar yana bir karra his qilishdi va esdalik uchun suratga tushish jarayonlari qizg‘in tus oldi.
Keyingi manzil Go‘ri Amir yodgorligi majmui. Bu yerni ziyorat qilish qalblarni nurga, ezgulikka to‘ldiradi.
Darvoqe, Rahima opa yo‘l davomida qadamjo, ziyoratgohlar va bugungi kundagi bunyodkorlik inshootlari haqida ma’lumotlar berib bordi. Avtobusimiz Samarqandning yana bir go‘zal va muqaddas maydoni – Registon majmuasi tomon yurdi.
Bolalar majmuadagi Ulug‘bek, Sherdor, Tillakori masjid-madrasalarini tomosha qilar ekan, boy tariximiz, me’morchilik san’atimiz ularni hayratga soldi. Shaharni tomosha qilar ekansiz ko‘zingiz quvnaydi. Bunyodkorlik ishlari keng quloch yozgan. Dunyoning yetti iqlimidan keltirilgan kamyob gul hamda daraxt ko‘chatlari atrofga betakror ko‘rinish bag‘ishlagan. Registon maydoni va bog‘dagi turli favvoralar atrofida o‘ynayotgan bolajonlarning shodon kulgisi, ajib go‘zalliklardan hayratlanib, uni suratga muhrlayotgan xorijlik sayyohlarni ko‘rib, faxrlanib ketasan, kishi. Qalbing zavq-shavqqa to‘ladi.
Boy tarixga ega bo‘lgan bu azim shahar o‘zining ulug‘vor me’moriy yodgorliklari, moviy gumbazlari, betakror sharqona qiyofasi bilan azaldan dunyoda dong taratgan. Shu bois har yili bu yerga jahonning turli davlatlaridan ko‘plab sayyohlar tashrif buyuradi. Xalqaro doiralarda tan olingan va katta nufuzga ega bo‘lgan “Xaffington post” internet nashri tomonidan Samarqand inson o‘z umri davomida hech bo‘lmaganda bir marotaba borib ko‘rishi, albatta, zarur bo‘lgan dunyodagi 50 ta shaharning biri sifatida e’tirof etilgani nafaqat samarqandliklar, balki barcha yurtdoshlarimizga cheksiz g‘urur hamda iftixor hissini bag‘ishlaydi.
– Har gal sayohat safariga xozirlanarkanmiz do‘stlarim bilan Samarqandga borishni o‘ylardik. Tarix va zamonaviylik ajib tarzda uyg‘unlashgan bu go‘zal shaharni tomosha qilib, ustozlarimiz bejiz tavsiya etmaganiga amin bo‘ldim. Ushbu sayohatdan ko‘plab taassurotlar oldik, – deydi Chirchiq shahridagi 14-“Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchisi Umida Pardaнeva. – Ko‘hna va hamisha navqiron shahar deya ta’rif beriladigan Samarqandning o‘tmishi qanchalik shonli bo‘lsa, keyingi yillarda bu yerda amalga oshirilgan o‘zgarishlar uning shuhratini yanada oshirganiga ishonch hosil qilasiz. Tarixi boy, kelajagi buyuk O‘zbekistonimizning farzandi, yuksak aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyati bilan dunyoga mashhur ajdodlarning vorisi ekanimizdan faxrlanamiz.
Samarqand shahrining tarixi haqida so‘zlovchi Afrosiyob muzeyi bizni moziyning madaniy hayotiga sayohatga chorladi. Muzey eksponatlari to‘g‘risidagi videolavha, qadimiy Afrosiyob shahrining arxeologik yodgorliklari ajdodlarimizning madaniyati naqadar yuqori bo‘lganidan dalolat berib turibdi.
Safarimiz davomida bolalar Samarqandning noyob me’moriy obidalari hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan istiqlol yillarida shaharda barpo etilgan madaniy-ma’rifiy inshootlar, sayilgohlar va bog‘larni tomosha qildi.
Sayohatimizga boshchilik qilayotgan Rahima opaning Toshkentga qaytish lozimligini aytsalarda, bolalar bunga parvo qilmasdan o‘zini qiziqtirgan savollarga javob axtarardi. Istar-istamas to‘planishib, avtobusdagi o‘rinlarimizni egalladik. Ziyoratdan kayfiyatimiz ko‘tarilib, esdalik uchun sovg‘alar xarid qildik. Bu unutilmas daqiqalar suratlarga muhrlandi.
Aslida, Samarqanddek ulug‘ va azim shahar haqidagi fikrlarni, bu yerdagi bugungi bunyodkorlik jarayoni, taraqqiyot sur’atlarini bir maqolaga jamlashning imkoni yo‘q. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bu dilbar shahar har qanday insonni o‘ziga maftun etadi. Uni bir bor ko‘rgan odam hech qachon esidan chiqarmaydi.
Navro‘z Norboboyev,
Vasila Po‘latova,
Toshkent – Samarqand – Toshkent