“Nurli kelajak Expo – 2018”

300ga yaqin korxona, firma va tadbirkorlik sub’yekti mahsulotlari namoyishi

 

Maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning birlamchi, eng asosiy bo‘g‘ini. Mutaxassislarning ilmiy xulosalariga ko‘ra inson umri davomida oladigan barcha axborot va ma’lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda oladi. Shu bois, bolalarning jismonan va ma’nan sog‘lom va yetuk shaxs bo‘lib kamol topshida bog‘cha tarbiyasi muhim o‘rin tutadi.

Ushbu tizimni rivojlantirishga oid qabul qilingan ko‘plab huquqiy hujjatlar maktabgacha ta’lim maskanlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, qamrovini yanada kengaytirish, o‘quv-tarbiya jarayoni sifatini oshirish, nodavlat maktabgacha ta’lim maskanlari tarmog‘ini kengaytirish, kadrlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

“O‘zekspomarkaz”da “Nurli kelajak Expo – 2018” ko‘rgazmasi ochilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham aslida shu.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari, tizim uchun oziq-ovqat mahsulotlari, mebel, didaktik o‘yin va o‘yinchoqlar, sport va tibbiyot anjomlari, musiqa asboblari, oshxona jihozlari, oziq-ovqat, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 300ga yaqin korxona, tadbirkorlik sub’yekti vakillari ishtirok etdi.

Ayniqsa, ular orasida bolalar uchun mo‘ljallangan mebel mahsulotlarining sifati ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

 

– Ko‘rgazmaga Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanidan keldik. Faoliyatimiz avvalida faqat viloyatimiz aholisi uchun mebel mahsulotlari ishlab chiqarar edik. Ushbu ko‘rgazma yordamida respublikamizdagi ko‘plab MTMlar bilan shartnomalar imzoladik, – deydi “Anvarbek” xususiy mebellar korxonasi rahbari Tolibjon Yunusov.

 

Marg‘ilon shahridagi “Humo” savdo tijorat firmasi 25 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Firmada bolalar uchun mo‘ljallangan matras, ko‘rpa, yostiq kabi bir qancha tekstil mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ushbu korxona vakillari ham mazkur ko‘rgazma orqali o‘z mahsulotlarini respublikamizning barcha hududlariga yetkazib berish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar imzoladi.

Shuningdek, ushbu ko‘rgazmada poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi “Finger” xususiy korxonasi mahsulotlari aksariyat tashrif buyuruvchilarning qiziqishiga sabab bo‘ldi.

 

Korxonamizda oila a’zolarimiz bilan birga mehnat qilamiz. Asosan bolajonlar uchun kamalakdek jilolanib turuvchi 7 xil turdagi plastilinlarni ishlab chiqaramiz, – deydi korxona rahbari Ziyodullo Sunnatov. – Mahsulotlarimiz 3 yoshdan katta bo‘lgan bolajonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, plastilinlar sifatini doimiy nazorat qilib boramiz.

 

Yana o‘qing:  Xushxabar raqamlar

Maktabgacha ta’lim tizimida xalqaro aloqalar rivojlantirilib, ilg‘or tajriba o‘rganilmoqda. Bu borada Janubiy Koreya mutaxassislari bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. Ko‘rgazmada Janubiy Koreyaning bolani intellektual rivojlantirishga oid o‘yinchoqlar tayyorlashga ixtisoslashgan “Mega Education” kompaniyasi, bolalar uchun ekologik xavfsiz va qulay mebellar ishlab chiqaruvchi “Parangsae” kompaniyasi, “Dream Kindergarten” xususiy bog‘chasi faoliyati bilan tanishish mumkin.

Qolaversa, ko‘rgazma maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyalanuvchilarini ovqatlantirishni tashkil etishda shaffof, markazlashtirilgan ta’minot tizimini yaratish, yetkazib beruvchilarning sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini o‘z vaqtida va narx siyosatiga rioya etgan holda xarid qilish tizimini yo‘lga qo‘yishda alohida ahamiyat kasb etdi.

Ikki kunlik tadbir doirasida O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi tomonidan bolalar uchun parhez taomlar tayyorlash bo‘yicha “Mahorat darslari” o‘tkazildi.

 

Xurshida HUSENOVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: