“Navro‘z sadolari” festivali yangi nomlarni kashf etdi

Mamlakatimizda musiqa ta’limi tizimini tubdan yaxshilash, yosh iste’dod egalarini kashf etish, ularni milliy va jahon musiqa san’ati durdonalaridan bahramand bo‘lishi uchun qulay sharoit yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar tufayli ko‘plab farzandlarimiz nufuzli xalqaro tanlovlar, festivallarda o‘z iqtidori bilan o‘zbek musiqa san’atining betakror jozibasini namoyish etib kelayotir.

Kuni kecha O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘tkazilgan ko‘p ovozli xalq cholg‘ulari ansambl va orkestrlarining “Navro‘z sadolari” xalqaro musiqa ko‘rik-tanlovi ham farzandlarimiz orasidan ko‘plab yosh iste’dod egalarini kashf etdi. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur festival O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, Bastakorlar uyushmasi, “So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari kamer orkestri hamda Shveysariya hamkorlik byurosi tomonidan tashkil etilib, unda O‘zbekistondagi madaniyat, musiqa va san’atga ixtisoslashgan litsey va kollejlardagi orkestrlar, ansambllar hamda professional jamoalardan tashqari Qozog‘iston, Tojikiston hamda Qirg‘iziston Respublikasidan kelgan yosh musiqachilar ishtirok etdi.

Festivalning ochilishida so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda musiqiy ta’limni rivojlantirish, soha moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladilar. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2015 yil 20 noyabrdagi “Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016–2020 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori milliy musiqa san’atimiz rivoji yo‘lidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim dasturilamal bo‘lyotgani aytib o‘tildi.

Bu yilgi festivalda yurtimiz nomidan 50 dan ziyod milliy cholg‘u ansambl va orkestrlari, professional jamoalar ishtirok etdi. Ular milliy musiqa va qo‘shiqlarimizni, jahon mumtoz bastakorlarining mashhur asarlarini maromiga yetkazib ijro etishdi.

– Jamoamiz bilan festivalda birinchi bor qatnashdik, – deydi “Umid” sovrini g‘olibi, Bekobod san’at kolleji o‘quvchisi Aziz Mamarahimov. – Tanlovda “Yoshlik taronasi”, “Bahchakurt” kabi kuylarni ijro etib, o‘z iste’dodimizni yig‘ilganlarga namoyish etdik. Ko‘plab do‘stlar orttirib, ular bilan o‘zaro fikr almashdik.

Shuningdek, festival doirasida musiqa cholg‘ulari ko‘rgazmasi, xalq cholg‘ulari ijrosida o‘rta musiqiy ta’limning amaliy va uslubiy vazifalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda mahorat saboqlari tashkil etildi.

Yana o‘qing:  “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!”

Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

N. NORBOBOYEV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: