MAKTABGACHA TA’LIMGA E’TIBOR

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Xalq ta’limi vazirligining bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb etishning bugungi ahvoli va istiqbollari haqidagi axboroti tinglandi.

Tadbirda Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining raisi A.Mamatov, Xalq ta’limi vaziri T.Shirinov va boshqalar mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodga bosqichma-bosqich ta’lim berish, yuksak ma’naviyatli hamda sog‘lom fikrlaydigan shaxslarni tarbiyalashning samarali mexanizmi shakllanganini ta’kidladi. Bu borada ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Sohani yanada isloh etish maqsadida 2007 yil 25 oktyabrda Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatda davlat maktabgacha ta’lim muassasasi, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi va qisqa muddatli guruhlar to‘g‘risidagi nizomlar tasdiqlangan. Bu davlat maktabgacha ta’lim muassasalarini yanada takomillashtirish imkonini berdi.

Bugun mamlakatimizda 4978 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz tomonidan ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, texnik hamda o‘quv-uslubiy jihozlar bilan ta’minlashga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Masalan, har yili davlatimiz ta’lim sohasiga ajratayotgan mablag‘larning o‘rtacha o‘n foizi maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’minlashga yo‘naltirilmoqda. 2012 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 343,9 milliard so‘mdan oshdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ham faoliyat ko‘rsatmoqda va ularning soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda.

Tadbirda maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiya ishlarini takomillashtirish, pedagoglar malakasi va mahoratini oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etishga doir ishlar tahlil etildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Sardor TOJIYEV,

O‘zA muxbiri

Yana o‘qing:  “Toshkent open – 2017”: tennischilarimiz mag‘lubiyat bilan boshlashdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: