Dorivor o‘simliklar xorijga eksport qilinadi

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududda amalga oshirilayotgan bir qator iqtisodiy loyihalar taqdim qilindi. Ularning ichida tut bargidan choy tayyorlash, isiriq, sistanxe o‘simliklarini yetishtirish, ularni eksport qilish, bu orqali esa minglab ish o‘rinlarini yaratish masalasi alohida ahamiyat kasb etdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, laboratoriya sinovlarida tut bargidan tayyorlangan choyning tarkibida kofein va tanin moddasi odatdagi choyga nisbatan 200 barobar kam ekanligi aniqlangan. Tarkibidagi vitamin va minerallar esa aksincha ko‘p. Shu bilan bir qatorda uning tarkibida V1, V2, A, S vitaminlari, soch va tirnoq uchun foydali kalsiy moddasi mavjud. Ahamiyatlisi shundaki, tut bargidagi kalsiy moddasi tvorogdagidan ko‘p ekan. U qandli diabet, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, yo‘tal, ko‘z yallig‘lanishi, vitaminlar yetishmasligi, faringit bilan og‘riganda, buyrak va yurak shishida foydali sanaladi. Ko‘pincha bu ichimlik ortiqcha vaznni yo‘qotishda yaxshi samara beradi. Metabolizmni yaxshilaydi va yog‘lar almashuvini nazorat qiladi.

 

– Bahorda tut barglarining uchi, kuz mavsumida esa barglar butun yig‘ib olinadi, – deydi uyushma raisi B. Sharipov. – Sababi, biz bahorda 330 ming, kuzda esa 40 ming quti ipak qurti parvarishlashni rejalashtirganmiz. Barcha fasllarda tut bargining hosili bir xil bo‘ladi. Ammo, kuzda bahorga nisbatan qariyb 7 barobar pilla kam boqilgani sabab, anchayin barglar daraxtda qolib ketadi.

 

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan olingan ma’lumotlarga qaraganda ayni vaqtda tut bargidan choy ishlab chiqarish korxonasini qurish ishlari boshlangan. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 2 million dollarga teng bo‘lib, mazkur loyiha xitoylik investorlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Joriy yilning dekabr oyida ushbu korxonani ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

2019 yilda har gektar tutzordan 52.5 tonna tut bargi yig‘ib choy tayyorlash rejalashtirilgan. Korxonada 50 ta doimiy va 1500 ta mavsumiy ish o‘rni yaratiladi. 2019 yilda bu loyihadan kutilgan eksport hajmi 1.4 million AQSH dollariga teng.

Prezident ushbu loyihani ma’qullab va bunday choyning aholi salomatligini mustahkamlash va import o‘rnini bosishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Shu bilan birga Buxoro viloyatining o‘rmon xo‘jaligi ham katta salohiyatga ega. O‘zbekistonda o‘suvchi shifobaxsh o‘simliklar turli sohalarda keng qo‘llanadi. Jumladan, xorijda sistanxe va isiriqqa talab katta. Yaponiya va Xitoy olimlarining ta’kidlashicha sistanxening dorivor xususiyati jenshennikiga qaraganda besh barobar yuqori.

Yana o‘qing:  ShIFOBAXSH OLCHA

Sistanxening ildizi dorivor sifatida keng ishlatiladi. U xavfli o‘sma kasalliklarini oldini oluvchi, shamollashga qarshi, immunitetni oshiruvchi, antioksidantlik xususiyatlariga ega. Ayol va erkaklardagi bepushtlikni, prostatani davolovchi, erkaklik quvvatini oshiruvchi bebaho dorivor sifatida sharq tabobatida keng qo‘llaniladi.

Sistanxe Shimoliy Afrika, Markaziy Osiyo va Piriney yarim oroli cho‘llaridagina o‘sadi. Uning asosiy xaridorlari Yaponiya, Xitoy va boshqa shimoliy-sharqiy Osiyo davlatlaridir. Hozirgi vaqtda Qozog‘iston Markaziy Osiyoda ushbu o‘simlikni eksport qiluvchi yagona davlat hisoblanadi. Qozog‘istonda yiliga 100-150 tonnagacha mazkur dorivor o‘simlik eksport qilinadi.

Sistanxe qadimda Markaziy Osiyoda “oltin tomir”, “hayot ildizi” nomi bilan atalib, Sharq tabobatida keng qo‘llanilgan. Hozirda O‘zbekistonning Buxoro, Navoiy viloyatlari, Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumanidagi cho‘l hududida va Qoraqalpog‘iston respublikasida tabiiy ravishda keng tarqalgan.

Ushbu o‘simlikni O‘zbekistonda yetishtirish bo‘yicha hozirgi kunda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot instituti olimlari va Yaponiyaning OYO kompaniyasi tadqiqotchilari hamkorlikda ishlarni olib borish bo‘yicha memorandum imzolashgan. Bu o‘simlik yetishtirilishi bilan cho‘l hududlarida yashayotgan aholi uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishi bilan birga bir gektardan o‘rtacha 150-200 kg “oltin tomir” yetishtirib, 1500–2000 AQSH dollari miqdorida daromad qilish imkoniyati yaratiladi.

Isiriq ham juda foydali dorivor o‘simlik sanaladi. Buxoroning cho‘l hududlarida mazkur o‘simlik keng tarqalgan. Sharq tabobatida qadim zamonlardan beri isiriq shamollash, gripp, teri-tanosil va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi qo‘llanilib kelinadi. Ushbu o‘simlikni qayta ishlab chiqarish orqali, yorituvchi va hid chiqaruvchi shamlar tayyorlash mumkin.

2018 yilning kuzida ekilgan isiriqni 2 yil o‘tgach, 2020 yilning avgust oyida o‘rib olinadi. 1 gektar maydondan 2,5-3,5 tonnagacha hosil olinadi. Sarf qilinadigan xarajatlardan tashqari 7 million so‘m sof foyda olish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari tayyor mahsulotni ichki bozorga yetkazib berish hamda Turkiya, Xitoy, Hindiston va boshqa Osiyo davlatlariga eksport qilish imkoniyati mavjud.

 

Xurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: