Bayram shodiyonalari ko‘tarinki ruhda o‘tmoqda

…Tinch va osoyishta, xalqi baxtiyor, hayotidan rozilik, shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘ulariga limmo-lim to‘lgan, istiqboli yorug‘ va saodatli yurtga bayramlar yarashadi. “Lokomotiv-Anhor” bog‘i yonidagi maydonga kelayotgan yurtdoshlarimizning barchasida ana shunday ruhiyatning zohirligini ularning nurafshon chehrasi va yuz-ko‘zi, bolajonlarning sho‘x kulgusidan ilg‘ash mumkin.

Maydon markazidagi balandligi 26 metr, aylanasi 7 metrdan ortiq go‘zal archaga minglab shar va o‘yinchoqlar, kamalakrang chiroqlar zeb berib turibdi. Yon-atrofdagi projektorlar uning kechki paytdagi mahobatini tasvirlaydi.

Hududning g‘oyat keng va mo‘lligi kichkintoylarning bemalol yugurib o‘ynashi, Qorbobo va Qorqiz bilan suratga tushishi, tomoshalardan to‘laqonli bahramand bo‘lishiga imkon beradi. Maydondagi qo‘shimcha archalar, savdo shoxobchalari, o‘yin maydonchalari bayram shukuhining yanada ortishiga xizmat qilmoqda. Bu yerga o‘rnatilgan ulkan ekranlarda istiqlol yillarida erishilgan yutuq va marralarimiz, barkamol avlod kelajagi yo‘lidagi g‘amxo‘rliklarga oid ijtimoiy videolavhalar, multfilmlar namoyish etilmoqda. Rang-barang arg‘imchoqlar, attraksionlar, o‘yin qurilmalari o‘g‘il-qizlar bilan to‘lgan. Sovg‘a-salomlar, o‘yinchoq va shirinliklar rastalaridan ko‘z quvnaydi.

Maydondagi sahnada O‘zbek Milliy akademik drama teatrining “Semurg‘” tomoshasi bolajonlar e’tiboriga havola etilmoqda. Rang-barang konsertlar, turli intellektual o‘yinlar, qiziqarli tomoshalar bayramga yanada shukuh bag‘ishlaydi. Ulkan Qorbola, ayig‘-u tulkichalar, ertak va multfilmlardagi quvnoq qahramonlarni ham aynan shu yerning o‘zida uchratish mumkin. Turli projektorlar, yoritish moslamalari, lazerli texnologiyalar, zamonaviy maxsus badiiy effektlar maydonning oqshomgi ko‘rinishiga o‘zgacha maftunkorlik, sehr va joziba bag‘ishlaydi. Go‘yoki, ertaklar olamiga tushib qolgandek his etasiz o‘zingizni.

– Mamlakatimizda inson omiliga ustuvor e’tibor qaratilgan, farzandlari zavol bilmay o‘sayotgan shunday tabarruk yurtda yashayotganimdan g‘oyat faxrlanaman, – deydi Mohigul Jamolova. – Bolalarimni olib, bayram tomoshalariga keldik. Ular dildan yayrashdi. She’ru topishmoqlarni biyron aytib, Qorbobodan sovg‘alar oldi. Bugun barchaning tilida, dilida yagona tilak – Ilohim, tinchligimizga, istiqlolimizga, yurtimizga, dorulomon kunlarimizga ko‘z tegmasin!

Yangi yil bayramiga bag‘ishlangan teatrlashtirilgan-musiqiy tadbirlar Xadra maydoni, Yunusobod tumani “Sayilgoh” maydoni, Chilonzor tumani “Algoritm” dahasidagi “Roison Electronics” korxonasi oldidagi maydon, Yashnobod tumani “Aviasozlar” shaharchasi maydoni, Mirzo Ulug‘bek tumani “Lokomotiv” bog‘i, Sergeli tumani “Baxt diyori” guzari oldidagi maydon hamda Bektemir tumani “Quyoshcha nuri” madaniyat va istirohat bog‘larida o‘tkazilmoqda. Bu yerda “Zumrad shaharcha sehrgari”, “Baxt kaliti”, “G‘aroyib qush”, “Qor malikasi” va boshqa ko‘plab spektakllar bilan birga rang-barang musiqiy dasturlar, o‘yin va viktorinalar, qiziqarli sahna ko‘rinishlari, sirk ustalarining dasturi tomoshabinlarga taqdim etilmoqda.

Yana o‘qing:  Tomorqa – daromad manbai

 

Vasila PO‘LATOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: