JSST yevropa mintaqaviy byurosi sessiyasi davom etmoqda
Shu yilning 11 sentyabrida o‘z ishini boshlagan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosining 67-sessiyasi qizg‘in pallaga kirdi.
Budapesht shahrida o‘tayotgan ushbu tadbirda 53 ta a’zo davlat qatorida O‘zbekiston nomidan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Bu yilgi sessiyada JSSTning 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan umumiy ish dasturi, “Salomatlik–2020” siyosatini amalga oshirish, Yevropa mintaqaviy byurosiga a’zo davlatlar o‘rtasida dori-darmon ta’minoti bilan bog‘liq aloqalarni yaxshilash kabi dolzarb mavzularda muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda.
JSST Yevropa mintaqaviy byurosining 67-sessiyasida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ham ma’ruza qildi. Vazir o‘z chiqishida “Salomatlik – 2020” siyosatini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston tibbiyotida olib borilayotgan islohotlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng A.Shodmonov mamlakatda tibbiyot sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishida muhim asos hisoblangan huquqiy hujjatlarga to‘xtalib, qisqa fursat ichida davlat rahbari Sh.Mirziyoev tomonidan 30 ga yaqin soha rivojiga oid farmon, qaror va farmoyishlar qabul qilingani va ular ijrosi bosqichma-bosqich ta’minlanayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Aytish joizki, mamlakatimizda ushbu xalqaro anjumanda muhokama etilayotgan dolzarb masalalardan biri sil kasalliklarini davolash bo‘yicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Xususan, ushbu xastalikni davolash samaradorligi bugun 87 foizga yetkazildi. Dunyoda ushbu ko‘rsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija ko‘lami yanada yaxshiroq anglashiladi. Yana bir e’tirof etishga arzirli yutug‘imiz, JSST ma’lumotiga ko‘ra, silga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ftiziatriya xizmatining Yevropa hududidagi 53 mamlakat orasida kuchli uchtalikdan o‘rin olgani bo‘ldi. Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlarga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q. Barchasi davlat darajasidagi e’tibor samarasidir.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirining ma’ruzasidan so‘ng JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus va JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab mamlakatda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.