Tinchlik – bolalar nigohida
O‘zbekiston Badiiy Akademiyasida Respublikamizdagi umumta’lim maktab o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida «Yer kurrasida tinchlik» an’anaviy rasmlar ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ushbu ko‘rik tanlovdan ko‘zlangan maqsad bolalarning san’atga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni tasviriy san’at va badiiy ijodga bo‘lgan qiziqishini mustahkamlashdan iboratdir. Tanlov ikki bosqichda o‘tkazilib, birinchi bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari qatnashishdi. Shundan 9 nafar g‘oliblar va 7 nafar nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarning eng yaxshi ishlari 30 may kuni tanlovning yakuniy bosqichida e’lon qilindi. Tanlov 3 ta yosh kategoriyasi bo‘yicha o‘tkazildi: 3 yoshdan — 6 yoshgacha, 7 yoshdan — 11 yoshgacha, 12 yoshdan — 15 yoshgacha.
Ushbu tanlovda ishtirokchilar o‘zlarining ijod namunalari bilan yurt tinchligi, Vatan ravnaqi va xalq farovonligi haqidagi tasavvurlarini ranglar orqali tasvirlashga harakat qilishdi.
Tadbir so‘nggida tashkilotchilar tomonidan barcha g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri