Orasta qizlar davrasida
1 iyun – Xalqaro Bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Olmazor tumanidagi 106-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tuman xotin-qizlar qo‘mitasi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi tayanch maskani, Olmazor tuman «Barkamol avlod» Bolalar markazi va bir qator tashkilotlar hamkorligida «Orasta qizlar davrasida» deb nomlangan ko‘rik-tanlov o‘tkazildi.
Tadbirning o‘tkazilishidan ko‘zlangan maqsad barkamol va sog‘lom o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalash, zaif eshituvchi o‘quvchilar o‘rtasida do‘stona munosabatni rivojlantirish, ularni kasbga yo‘naltirishda yoshlarni qiziqtirish, shuningdek, qizlarni maktabdan keyingi mustaqil hayotga tayyorlash va shu orqali o‘zlarining intilishlari, istak va xohishlaridan kelib chiqqan holda o‘z maqsadlarini belgilab unga erishishni o‘rgatishdir.
Tanlovda qizlar belgilangan shart bo‘yicha bellashib, o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi. Bellashuv so‘nggida qizlar «Eng orasta qiz», «Eng latofatli qiz», «Eng chaqqon qiz», «Eng ziyrak qiz» kabi nominatsiyalar bo‘yicha diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Shuningdek, ushbu ta’lim maskanida bayram munosabati bilan eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarni sportga keng jalb qilish, ularning salomatligida sportning ahamiyati muhim ekanligi haqida tushunchalarini boyitish maqsadida maktabning 1-sinf o‘quvchilari o‘rtasida «Quvnoq startlar» sport musobaqasi o‘tkazildi.
Tadbir qatnashchilariga «Sog‘lom avlod uchun» tayanch maskani tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ra’no ERGASHEVA,
o‘qituvchi