BOL HAM ME’YORIDA TOTLI
his-tuyg‘ular haqida ham shunday deyish o‘rinlidir
(davomi)
QIZIQUVCHANLIK
Bu his-tuyg‘u muvaffaqiyat qozonish yo‘lidagi muhim omillardan biridir. Zotan, qiziquvchanlik tufayli odam butun diqqat-e’tiborini bir yerga jamlab amalga oshirayotgan ishini puxtaroq bajarishga layoqatli bo‘ladi. Mazkur his-tuyg‘uga kelganida normani aniq ifodalash birmuncha mushkulroq kechadi. Har holda qiziquvchanlik ta’sirida faoliyat yuritayotgan odam atrofidagi olam voqealariga munosib tarzda javob qaytara olish, o‘z zimmasidagi yumushlarni aniq, vaqtida bajarishga muvaffaq bo‘lsa, xavotirga hojat qolmaydi.
Qiziquvchanlik bora-bora ehtirosga aylanib ketsa, odam tashqi muhit voqealariga nisbatan adekvat tarzda javob qaytara olmaydigan bo‘lib qoladi. Bunday kishining butun fikri-zikri faqat bitta narsa (maqsad)ga qaratiladi, boshqa narsalarga e’tibor pasayib ketadi. Buning oqibatida atrofidagi yaqinlari bilan munosabat buziladi. Imkoni boricha vaziyat bunday holatga yetib borgunicha yo‘l qo‘ymaslik lozim.
Ba’zida ehtiros odamning fikri-zikrini batamom qamrab olib odamni savdoyi darajasigacha yetkazishi mumkin. Bunday odamlar pand-nasihatlarga quloq tutmaydi, o‘z xatti-harakatlariga ob’yektiv (xolisona) baho berolmaydi, diqqat-e’tibori susayadi. Ehtirosli kishini aldash, o‘z ta’siriga tushirish juda oson.
Vaziyatni o‘nglash uchun nima qilish kerak?
Qiziquvchanlik meyo’ridan oshib ketmasligi uchun hamma vaqt vaziyatga real baho berishga harakat qiling. Ehtiros quliga aylanish bir vaqtning o‘zida yuz bermaydi. Bu jarayonni nazorat ostida saqlash imkoniyati borida tegishli xulosalar chiqarishga oshiqing.
HAYRATLANISH
Odatda bu his-tuyg‘u ta’siriga tushgan odam diqqat-e’tiborini tortgan ob’yektni yaxshiroq bilib olishga urinadi, uning hatti-harakatlari nisbatan sekinlashadi, ko‘zlari va og‘zi katta-katta ochiladi. Ta’kidlashimiz joizki, ajablanish qanchalik kuchli va teran bo‘lsa odamning qiziqishlari shunchalik keng ko‘lamli bo‘ladi. Bunday odam osongina bilim orttiradi.
Aksariyat hollarda hayratlanish oqibatida atrof-muhitdagi voqealarga nisbatan diqqat-e’tiborimiz ancha pasayib ketadi. Bu xususiyat va hissiyot diqqat-e’tiborni bir yerga jamlashga to‘g‘ri keladigan vaqtlarda xalaqit beradi. Shuningdek, avtomobil haydash chog‘ida katta xavf tug‘diradi.
Ajablanish haddan ortiq darajada ifodalansa, juda xavfli holat yuzaga keladi. Negaki, favqulodda hayrat ta’siriga tushib qolgan kishi tegishli harakatlarni bajarish o‘rniga lol qolib qotib turishi mumkin. Bunday hissiyot ta’sirga tushgan odamning fikrlash qobiliyati bir zumga qotib qoladi. Bordiyu, xavfli vaziyatda shunday holatga tushib qolsangiz buning oqibatlari qanday bo‘lishi mumkinligini bir tasavvur qilingchi.
Vaziyatni o‘nglash uchun nima qilish kerak?
Hamma narsadan hayratlanish xususiyatiga ega bo‘lgan odam ehtiyot chorasini ko‘rib qo‘yishi, ya’ni shunday vaziyatlarda darhol qo‘lini chimchilab og‘riq ta’sirida hushini qaytarib olishi, vaziyatning o‘z-o‘zicha rivojlanishiga to‘sqinlik qilib o‘zini tinchlantirishi va vaziyatga real ko‘z bilan boqishga urinishi kerak.