QULAY SHAROIT, YAXSHI MUHIT, KELAJAKKA TARADDUD

Egnidagi kiyimlari o‘zlariga yarashgan, yuz-u ko‘zida tabassum balqqan, jajji qo‘llarini ko‘ksiga qo‘ygancha jo‘r ovozda O‘zbekiston madhiyasini baralla kuylayotgan bolajonlar Chilonzor tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limiga qarashli 24-maxsus maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanishadi. Zamonaviy ko‘rinishda qad rostlagan maskanda kichkintoylar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

“Sog‘lom farzand” nomli mazkur maxsus maktabgacha ta’lim muassasasi 220 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda o‘zbek va rus tillaridagi 12 ta guruhda tarbiyalanayotgan kichkintoylar tuman va shahar miqyosidagi nafaqat bayram tadbirlarida, balki sport musobaqalarida ham faol ishtirok etishmoqda. “Sog‘lomjon-polvonjon” sport musobaqalarining tuman miqyosida ikkinchi o‘rinni egallagan maskan jamoasi bolajonlari yana yangi musobaqalarga tayyorlanishmoqda. Muhamadamin Abdurahimov, Abdulloh Ahmadjonov, Robiya Sultonova, Daniel Zaxarov, Alisher Rasulov, Akbar Muhammedov singari sportsevar bolajonlar “Kichkintoylar olimpiadasi”, bizning guruh “Jasurtoy” va “Alpomish”, “Toychoq” hamda “Polvonjon” kabi ko‘plab sport musobaqalarida faxrli birinchi, ikkinchi o‘rinni egallab tengdoshlariga o‘rnak bo‘lishmoqda. Muassasa erishayotgan yutuqlar zamirida, albatta, hukumatimiz tomonidan yosh avlodning ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor yotibdi. Mazkur MTMga joriy yilda davlat tomonidan ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida 80 million so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Natijada isitish tizimi to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Yopiq cho‘milish havzasi zamonaviy qiyofa kasb etdi. Qolaversa, muassasada bolalarni maktabga tayyorlash ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ingliz tili, rasm, shaxmat-shashka, musiqa to‘garaklari bolajonlar ixtiyorida.

– Maskanimizda bolajonlar bepul tarbiyalanishadi. Kichkintoylarga ortopedik xizmatlar ko‘rsatilib, ularning sog‘lig‘ini tiklash uchun tavsiyalar asosida uqalash muolajalari ham olib boriladi, – deydi muassasa rahbari Kamola Asilova. – Tarbiyalanuvchilarning iqtidorini yuzaga chiqarish maqsadida o‘tkazilayotgan “Asfaltga rasm chizish”, “Yer kurrasida tinchlik” mavzularidagi rasmlar tanlovi, bolajonlar ishtirokida tashkil etilgan turli konsert dasturlari ularning nafaqat dunyoqarashini shakllantirib qolmasdan, balki ijodkorligini ham rivojlantirib, nutqini o‘stirishga xizmat qilmoqda. Maxsus maktabgacha ta’lim muassasamizda “Zumradoylar davrasi” to‘garagi tashkil etilgan. Ushbu to‘garakda katta guruhlarda tarbiyalanayotgan qizaloqlar uchun qiziqarli mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Ta’kidlash joiz, Alfiya Karimova, Habiba Haitmuhammedova, Aqida Yadgarxadjaeva, Barno Davronova, Muborak Jo‘rayeva, Saodat Rahimova, Svetlana Melets, Go‘zal Usmonova, Muqaddam Karimova kabi 18 nafar tajribali tarbiyachilar mehnati samarasi o‘laroq, muassasaning shahar miqyosidagi nufuzi ortib bormoqda.

Яна ўқинг:  ЎЗБЕКИСТОН КЕЛАЖАГИ – ЁШЛАР ҚЎЛИДА

– Muassasada faoliyat olib borayotgan har bir xodim va tarbiyachilarning o‘z ishiga mas’uliyati tufayli bolajonlarimiz sog‘lom ulg‘ayishmoqda, – deydi MMTM uslubchisi Gulchehra Ibragimova. – Bu yerda kichkintoylar ravon talaffuzni, sanoq sonlarni o‘rganishyapti. Shuningdek, bolajonlar yasayotgan turli-tuman ko‘rinishdagi shakllar orqali ularning ijodkorligi yanada oshadi.

Muassasa faoliyati bilan tanishar ekanmiz yana bir jihati e’tiborimizni tortdi. Mazkur bolalar oshyonida sitrus mevali issiqxona shinamgina jonli burchak tashkil etilgan bo‘lib, bu orqali esa bolajonlarda nabotot va hayvonot olamiga bo‘lgan munosabat shakllantiriladi. Insoniyat va tabiat o‘rtasidagi rishta nechog‘lik ajralmas ekanligini jajji qalblarga singdirib ularda Ona tabiatga nisbatan cheksiz mehr-u muhabbat tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Jamila HAYDAROVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: