Bolaga “pora” chora bo‘lmasin
Dilobar bugun ham ishga kech qolayotganidan asabiylashdi. Sababi, ishga kirganiga endigina ikki oy bo‘lganiga qaramay, bir necha marta boshliqdan gap eshitib, tushuntirish xati yozishgacha ulgurdi. Aksiga olib o‘g‘li Sardor ham bog‘chaga borishni xohlamay xarxasha qila boshladi. Barcha harakatlar befoyda ekanligini bilgach, o‘g‘lini aldashga tushdi:
– Sardorjon, bog‘chaga yig‘lamay borsang, hamma aytganlarimga ko‘nib, injiqlik qilmasang, senga velosiped olib beraman.
Shu kundan o‘g‘il onasining barcha aytganlarini so‘zsiz qila boshladi. Lekin kunlar ketidan oylar o‘tsa-da berilgan va’da bajarilmadi. Boisi, Dilobar farzandini shunchaki aldagan edi…
Ha, inson o‘zi xohlaydimi yo‘qmi hayoti davomida ko‘p bora yolg‘on va quruq va’dalarga aldanadi. Ayniqsa, bolakaylar bu borada ko‘p pand yeydi. Yolg‘on ularning ishonchini butkul poymol qiladi. Shunday ekan bu masalada psixolog tavsiyalariga quloq tutamiz:
– Eng avvalo bolani “pora”ga o‘rgatish kerak emas.
O‘zingizning xohishlaringizni bajarish evaziga unga biror narsani taklif etish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.
Sababi farzand ulg‘aygani sari uning talablari ham ortib boradi. Ular ongida injiqligi tufayli bir narsalik bo‘lib qolish fikri paydo bo‘ladi.
Ikkinchidan, agar bolaga bir nimani va’da qilib, ustidan chiqmasangiz, uning fe’l-atvorida tajovuskorlik paydo bo‘ladi. Bu holatda farzandingiz jahldor yoki aksincha odamovi bo‘lib qolishi mumkin. Sababi u o‘zi istagan narsasiga erisholmadi. Eng yomoni, bu ruhiy iztirob unga bir umrga tatishi ham hech gap emas. U orzulari ushalishiga, maqsadlarining amalga oshishiga ishonmay qo‘yadi. Keyinchalik gapingizga kirmasdan, sizni hurmat qilmaydigan odat chiqaradi. Bola bosim ostida qolsa, “poraxo‘r” yoki gapga kirmaydigan bo‘lib qoladi. Bu esa ularning fe’l-atvoriga bog‘liq.
Bir so‘z bilan aytganda farzandingizga biror narsa taklif qilib, o‘zi istamagan ishga majbur qilish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi.
Psixolog Shahnoza XALILOVA maslahatlari asosida
Charos XUSHVAQTOVA tayyorladi.