Huquqiy qo‘llanmalar taqdimoti
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida “Vorislik huquqi” amaliy qo‘llanmasi va “O‘zbekistonda meros huquqi” broshyurasi nashr etildi.
Mazkur kitoblar taqdimotida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari X.Yodgorov va boshqalar mamlakatimiz sud-huquq tizimidagi islohotlar ahamiyati, fuqarolar huquqiy madaniyatini yuksaltirishda mazkur qo‘llanmalarning o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, meros mulki bilan bog‘liq nizolar kelib chiqishiga ko‘p hollarda fuqarolarning amaldagi qonun talablarini yaxshi bilmasligi, vorislar bir-birining qonuniy huquqlarini tan olmasligi sabab bo‘lmoqda.
“Vorislik huquqi” qo‘llanmasi fuqarolarning o‘z mulkiy huquqlarini amalga oshirishida, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalarning vorislik huquqiga doir qonun normalarini to‘g‘ri qo‘llashida muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu qo‘llanmada qonun va vasiyatnoma bo‘yicha vorislik, vasiyatnoma va uning turlari, merosni qabul qilish bilan bog‘liq tartib va majburiyatlarga doir ma’lumotlar berilgan. Kitob sodda va ravon tilda yozilgan. Unda qulay sxemalar, savollar va javoblar, sud amaliyotidan olingan muammoli vaziyatlar va ularning o‘ziga xos yechimi qamrab olingan.
“O‘zbekistonda meros huquqi” broshyurasida meros qilib qoldirish mumkin bo‘lgan mulklar, vasiyatnoma tuzishning muhim jihatlari, vasiyatnomalarni taqsimlash tartibi, merosni egallash, merosning taqsimlanishi, notariuslar notarial harakatlarni amalga oshirganliklari uchun to‘lanadigan davlat boji stavkalari va boshqa masalalarga taalluqli ma’lumotlar jadvallar, sxemalar va rasmlar yordamida tushunarli holda yoritilgan.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA