Siyrati tanish muallima
Devordarmiyon qo‘shnimiz Malika buvidan mahalladagi barcha bolalar birdek qo‘rqardik. Aslida buvi birovning dilini og‘ritadigan odam emasdi. Juda g‘ayratli ayol edi. Onamning aytishlaricha, sakkizta bola voyaga yetgan bu xonadonda kunora tong saharlab tandirda non yopilar ekan. Boya aytganimdek bu fayzli hovlining bekasiga Yaratgan g‘ayrat va shijoatni botmonlab bergan edi.
Esimni taniganimdan beri qo‘shnimizning uyida qoramol, qo‘y-qo‘zi, hatto, tovuqdan o‘rdakgacha boqilardi. Dambadam ko‘cha darvoza oldiga mashinalab to‘kilgan yem-xashaklarni ayaning o‘zi bolalariga bosh bo‘lib bir zumda hovliga tashittirib, ko‘chani gard yuqmaganday tozalab qo‘yardi. Ayaning biror bir farzandi bekor o‘tirganini birov ko‘rgan emas. Bolalar ayniqsa, otasining yumushlarini yengillatishni yaxshi ko‘rishardi. Mirishkor dehqon Mo‘min amakining tilni yorar darajadagi qovun-tarvuzlari har doim elnikidan bir hafta-o‘n kun oldin yetilardi. O‘g‘illarining yerga bo‘lgan mehridan otaning ko‘ksi osmon. Qo‘li bo‘shadi deguncha polizga yuguradigan farzandlar qator oralarida birorta ham begona o‘t qoldirishmasdi. Bunday paytlarda choki silliq bo‘lgan aya ham qo‘ni-qo‘shni-yu qarindosh-urug‘ xizmatidan bo‘shamasdi. To‘y boshlab qo‘yganlar ko‘rpa qavitish uchun onaxonni haftalab kutishardi. Hali-hanuz o‘ylab-o‘yimga yetolmayman – aya shuncha yumushlarga qanday ulgurgan ekan-a?
O‘sha paytlar biz bolalar ko‘chaga chiqishdan oldin eshikni qiyalab, tashqariga bir qarab olardik. Malika aya ko‘rinmasa, keyin chiqardik. Bu ham bekorga emasdi. U kishi ko‘chadan o‘tgan chog‘i bekorchi bolalarni ko‘rib qolsa, darrov tergashga tushardi:
– Hoy bola, bu nima turish? Ota-onangga qayishsang bo‘lmaydimi? Eshiklaring oldidagi bir uyum tuproq bir haftadan beri turibdi. Zambilg‘altakni olib chiq, o‘zim tashib beraman, – derdi rostmana jahli chiqib. Boshqa biroviga esa:
– Molingga bir chimdim o‘t yulib kelsang bo‘lmaydimi, oilangga harna yordam-ku. Bekor o‘tirmanglar. Doim harakatda bo‘lgan odamga hech qanday kasallik yaqin yo‘lamaydi, – derdi kuyinib.
Eng qizig‘i, biz bolalar ayaning gaplarini sirayam og‘ir olmasdik. Bu ajoyib ayolning fazilatlari haqida kattalardan ko‘p eshitganimiz bois bizni har qancha tergashga ma’naviy haqqi borligini ich-ichimizdan his qilardik.
Bugun esa yoshimiz ulg‘ayganda Malika buvi kabi ayollar nafaqat oilasining, balki elning baxti ekanligini teranroq his qildik. Mehnatkash, bola tarbiyasini birinchi o‘ringa qo‘yadigan insonlarni ko‘rganimda esa beixtiyor, o‘zgacha bir iliqlik bilan ayani eslayman.
Poytaxtimizdagi 300-IDUM boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Tamara Ahmedova 3-“F” o‘quvchilari bilan tayyorlagan bayram dasturini kuzatarkanman butun vujudimni bolalik xotiralari chulg‘ab olgandek bo‘ldi. Ustozning har bir harakatida olam-olam ma’no ilg‘ayotgandek edim. O‘sha pallada jajji bolalarning qadim qadriyatlarimizga bo‘lgan ehtiromi har qanday kishini to‘lqinlantirib yuborardi.
– Bekorchilik barcha illatlarning onasi, – deydi Tamara opa. – Davlatimiz yoshlarni bizga ishonib topshirishi, har bir pedagog uchun katta sharaf. Aynan shu yoshda bolalar hayotlari davomida asqotadigan ma’lumotlarning asosiy qismini egallab ulguradilar. Shuning uchun ularni bir daqiqa bo‘lsa-da, bekorchi narsalarga chalg‘ishlariga yo‘l qo‘ymayman. Har bir o‘quvchimning yurish-turishi, aytayotgan so‘ziga e’tiborli bo‘laman. Ularning yutuq-kamchiliklarini ota-onalar bilan tez-tez muhokama qilamiz.
Ochig‘ini aytganda anjumanni kuzatar ekanman, bu ustoz qo‘lida ta’lim olish baxti nasib etgan o‘quvchilarga havasim keldi. Oradan sal o‘tmay, Xotira va qadrlash kuni arafasida taqdir meni yana opaga ro‘para qildi. Avval Temuriylar tarixi davlat muzeyi, so‘ng Xotira maydoniga shogirdlarini olib borishni rejalashtirgan ustoz bilan yo‘limiz tutashdi. O‘sha lahzalarda Sohibqiron bobomiz haqida faxr bilan hikoya qilayotgan ustoz va uni jon qulog‘i bilan tinglayotgan o‘quvchilarni kuzatish nihoyatda maroqli edi.
Xotira maydonida esa Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari bilan bo‘lgan yuzma-yuz muloqot ham bolalar qalbida bir umrlik o‘chmas iz qoldirgan bo‘lishi, shubhasiz.
– Bolalar qahramon bobolarini ko‘rishi, ularning jasorati haqida o‘z og‘izlaridan eshitishining tarbiyaviy ahamiyati nihoyatda katta. Shuning uchun ularni bu yerga olib keldim. Biz ustozlar murg‘ak qalblarga ezgulik urug‘ini qancha erta qadasak, uning mevasi shunchalik totli bo‘ladi, – deydi Tamara opa urush faxriylarining hikoyasini tinglab, ko‘zlariga qalqigan yoshni kafti bilan sezdirmaygina artarkan.
Nimagadir shu topda Malika buvini yana esladim. Nazarimda ulardagi g‘ayrat, shijoatni ustoz Tamara opada ham ko‘rayotgandek edim. Aslida qirqdan ziyod o‘quvchini “hay-hay”lab, butun mas’uliyatni zimmasiga olib, bu yerlarga olib kelishning o‘zi ibrat olsa arziydigan ish. Jajji “polapon”lar esa bir kun kelib, fidoyi ustozlar mehri tufayli kamolga yetib, el xizmatiga kamarbasta bo‘lishadi. Bu ezgulik tamal toshini esa Malika buvi-yu Tamara opa singari fidoyi insonlar qo‘yishadi.
Yusuf ABDULLAYEV