Saratonda soyabon qayg‘usi yoki quyosh tig‘ida yurishning zarari xususida
Serquyosh O‘zbekistonimizda issiq kunlar ham boshlandi. Ha, demay yozning chillasi ham kiradi. Bu davrda havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Xo‘sh, bunday havo haroratida issiq va oftob urishidan qanday saqlanmoq kerak?
Aholining turli qatlamlari, ayniqsa, yosh bolalar, keksalar, yurak-qon tomir, asab tizimi, qandli diabet, ortiqcha vazni mavjud insonlar nimalarga e’tibor qaratishlari lozim?
Tibbiyot ilmining sultoni Abu Ali ibn Sinoning “Boshingni quyosh nuridan asra, oyoqlaringni esa sovuqdan asra” degan o‘giti hali-hanuzgacha o‘z kuchini yo‘qotgani yo‘q.
Chunki, bosh miyadan katta arteriya, vena qon-tomirlari o‘tgan bo‘lib, odam kunning issiq vaqtida boshyalang yurganda qizib, butun tanada issiq qon aylanib, kishining har xil kasalliklarga chalinishiga sabab bo‘ladi.
Dim xonada issiq elitishi va oftob urishi ko‘proq yosh bolalar va keksalarga zarar yetkazadi. Ayniqsa, yurak-qon tomir tizimi kasalligi va qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar, tana vazni me’yoridan ortiq bo‘lgan insonlar, spirtli ichimliklarni iste’mol qilgan shaxslarni issiq kunda oftob urish xavfi ehtimoli eng yuqori bo‘ladi.
Oftob va issiq urmasligi uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Buning uchun kiyim tabiiy tolali matodan kengroq qilib tikilgan bo‘lishi kerak. Yana boshga albatta oq chit ro‘mol o‘rash yoki och rangdagi bosh kiyim kiyish kerak. Chunki, qora rangli mato o‘ziga oftob nurini juda mo‘l singdirib oladi. Quyosh nuri tik tushib turgan vaqtda ochiq havoda kamroq bo‘lish, soya-salqin joylarda yurish zarur.
Jismoniy faollik bilan shug‘ullanishni esa ertalabki yoki kechki soatlarda o‘tkazgan ma’qul. Achchiq choy, kofe, shirin gazlangan suvlarni iste’mol qilmaslik maqsadga muvofiq. Spirtli ichimliklarni ichmaslik tavsiya etiladi. Ovqatlarni oz-ozdan iste’mol qilish shart. Ko‘pincha qatiqli mastava, moshxo‘rda hamda ayronli go‘ja, sho‘rva ichish foydali. Hech qachon mashina salonlarida yosh bolalarni va qariyalarni uzoq qoldirmaslikka e’tiborliroq bo‘lish darkor.
Oftob urishining belgilari:
Dastlab bemorning boshi og‘riydi. Keyin esa uning ko‘ngli aynishi mumkin. Yana u qayt qiladi. Shuningdek, unda tana haroratining ko‘tarilishi kuzatiladi. Yurakning tez urishi, nafas olishning tezlashishi, hushdan ketish holatlari ham oftob urgan kishiga xos holatlardir.
Bemorga birinchi yordam qanday ko‘rsatiladi?
Oftob urgan odamni darhol soya joyga yotqizib, uning ust-boshlarini yechib, muzdek suvga choyshabni ho‘llab, butun tanasi o‘raladi. Keyin bemorning boshiga muzdek suvga ho‘llangan sochiq o‘raladi. Yana xastaning bo‘yin, qo‘ltiq va chov oralig‘iga muz xaltachalari qo‘yiladi. Bemorga oz-ozdan suyuqlik ichiriladi va zudlik bilan “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroq qilinadi. “Tez yordam” mashinasi yetib kelguncha yuqoridagi muolajalar davom ettiriladi. Har bir beka xonadonda uyni sovutish maqsadida chelaklarga muzdek suv quyib, 3-4 metr bo‘z matoni ho‘llab ilib qo‘ysalar, xona harorati mo‘tadil saqlanadi. Xona derazalariga quyoshdan saqlash maqsadida ham bo‘z mato tutiladi. Albatta, uyda qaynatilgan sovuq suv bo‘lishiga diqqat qaratish lozim.
Yozning issiq kunlarida ovqatlanishga e’tiborli bo‘lib, qovurilgan, yog‘li, achchiq, nordon, dudlangan, konservalangan ovqatlarni iste’mol qilmasdan suyuq, qaynatilgan, bug‘da pishirilgan ovqatlarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Ovqatlar har doim bir martalik pishirilishi lozim. Shuningdek, yosh bolalarning kiyim-kechaklarini jaziramada oftob tig‘ida quritmang. Ola-chalpoq soya joyda barvaqt yuvib, yoyilgan kirlar quyoshning zararli radioaktiv nurlarini o‘ziga singdirib olmaydi. Tabiiy yaxna ichimliklar iste’mol qilish esa chanqoqni qondiradi.
Qarshixon XOLXO‘JAYEV,
tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent,
Respublika Salomatlik va tibbiy statistika instituti xodimi