Jamg‘arma faoliyatidan (2013-14)
Surxondaryo viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali Termiz shahridagi Bobur istirohat bog‘ida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘quvchi yoshlar o‘rtasida “Nafosat olami” shiori ostida sportning badiiy gimnastika va yengil atletika turlari bo‘yicha 47 nafar ishtirokchi o‘rtasida sport festivali o‘tkazildi. G‘oliblarga jamg‘armaning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Xorazm viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali Tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan Urganch shahridagi Tibbiyot kollejida jami 600 nafar o‘quvchi qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh nima uchun xavfli?”, “Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari”, “Skrining mohiyati”, “To‘g‘ri ovqatlanish” mavzularida davra suhbatlari tashkil etildi.
Farg‘ona viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali Qo‘shtepa tumanida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlab, 5 nafar kam ta’minlangan oila farzandlariga sunnat to‘yi o‘tkazib berildi. To‘yga tumanning 200 nafardan ortiq chekka hududlarida yashovchi ayollar jalb qilindi.
Sirdaryo viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali “Kamolot” YOIH viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda 80 nafar ishtirokchi o‘rtasida Shirin shahrida “Quvnoqlar va zukkolar” musobaqalarining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Musobaqa g‘oliblariga jamg‘armaning esdalik sovg‘alari topshirildi.
Samarqand viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda 170 nafar maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida Samarqand shahridagi 121-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida “Bahoroy sayillari” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Abbosjon Ergashev,
“Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi bosh mutaxassisi