Teatr: ham zavq ham saboq olasan

Bugungi axborot texnologiyalari va globallashuv asrida shaxsning rivojlanishi, ota-bobomizdan meros bo‘lgan boy madaniyatimiz, urf-odat va an’analarimizni yosh avlodlarga yetkazish eng dolzarb masalalaridan biridir. Bunda ayniqsa, teatr, kino va musiqaning tutgan o‘rni alohida. Jumladan, teatr san’ati hayotni, voqea-hodisalarni, turli kurashlar va ziddiyatlarni, ichki kechinmalarni dramatik xatti-harakatlarda, aktyor ijrosi orqali aks ettiradi. Bunda yozuvchi tomonidan yozilgan pyesa yoki librettoga tayaniladi.

Pyesani rejissyor sahnalashtiradi: rollarni aktyorlarga taqsimlab beradi, ular bilan mashqlar o‘tkazadi, rassom, libos tikuvchi, nur sozlovchi, musiqa tanlovchi (yoki kompozitor) va boshqalar bilan ish olib boradi. Pirovardida ko‘pchilik bo‘lib tayyorlangan sahna asari tomoshabinga ko‘rsatiladi. Aktyorlar sahnada yuz berayotgan voqealarga berilib, har xil fe’l-atvorli kishilarning qiyofalarini gavdalantiradilar. Teatr san’atining sehri uning tabiiyligidadir.

27 mart – Xalqaro teatr kuni. Ushbu sana 1961 yili YUNYeSKO huzuridagi Xalqaro teatr instituti tomonidan Avstriyaning Vena shahrida bo‘lib o‘tgan IX kongressida ta’sis etilgan edi. Hozirgi kunda jahonning 100 dan ziyod mamlakatlarida 27 mart kuni teatr san’ati xodimlarining kasb bayrami sifatida keng nishonlanib kelinadi. O‘zbekistonda ham har yili ushbu sana bayramona ruhda o‘tkaziladi.

Ushbu kunda “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan bir yillik yutuq va kamchiliklar sarhisob qilinadi.

– “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi tasarrufida 37 ta davlat teatrlari bo‘lib, ular o‘rtasida har yili ko‘plab tadbirlar o‘tkazilib kelinadi. Bu tadbirlar yurtimiz bo‘ylab va xalqaro ­miqyosida uyushtiriladi. Ikki yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan zamonaviy mavzuda “Seni ko‘ylaymiz, zamondosh!” spektakl­lar tanlovi, O‘zbekiston qo‘g‘irchoq teatrlarining an’anaviy festivali, “Toshkent bahori” deb nomlangan Xalqaro opera va balet san’ati hamda “Art Wek Stuli.uz” dasturiga kiruvchi Teatr.uz festivallari shular jumlasidandir. Bu festivallar doirasida seminarlar va mahorat darslari o‘tkaziladi. Bundan tashqari bu yil 100dan ziyod respublika teatrlari tomonidan mamlakat bo‘ylab gastrol safarlari uyushtirilishi rejalashtirilgan, – deydi “O‘zbekteatr” birlashmasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Bahodirov. – Yurtimiz teatrlari so‘nggi yillarda xalqaro maydonda ham o‘z nufuzlarini oshirib borishmoqda. Jumladan, O‘zbek milliy akademik drama teatri Misr Arab Respublikasi, Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina davlatlarida, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri jamoasi esa o‘tgan davr mobaynida Rossiya, Fransiya, Yaponiya, Malayziya, Hindiston, Xitoy kabi bir qancha davlatlarda, O‘zbek davlat drama teatri Fransiyada o‘tkazilgan xalqaro festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘zbek teatr san’atini xorijliklarga yaqindan tanishtirishga muvaffaq bo‘lishdi.

Yana o‘qing:  MUHIDDIN OMON BO‘LSIN!

Har yili 150dan ortiq yangi spektakllar sahnalashtirilib kelinmoqda. Ularning ko‘pchiligi milliy dramaturglarimiz qalamiga mansub. Shuni ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda teatrlarda zamon qahramonlari obrazini yaratish, qolaversa, OITS, giyohvandlik, odam savdosi, terrorizm, diniy ekstremizm kabi illatlarni fosh qilishga qaratilgan, tarbiyaviy ahamiyatga molik spektakllar sahnalashtirilib, nafaqat teatrlarning o‘zida, balki maktablarda, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida muvaffaqiyatli namoyish etib kelinmoqda.

Darhaqiqat, teatr – ma’naviyat beshigi. Bugungi globallashuv zamonida inson kechinmalari, uning tuyg‘u va istaklarini samimiy va xolis ko‘rsatib bera oladigan, shaxsga o‘zligini anglashda yordam beradigan yagona vosita, ajoyib maskandir. Shuningdek, teatrning yosh avlod tarbiyasida ham beqiyos o‘rni bor.

O‘zbek teatri ijodkorlar tomoshabinlar uchun tinimsiz mehnat qilib, bebaho sahna asarlari yaratishayotgan ekan, bundan bebahra qolishimiz kerak emas. Albatta, vaqt topib, oila a’zolarimiz bilan teatr­ga tushishimiz lozim.

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: