Ulg‘ayasiz, bir kun: sog‘lom va durkun

O‘zbek xalqining bolajonligi, mehrparvar va ahilligi haqida dunyo hamjamiyati, mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijlik sayyohlar to‘lqinlanib gapiradi. Bu bejiz emas. Mustaqillik elimizning dunyoqarashi, turmush sharoiti, yashash madaniyatini tubdan o‘zgartirdi. O‘tgan yigirma to‘rt yillik shonli tariximiz davomida boy tariximiz, o‘lmas obidalarimiz, ma’naviyatimiz, qadimiy urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi. Azaldan dunyo ilm-fani beshigini tebratgan yurt farzandi ekanimizni angladik.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘zimizni, o‘zligimizni qayta kashf etdik. Keksalarni e’zozlash, ular bilan hamisha kengashib ish ko‘rish, pand-nasihatlariga amal qilish muqaddas vazifamizga aylandi. Qolaversa, bolalarni asrab-avaylash, ularni Vatanparvar va kengfikrli etib tarbiyalash, iste’dodi va qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay muhit yaratildi. Bu xislatlar esa xalqimizning qon-qoniga singib ulgurgan boqiy qadriyat ekanini xalqaro hamjamiyat ham angladi, tan oldi.

Mamlakatimizda istiqlol yillarida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlarining har tomonlama yetuk va barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Ularning bilim olishi, davolanishi, iqtidorini namoyish etishi, ilmiy va jismoniy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlar muhayyo etildi. Birgina Bolalar uyiga “Mehribonlik” deya nom berilishi xalqimizning bolajon va mehridaryo ekaninining amaliy ifodasi sifatida qalblarni iliq orzu-niyatlar og‘ushiga chorladi. Tarbiyalanuvchilar uchun zamon talablariga har tomonlama mos keladigan sharoitlar muhayyo etildi.

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi 4-sonli “Mehribonlik” uyi faoliyati bilan yaqindan tanishar ekanmiz, yuqoridagi fikrlarning tasdig‘ini topamiz. Ayni vaqtda muassasada 69 nafar bola tarbiyalanmoqda. Ularning 61 nafari maktab yoshidagi bolalardir.

– Tarbiya – murakkab ijtimoiy jarayon, – deydi muassasa direktori Gulbahor Hamidova. – Bu esa barchamizdan katta mas’uliyat talab etadi. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, biz sog‘lom avlodni tarbiyalashimiz, sog‘lom avlod deganda faqat jismoniy baquvvatlikni emas, balki sharqona axloq-odob va umumbashariy g‘oyalar ruhida kamol topgan insonni tushunishimiz kerak. Bu borada “Mehribonlik” uyi tarbiyachisiga katta mas’uliyat yuklatilgan. Tarbiyalanuvchilar ongiga milliy istiqlol g‘oyasi, umuminsoniy qadriyatlarni singdirish, ularni ma’nan va jismonan sog‘lom kishilar qilib voyaga yetkazish, Vatan taraqqiyoti, xalq farovonligi yo‘lida fidoyi mehnat qiladigan odamlar sifatida tarbiyalash shu osoyishta, betakror yurtimiz oldidagi eng ulug‘ farzimiz hisoblanishi zarur. Bu mas’uliyatni yosh avlod ham dildan his etib kamolga yetmoqda. Qarang, bolalar uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarning chek-chegarasi yo‘q. Ulardan unumli foydalanayotgan muassasamiz tarbiyalanuvchilari ham turli sohalarda o‘z iqtidorlarini namoyish qilmoqda.

Яна ўқинг:  Юртимизда янги авлод автомобили

Darhaqiqat, mazkur “Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchilari o‘z iqtidori va qiziqishiga qarab turli to‘garaklar va sport mashg‘ulotlarida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Xususan, “Musiqa”, “Mohir qo‘llar”, “Sport”, “Yosh rassomlar”, “Yosh tabiatshunoslar”, “Gulchilik”, “Futbol”, “Shaxmat” kabi to‘garaklar shular jumlasidandir. So‘nggi yillarda muassasa tarbiyalanuvchilari sport sohasida ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritdilar. Ular respublika va viloyat miqyosidagi musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, 3 ta oltin, 14 ta kumush, 8 ta bronza medallariga, 10 ta birinchi, 8 ta ikkinchi darajali diplomlarga sazovor bo‘lishdi va ko‘plab qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar. Joriy yilning may oyida “Biz giyohvandlik va terrorizmga qarshimiz” shiori ostida o‘tkazilgan Karate sport turi bo‘yicha viloyat birinchiligida tarbiyalanuvchilarimizdan 1 nafari oltin, 6 nafari esa kumush va bronza medallariga sazovor bo‘ldi. “Mehribonlik” uyi bolalari nafaqat sportda, balki boshqa yo‘nalishlarda ham talaygina yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

– Joriy yilning may oyida Raketa modelini uchirish bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovida ishtirok etib ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim, – deydi muassasa tarbiyalanuvchisi Husan Sayfullayev. – Bu yutuqlarimizning zamirida biz yosh avlodga yaratib berilayotgan imkoniyatlar yotibdi. Qolaversa, bu kabi ko‘rik-tanlovlarning tashkil etilayotgani ham ruhimizni ko‘taradi, o‘zimizga bo‘lgan ishonchimiz ortadi. Eng muhimi, yangi-yangi do‘stlar topamiz. Ular bilan fikr almashamiz. Sohaga bo‘lgan qiziqishimiz rivojlanadi. Men ham kelajakda ushbu yo‘nalishda yetuk mutaxassis bo‘lmoqchiman. Buning uchun menda hamma narsa yetarli. Muassasada ham “Barkamol avlod” bolalar markazi tomonidan “Yosh aviamodelchilar” to‘garagi tashkil etilgan. Unda qatnashib, sohaning nozik tomonlarini qunt bilan o‘zlashtiryapman. Yutuqlarim samarasi ham ustozlarimning bergan ta’limlari mahsulidir.

Ha, tarbiyalanuvchilarning muvaffaqiyatlarida o‘qituvchi va tarbiyachilarning ham o‘rni muhim. Bugungi tezkor zamon tarbiyachilardan ham ilg‘or texnika-texnologiyalarni bilishni, bilimli va dunyoqarashi keng bo‘lishini talab etmoqda. Buning natijasi o‘laroq, yurtimiz yoshlari xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etib, mamlakatimiz sharafini himoya qilishayotir. Albatta, bu yutuqlarda mehnati singgan ustoz-pedagoglar ham munosib rag‘batlantirib kelinmoqda. Qamashi tumanidagi 4-“Mehribonlik” uyida 30 nafar tarbiyachi-pedagoglar ta’lim-tarbiya ishlarini olib borishmoqda. Ular orasida “Shuhrat” medali sohiblari, “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlanganlari bor.

– “Mehribonlik” uyi jamoasi ahil-inoq, – deydi muassasaning ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ro‘ziboy Abdiyev. – Ular bolalarga juda mehribon. O‘z navbatida bolalar ham aqlli-hushli. Bilim olishga, hunar egallashga juda qiziqadi. O‘z navbatida zamonaviy sinfxonalar, shinam yotoqxonalar tarbiyalanuvchilar ixtiyorida. Faqat, ularning zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashini, bilim ko‘nikmalarini yanada chuqurlashtirishini istardik. Shu maqsadda muassasamizda ham kompyuterlar to‘plami berilishi umididamiz. Besh yildan beri tegishli tashkilotlarga murojaat qilsakda, haligacha natija bo‘lmayapti. Ammo, ko‘rib turibsiz, bolajonlarning iqtidori yaxshi, yutuqlari ham talaygina. Qolaversa, ular kasb-hunar kollejlari yoki akademik litseylardagi ta’lim jarayonida ham muammoga yo‘liqishmaydi.

Яна ўқинг:  Раҳмат булоғи

Darhaqiqat, muassasa jamoasi bolalar taqdiri uchun jonkuyar. Bitiruvchilarning kasb-hunar kollejlarida o‘qishini davom ettirishini ham kuzatib borishadi. Ularni tug‘ilgan hududiga qarab, o‘quv muassasalariga o‘qishga jo‘natishadi. Qarshi shahri, Qamashi, Muborak, G‘uzor tumanlaridagi o‘rta maxsus ta’lim maskanlarida ko‘pgina tarbiyalanuvchilar kasb-hunar sirlarini puxta o‘rganishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur “Mehribonlik” uyi bolalari sog‘lom dunyoqarashi, o‘z zakovati bilan kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga albatta o‘z hissasini qo‘shadi. Zero, ular jonajon Vatanimizning mustaqilligini ko‘z qorachig‘idek asraydigan, mard va jasur farzandlar bo‘lib kamol topayotir.

Bahodir HALIMOV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: