QADIMIY SARCHASHMALARNING JAVOHIRI

2013 yilning Navro‘zi… Mana u qarshingizda yana yashil etaklarini nazokat bilan hilpiratib, qish bo‘yi bahorga zoriqqan ona zaminni gulu chechaklarga to‘ldirib, dillarni yayratib, dimoqqa yalpiz islarini ufurib jilmayib turibdi. Bu o‘sha Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma”sida, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turki”da, Abu Bakr al-Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarlarida ta’rif berilgan Navro‘z.

Bu o‘sha — Beruniy hazratlarining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida yozilishicha, “Navro‘z farishtalar ulug‘lagan kundir. Chunki, ular shu kunda yaratilganlar.

Uni payg‘ambarlar ham ulug‘ tutganlar, chunki, Quyosh ham shu kunda yaratilgan va uni podshohlar ham ulug‘laganlar, chunki, u zamonning birinchi kunidir”. Yana bir afsonaga ko‘ra, harakatsiz koinotni Tangri shu kuni, aynan Quyosh Hamal burjiga kiradigan soatda harakatga keltirgan. Bir necha ming yillik tarixga ega Navro‘z bayrami avlod-ajdodlarimiz tomonidan sharqona yangi yil sifatida nishonlab kelingan. Inson qalbining tabiat bilan uyg‘unlashib ketishi, boqiy, milliy qadriyatlarimizning Navro‘z bilan abadiy barhayot yashab kelayotgani, uni yo‘qotib tashlashga bo‘lgan urinishlarning barchasi besamar ketganligi, xalq uni ona zaminga qut va barokat olib keluvchi bayram deb bilishi, Istiqlol yillarida umumxalq bayrami sifatida e’lon qilinishi va har yili an’anaviy tarzda nishonlanishi, uning yer yuzidagi eng qadimiy bayramlardan biri ekanligi ko‘nglimizda cheksiz iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Bu yil ham qozonlarda yana sumalaklar qaynay boshladi, demak elning mo‘l-ko‘l duolari Navro‘z nafaslari ila vobasta bo‘lib ketadi. Toshkent Tibbiyot akademiyasi talabalari bilan bo‘lgan uchrashuvda ularning chehralarida Hamal quyoshi balqiydi. “Yaxshi kitob zamon, makon va vaqtning yozma uyg‘unligi, – deydi talabalardan biri. Navro‘z esa qadimiy bitiklardagi qalbimizdir”. “Biz ko‘chatlar ekdik, daraxt­larni oqladik, ariqlarni tozaladik, xashar qildik. Chunki, xashar Navro‘zimiz bag‘rida saqlanib kelayotgan milliy udumlarimizdan biridir”, – deydi yana bir talaba. Toshkent Tibbiyot akademiyasi fakultetlararo bo‘lib o‘tgan milliy folklor badiiy havaskorlik ko‘rik-tanlovi esa yoshlarning ushbu yo‘nalishdagi chiqishlarining o‘ziga xosligini aniqlash mezoni bo‘ldi. Toshkent Tibbiyot akademiyasi bo‘yicha ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektor Turdiqul Bobomuratov yoshlar ma’naviyati kamolotida milliy bayramlarimiz mohiyatini anglamoq – o‘zligimizni anglamoq ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

2013 yilning Navro‘zi… Bo‘s­tonliq. Sijjak qishlog‘i. Tog‘larning kaftidagi 43-maktab. Quyosh nurida cho‘qqidagi, tog‘ bag‘ridagi qorlar yarqirab yotibdi. Bir-biridan yoqimtoy maktab o‘quvchilari, qishloqning ulug‘lari hovlida Toshkentdan kelayotgan aziz mehmonlarni ikki qo‘li ko‘ksida kutib olishdi. O‘zbekiston xalq artistlari Naimaxon Po‘latova, Maryam Ixtiyorova, O‘zbek Milliy akademik drama teatrining iste’dodli aktyori Sharofiddin Muzropov, O‘zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limidan taniqli shoir Botir Ergashev, Nihol mukofoti sovrindori xonanda Mirijod Mirkomilov, “Shosh navolari” ansambli xonandalari Dilbar Nazirova, Eldor Yo‘ldoshev, Bo‘stonliq tumani Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulhayo Akramovalar davraga kirib kelishayotganida jajji kaftlar orasidan qarsak emas, go‘yo kaptarlar galasi uchib cho‘qqilarga qo‘ngandek bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilarining eng jajjilari hali maktabga bormagan, kattakon qo‘g‘irchog‘ini mahkam bag‘riga bosib, mehmonlarning chiqishlarini o‘ta jiddiylik va mehr bilan kuzatayotgan qizaloqlar… Tog‘larning kaftidagi qishloqda ham Navro‘z yashil etaklarini hilpiratib raqsga tushadi, she’rlar o‘qiydi, tog‘larni mast qilib qo‘shiq aytadi. Hamal burjiga kirgan quyosh cho‘qqida bir nafas to‘xtab, unga mahliyo bo‘lib qoladi. Davrada oppoq harir ko‘ylak kiygan mitti qizaloq bilan Navro‘z raqsga tushadi. Qizchaning nozik barmoqlari havoda to‘lg‘onadi. Tog‘ havosida… Sijjak qishlog‘ida.. 43-maktabning hovlisida… Navro‘z va Istiqlol bolasi o‘yinga tushadi. O‘zbekiston xalq artistlari Naimaxon opa va Maryamxon opaning shirali ovozi tog‘larni hayratga soladi. Dilbar va Eldorning tovushida quyosh chaqnaydi. Sharofiddin o‘qigan g‘azallar sehri hammani eltadi — Hazrat Navoiy, Bobur kabi ulug‘lar go‘yo davraga kelib chashma suvlariday tiniq bolalarning boshini silaydi, peshonasiga lab bosadi. Oldingi qatorda o‘tirgan onaxonlar, otaxonlar zavqdan xushhol tebranishadi.

Yana o‘qing:  TIL – DIL KALITI

Do‘ppingni osmonga ot,

Qirlarda quvnab yugur.

Daryoda oqsin armon,

Qushlar bilan suhbat qur,

O‘zbekiston seniki.

Endi qo‘shiq va she’r tinglagani cho‘qqilarning uchiga oppoq bulutlar kelib ilinadi. Navro‘z… Kunning bo‘yi bilan sochini tenglashtirgan sohira qo‘llari qadoq onalarimizni, oppoq soqolli Xizirsifat qariyalarimizni davraga chorlaydi. “Men keldim, sizlarni sog‘inib keldim g‘animatlarim. Men sizlar bilan birgaman, men sizlarda yashayman, deydi u. Chirchiq daryosining sirli shovillashlariga “Lazgi”ning o‘ynoqi ohanglari singib ketadi. Tog‘ kaftidagi mo‘jaz qishloqning onaxonlari, otaxonlari shiddat bilan “Lazgi”ga o‘ynaydilar. Kaftlar orasidan yana kabutarlar duvva uchadi. Samoni to‘ldiradi. Qanotlariga tilla suvlari ila “Xush kelding, Navro‘zi olam” degan sehrli, faqat dil ko‘zlari o‘qiy oladigan so‘zlar yozilgan.

2013 yilning Navro‘zi… Qibray tumani.. Kasb-hunar kolleji talabalarini yo‘qlagani Navro‘z boradi. Ular yurt koriga o‘zlarining kasbi bilan yaraydigan yoshlar.. Istiqlol yoshlari…

Navoiyni ko‘zga sur,

Bulbul o‘psin tilingdan.

Bu dunyo o‘taversin

O‘zbek degan elingdan,

O‘zbekiston seniki.

“Qaniydi, biz ham sizlardek yosh bo‘lib qolsak edi, deydi mehmonlardan biri. Biz doimo chakka o‘tib turadigan zax xonalarda o‘qirdik. Qora chiroqlarda dars tayyorlardik.. Biror joyga kiyib borish uchun tuzukroq libos ham topilmas edi. Yigirmanchi asr boshlari… 1936 yil dahshatlari… Urushdan keyingi qiyinchiliklar… U davrlarni sizlar hatto tasavvur ham qilolmaysiz, bolalarim”. Davraga sukunat cho‘kadi. Navro‘zi olam bir nafasga o‘tmishiga qaytadi. O‘sha paytlarda u ham qoralangan edi. Sal bo‘lmasa…

Talabalar xalq ardoqlagan insonlarning so‘zini diqqat bilan eshitadilar. Tarix yosh va navqiron xotiralarga kirib boradi. Zero, muhtaram yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q”. O‘tmish va bugunni bog‘laydigan Navro‘z ayyomi kabi oltin ko‘priklarimizdan yoshlar kelajakka o‘tib boradilar. Nihol mukofoti sovrindori Mirijod Mirkomilov o‘z qo‘shiqlari bilan davraga fayz kirgizadi. Iboli, navnihol qizlar raqsga tushadi. Navro‘z quvonchi qalblarni egallaydi.

2013 yilning Navro‘zi.. “Muxtasar qilib aytganda, deb yozadi prezident Islom Karimov o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida – yangilanish va ezgulik timsoli bo‘lgan Navro‘z falsafasi xalqimizga mansub odamiylik, mehr-oqibat, muruvvat va himmat kabi yuksak xususiyatlardan oziqlanib kelgani, ajdodlarimiz asrlar davomida qanday buyuk umuminsoniy g‘oyalardan bahramand bo‘lib, ma’naviy kamol topganining yana bir tasdig‘idir, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi”.

Yana o‘qing:  KO‘KLAM HADYASI

Sharifa SALIMOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: