KO‘KLAM HADYASI

Bahorda qir-adirlar, tog‘ yon bag‘irlari, ariq bo‘ylarida turli xil shifobaxsh giyohlar ko‘kka bo‘y cho‘za boshlaydi. Navro‘z qadam ranjida etgan elda ismaloq, jag‘-jag‘, momaqaymoq, shovul, yalpiz, otquloq, hilol, mador, beda, semizo‘t, qizil sho‘ra, dumba sho‘ra, kavrak kabi tabiatning tansiq ne’matlaridan ko‘k somsa, chuchvara, xalim, manti, yupqa kabi milliy taomlar tayyorlanib dasturxonlar bezatiladi. Shuningdek, halim, go‘ja, sumalak kabi tansiq ovqatlar ham mahalla-ko‘y bilan baham ko‘riladi. Chunki, uzoq davom etgan qishdan so‘ng vujudimiz vitaminlar, mineral moddalar, oqsillar, uglevodlar hamda organizm uchun zarur boshqa makro va mikroelementlarga ehtiyoj sezadi. Ana shu tanqislikni bahorda turli shifobaxsh ko‘katlar va giyohlar to‘ldiradi.

SEMIZO‘T

O‘simliklar olamining yana bir ko‘zga ilinmas, e’tibordan chetda turgan, ammo shifobaxsh unsurlarga boy turidan biri semizo‘t haqida quyi­da batafsil ma’lumot beramiz. Bu giyoh yer sharining Sharqiy Yarim sharida issiq iqlimli hududlarda, shu jumladan, Rossiyaning Yevropa qismida, Kavkazda, Uzoq Sharqda o‘sadi. Semizo‘t nam va qumloq joylarni xush ko‘radi. Shuningdek, bu o‘simlikni daryo bo‘ylarida, dalalarda, polizda, turar joy binolari atrofida ham uchratish mumkin.

Semizo‘tning yer ustki qismida oqsil, qand, rux, mis, marganets, nikel, temir moddasi kabi mikroelementlar, kalsiy, magniy, natriy, kaliy kabi mikroelementlar, organik kislotalar, alkaloidlar, saponinlar va boshqa glikozidlar, noradrenalin, ko‘p miqdorda karotin, tokoferol, nikotin kislota, askorbin kislota kabi vitaminlar, filloxinon, shilimshiq va smolasimon moddalar mavjud. Urug‘ida yog‘ moddasi, linol, olein, palmitin kabi yog‘ kislotalari bor.

Semizo‘tning sarxil, yosh barglari va novdalari qaynatilib va xom holicha taomlarga ishlatiladi. Ulardan salatlar, ko‘k sho‘rva, bo‘tqa va go‘shtli mahsulotlarga ziravor sifatida ishlatiladi. Uddaburon uy bekalari semizo‘tni qishga tuzlab va marinadlab bankalarga yopishadi. Shuningdek, O‘zbekistonda semizo‘tdan somsa, ko‘k chuchvara, bichak, xonim, yupqa tayyorlanadi. Kavkaz, O‘rta Osiyo va O‘rta Yer dengizi mamlakatlari aholisi ham qadimdan semizo‘tni shifobaxsh giyoh sifatida qadrlab iste’mol qilishadi. Bu dorivor o‘simlik Buqrot hakim (Gippokrat) davridayoq ma’lum va mash­hur edi. Qadimdan semizo‘t urug‘lari organizmni xiltlardan tozalovchi vosita sifatida qo‘llanilgan. Semizo‘t barglari tibbiyotda yaralarni bitiruvchi, siydik haydovchi, zaharga qarshi (ilon, chayon va qoraqurt chaqqanda) ziddizahar sifatida, mijoz sustligini davolashda qo‘llaniladigan yig‘ma dorilar tarkibida, shuningdek, trixomonadali kolpit (jinsiy yo‘llar bilan yuquvchi qin yallig‘lanishi)da, uyqusizlikda, ich dam bo‘lishi (meteorizm), jigar va buyrak kasalliklarida, singa (bu kasallikda vitaminlar yetishmovchiligida tishlar to‘kilib ketadi) xas­taligi va avitaminozlarda, ichketarda, urug‘i esa tangachali lishay (temiratkida) dorivor vosita sifatida qo‘llanilgan. Semizo‘t tarkibida noradrenalin moddasi ko‘p miqdorda uchraydi. Bu modda qon tomirlarni toraytirib, qon bosimini oshiradi. Yurak urishini tezlashtiradi. Ichki a’zolarda qon ketishi kuzatilsa semizo‘t iste’mol qilinsa qon ketishini to‘xtatadi. Shuningdek, semizo‘t qonda qand miqdorini tushiradi. Qandli diabetning yengil turida semizo‘t taomnomaga kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Tunda ishlash semizlikka sabab

Asalari chaqqanida semizo‘t tananing shishgan sohasiga yanchib qo‘yilsa yallig‘lanish va shishning oldini oladi.

Semizo‘tning sarxil va yosh novda hamda barglari go‘shtli va baliqli taomlar dasturxonga tortilganda garnir sifatida beriladi. Buning uchun nimtatir sho‘r suvda semizo‘t qaynatib olinadi va piyozdog‘ (qovurilgan piyoz), sirka, sarimsoqpiyoz aralashtirib garnir tayyorlanadi.

Diqqat!

Semizo‘tni gullamasidan oldinroq terib olish zarur.

KO‘KPIYOZ

Ko‘kpiyoz tarkibida fitonsidlar mo‘l bo‘ladi. Fitonsidlar virusli infeksiyalarga qiron keltiruvchi moddalardir. Tarkibida ko‘kpiyoz ko‘p bo‘lgan salatlar gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)larda shifobaxsh ta’sirga ega. Shuningdek, sarxil va yam-yashil piyoz barglaridagi mavjud xlorofill moddasi qon yaratish tizimiga ijobiy ta’sir etadi. Yangi uzilgan ko‘k-piyoz ishtaha ochadi. Bu ko‘kat har qanday taomga ko‘rk bag‘ishlaydi. Hazmni yaxshilaydi. Me’da-ichak tizimida kasalliklar mavjud bemorlarga ko‘kpiyoz tavsiya etilmaydi. Yana ko‘kpiyoz tarkibida S vitamini ham ko‘p miqdorda mavjud va karotin moddasi, uglevodlar, oqsillar ham bor.

Ko‘kpiyoz salat va suyuq taomlar, garnirlar tayyorlashda qo‘llaniladi. Shuningdek, ko‘kpiyozdan patir, qatlama, tuxumli go‘mma, somsa pishirish mumkin. Ko‘k somsa, chuchvara, xonim va bichaklarga ham bosh­qa shifobaxsh giyohlar bilan ko‘k-piyoz aralashtirib solinadi. Yil davomida ko‘k-piyozni taomnomangizdan uzmasangiz foydadan xoli bo‘lmaydi.

Ko‘kpiyoz tarkibida V guruhi vitaminlari (V1, V2, V3, V6, V9) A vitamini, Ye vitamini, N vitamini, RR vitamini, temir moddasi, kaliy, kalsiy, magniy, natriy, oltingugurt, fosfor, xlor, alyuminiy, kobalt, marganets, mis, molibden, xrom, rux kabi organizm faoliyati uchun zarur mikro va makroelementlar mavjud. Kaliy yurak qon tomir tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi.

Piyoz tarkibida 14 foizgacha qand moddasi mavjud. (Hatto olma va nok tarkibidagi qand miqdoridan ham ko‘proq). Ko‘kpiyoz avitaminoz xastaligini oldini olishda katta ahamiyatga ega. Temir moddasi esa kamqonlikni davolashda muhim ahamiyatga ega. Agar ko‘k-piyoz seli chiqib turgan jigar kabob bilan iste’mol qilinsa temir tanqisligi kamqonligida tezroq ta’sir etadi.

Yaqinda olimlar ko‘k piyoz tarkibida kversetin (antioksidant) mavjudligini aniqlashdi. Bu antioksidant onkologik (rak) kasalliklarni davolashda muhim. Shuning uchun saraton (rak) xastaliklarining oldini olishda ham ko‘kpiyozni yil davomida iste’mol qilish zarur. Mutaxassislarning fikricha bir yilda har bir odam o‘rtacha 10 kg piyoz va ko‘kpiyoz tanovvul qilishi shart ekan. Shuningdek, ko‘kpiyoz qon tarkibidagi yomon sifatli xolesterinni kamaytiradi. Bu esa o‘z navbatida atereosklerozning oldini oladi. Ko‘kpiyoz tarkibidagi ko‘p miqdordagi kaliy esa yurak mushaklari ritmining me’yorda qisqarib-bo‘shashiga ijobiy ta’sir etib, miokard infarkti kasalligining oldini oladi. Siydik-tanosil tizimi uchun ham ko‘kpiyoz foydali ko‘kat hisoblanadi. Chunki, uning tarkibidagi natriy va kaliy siydik haydovchi ta’sirga ega. To‘qima hujayralaridan ­natriy ionlarini haydab chiqarib, o‘rniga kaliy ionlarini kiritadi. Shunday qilib organizmdan ortiqcha suyuqlik chiqib ketadi.

Yana o‘qing:  RANG-BARANG TAOMNOMA

Ammo ko‘kpiyozni barchaga birday iste’mol qilishni tavsiya etib bo‘lmaydi. Chunki, jigar xastaligining o‘tkir turida va me’da-ichak tizimi kasalliklarida ko‘k-piyozni tanovvul etish mumkin emas.

ShIVIT

Shivit (ukrop) qadimdan Yevropa va Shimoliy Afrikada, shuningdek, asl vatani Osiyoda yetishtiriladi. Bu shifobaxsh giyoh Misr tabiblari tomonidan 5000 yil avval ham qo‘llanilgan. Xushbo‘y ta’m­li va iforga boy sarxil shivit va uning quritilgan novdalari hamda tuzlangan ko‘kati oziq-ovqat sanoatida ishlatiladi. Sabzavotlarni konservalashda qo‘llaniladi. Shuningdek, quritilgan shivit turli shirinliklar va taomlar tayyorlashda ishlatiladi. Shivitdan xushbo‘y sirka tayyorlash uchun bu o‘simlik gullagan va urug‘lagan davrda yig‘ib-terib olinadi.

Bu shifobaxsh o‘simlik tarkibida ham fitonsidlar mavjud. Shu tufayli ham sabzavotlarni tuzlashda nafaqat ularni xushta’m etadi, balki tuzlamalarning sifati buzilishidan ham saqlaydi.

Shivit tarkibidagi efir moyi oziq-ovqat sanoati, konservalashda, aroq-likyor tayyorlashda va xushbo‘y atir sovunlar ishlab chiqarishda ham foydalaniladi.

TIBBIYOTDA QO‘LLANISHI

Xalq tabobatida shivit qadimdan keng qo‘llaniladi. Uning barg va novdalaridan tayyorlangan tindirma I va II darajali gipertoniyada (xafaqon kasalligida) va siydik haydovchi vosita sifatida qo‘llanadi. Shivit urug‘i ichaklarda bijg‘ish jarayonini sekinlashtiradi va yel haydovchi, ichak og‘rig‘ini qoldiruvchi, tinchlantiruvchi xususiyatga ega. Shuningdek, shivit tarkibidagi efir moyi bronxlarning shilliq ajratib chiqaruvchi bezlarining hujayralariga ijobiy ta’sir etadi. Urug‘ining tindirmasi gemorroy (bavosil)ga qarshi dorivor vosita sifatida ichiladi. Yana yaralarni bitishi uchun hamda allergik teri qichimasida qo‘llaniladi. Shivit urug‘idan yana “Anetin” dori vositasi olinadi. Bu dori vositasi qon tomirlarini kengaytiradi. Yurak toj tomirlarining surunkali yetishmovchiligida, stenokardiya kasalligi xurujini oldini olishda, yurak toj tomiri torayishi bilan kechadigan nevrozlarda, qorin bo‘shlig‘i mushaklarining tarangligi oshganda tavsiya etiladi. Ko‘pchilikka “shivit suvi” yaxshi tanish. Sababi bu dorivor vosita go‘daklarning ichaklarida yel (gaz) yig‘ilsa ichiriladi. Bu shifobaxsh vosita dorivor shivit turidan olingan efir moyiga suv qo‘shib tayyorlanadi.

QARSHI KO‘RSATMALAR

Shivit qon bosimi past bemorlarga tavsiya etilmaydi. Bu o‘simlikni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilish umumiy holsizlik va ko‘z nurining pasayishi hamda bosh aylanib, behush yiqilishga sabab bo‘lishi mumkin.

Kosmetika va parfyumeriyada qo‘llanilishi

Shivitning turli ekstraktlari va sarxil, yangi uzilgan, shuningdek urug‘i kosmetika va parfyumeriya sanoatida keng qo‘llaniladi. Urug‘idan olinadigan yog‘li efir moyi spirtli, yog‘li va uglekislotali ekstraktli kremlar, odekolonlar, tish pastasi tayyorlashda qo‘llaniladi. Kosmetikada shivit bargidan tayyorlangan tindirma qizargan va yallig‘langan ko‘zlarga bozillama (primochka) qo‘yishda ishlatiladi.

Yana o‘qing:  Axboriy tushkunlik: stressning yangicha ko‘rinishi

KIMYOVIY TARKIBI

Shivit barglarida askorbin va nikotin kislotalar mavjud. Karotin, tialin, riboflavin hamda flavinoidlar, uglevodlar, pektin moddalar, temir moddasi kaliy, kalsiy, fosfor kabi muhim elementlar uchraydi. Shuningdek, uning tarkibida ko‘p miqdorda S vitamini, V guruhi vitaminlari (V1, V2) va RR, R, karotin bor. Bu o‘simlik tarkibida kletchatka ko‘p miqdorda bo‘lgani uchun ichaklarni yaxshi tozalaydi.

TAVSIYALAR

Bir choy qoshiq quritilgan va yanchilgan shivit kukunini yutmasdan uzoq vaqt chaynab og‘izda tutib turilsa yo‘talda va bronxial astma xurujida yordam beradi. Xuddi shu miqdordagi shivit tol­qoni ichilsa ichak og‘riqlarini to‘xtatadi. Yana ona sutini ko‘paytirish uchun emizikli onalar shivit iste’mol qilishlari zarur. Arpabodiyon (shivitga o‘xshash o‘simlik) ham ona sutini ko‘paytiradi. Og‘riqli hayz siklida shivit urug‘idan xotin-qizlar choy damlab ichishlari zarur.

Diqqat!

Homilador ayollar shivitdan tayyorlanadigan dori vositalariga ortiqcha ruju qo‘ymasliklari zarur. Ayniqsa, qon bosimi past bemorlar shivit urug‘idan choy damlab ichishga ehtiyot bo‘lsinlar.

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: