Tadbirkorlikka ehtiyoj ortmoqda
Hozirda tadbirkorlikka bo‘lgan e’tibor va aynan shu sohaga bo‘lgan qiziqish kundan-kunga ortib bormoqda.
Ayniqsa, Yurtboshimizning respublikamizda faoliyat yuritayotgan tijorat banklari o‘z ish uslublarini tubdan o‘zgartirishi shartligini, ular har bir oila bilan muloqot tashkil qilish orqali fuqarolarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratishi kerakligini ta’kidlashi, bugungi kunda o‘z samarasini bermoqda.
Unga ko‘ra tijorat banklari davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan vazifalarni bajarish yuzasidan, oddiy aholini tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka o‘rgatish, ularning bank xizmatlari va kredit mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish istagini bildirgan fuqarolarga namunaviy loyihalarni taklif etish hamda kredit hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha tegishli maslahatlar berish va qisqa muddatlarda kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Ana shu vazifadan kelib chiqib, 2017 yilda aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Angren shahar filiali faoliyatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Bank tizimida mazkur vazifalar ijrosini ta’minlashga jiddiy kirishildi. Jumladan, aholiga kredit berishning soddalashtirilgan tartibi joriy qilindi. Shu kunlarda bank xodimlari tomonidan aholi xonadonlarida o‘tkazilayotgan muloqotlarda tadbirkorlik faoliyatini boshlash imkoniyatlari to‘g‘risida batafsil tushuntirishlar berilmoqda, qisqa muddatda kredit mablag‘lari ajratish choralari ko‘rilmoqda. Bunda aholiga chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, quyonchilik, issiqxonalar qurish, maishiy xizmat kabi 20 dan ziyod yo‘nalishda tadbirkorlik qilish uchun kreditlar taklif etilmoqda.
– “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da bankimiz tomonidan “Oddiy aholini tadbirkor qilish” maqsadida har bir xonadonning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun bank xizmatlari va kredit mablag‘lariga ehtiyoji o‘rganib chiqilmoqda. “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Angren filialiga 9 ta mahalla biriktirilgan bo‘lib, shundan 10 ming 496 xonadonga xatlar bilan murojaat qildik. 2 ming 160 ta xonadonga esa bevosita tashrif buyurib, xonadon a’zolari bilan suhbatlar o‘tkazildi va kredit turlari hamda shartlari to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi. Hozirda 58 ta aholi tadbirkorlikka qiziqish bildirib bankimizga murojaat qildi. Shundan 40 nafariga 375 mln. so‘mlik kredit ajratildi. Bank tomonidan taklif etilayotgan oddiy aholi uchun mikrokreditlar 100 minimal ish haqi, ya’ni bungungi kunda 15 mln. so‘mgacha miqdorda 3 yilgacha muddatga imtiyozli foiz stavkalarida beriladi. Tadbirkorlar uchun esa 1000 minimal ish haqi, ya’ni 150 mln. so‘mgacha miqdorda beriladi. Kredit olish uchun tadbirkorlar tadbirkorlik sub’yekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tishi yoki shaxsiy tomorqasida o‘z biznesini boshlashi mumkin, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Angren filiali boshqaruvchisi Fazliddin Eshmuratov.
Darhaqiqat, bu kabi keng ko‘lamli ishlar tez orada o‘z samarasini berishi shubhasiz. Endilikda oddiy aholi ushbu kredit evaziga ro‘zg‘orini but qilish bilan birga orzularini ro‘yobga chiqaradi. Shuningdek, tadbirkorlik sohasida olib borgan ishlari bilan jamiyatga, mamlakat iqtisodiyotiga yanada ko‘proq foyda keltiradi.
Karimjon XO‘JAMURODOV,
Toshkent iqtisodiyot va biznes kolleji o‘qituvchisi