Prezidentimiz ishonchi menga kuch bag‘ishladi

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda 2016-yilni mamlakatimizda Sog‘lom ona va bola yili deb e’lon qildi va sog‘lom avlodni voyaga yetkazish uchun bolalar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada keng ommalashtirish borasida bir qator muhim vazifalarni kun tartibiga qo‘yish zarurligini alohida qayd etdi.

Har bir o‘g‘il-qiz sportga qadam qo‘yar ekan, chempion bo‘lish, jahon sport arenalarida Vatanimiz sharafini himoya qi­lish orzusi bilan yashaydi. Uning iqtidoriyu mahorati o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlansa, sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun sharoit va imkoniyatlar yaratilsa, harakatlari hech qachon zoe ketmaydi.

Shu ma’noda, biz – O‘zbekis­ton sportchilari o‘zimizni eng baxtli yoshlar, deb baralla ayta olamiz. Yurtboshimiz rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yosh avlodning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishini ta’minlashga ulkan g‘amxo‘rlik ko‘rsatil­moqda.

Zamonaviy sport majmualarida sport bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Bunga o‘z iste’dod va salohiyatimizni, jahon maydonlarida hech kimdan kam emasligimiz va hech qachon kam bo‘lmasligimizni namo­yon etishimiz bilan javob qayta­rishimiz zarur.

Biz, yoshlarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz mustaqilligimiz sharofati, Prezidentimizning mehr-e’tibori, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufaylidir.

Otam bolaligida sportga qiziqqan. Ammo u paytlarda sport bilan shug‘ullanishga bugungiday sharoit bo‘lmaganidan orzusi ushalmay qolib ketgan. Shu bois otam biz farzandlarini sport seksiyalariga yetaklab borgan. Oilada uch o‘g‘ilmiz. Akalarim ham sport bilan shug‘ullanadi.

O‘n yoshimdan boks bilan shug‘ullana boshladim. Farg‘ona boks maktabi mamlakatimizda yetakchilardan hisoblanadi. Bu yerdan ko‘plab charm qo‘lqop ustalari yetishib chiqqan. Ularga havas qilib, ko‘nglimda “men ham chempion bo‘laman!” degan qat’iy ishonch paydo bo‘lgan.

Xalqaro maydondagi ilk yutug‘imga 2012-yili Ozarbayjondagi xalqaro turnirda erishdim. Shundan so‘ng Serbiya, Tailand va Rossiyada o‘tkazilgan musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egalladim.

2014-yili Tailandda o‘tkazilgan boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida va Bolgariyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdim. Namangan viloyati mezbonlik qilgan “Barkamol avlod – 2014” sport o‘yinlarida g‘olib bo‘ldim. Bu musobaqalar meni Xitoyning Nankin shahri mezbonlik qilgan II o‘smirlar Olimpiadasiga puxta tayyorlanishim va unda g‘alaba qozonishimda muhim ahamiyat kasb etdi.

Яна ўқинг:  АНТИБИОТИКЛАР ДАВРИ

Bu yilgi sport mavsumi nafaqat men uchun, balki butun terma jamoamiz uchun omadli bo‘ldi. Dastlab Bolgariyada o‘tkazilgan an’anaviy “Stranja” xalqaro turnirida g‘alaba qozondim. Tailandda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida terma jamoamiz sakkizta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bunda mening ham hissam borligidan faxrlanaman. Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lib, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari­ga yo‘llanmani qo‘lga kiritdim.

Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganim kamtarona xizmatla­rim davlatimiz tomonidan yuksak baholanganidan dalolatdir.

Konstitutsiya bayrami arafasida bo‘lib o‘tgan bir guruh yurtdoshlarimizga Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz meni bag‘riga bosib, “Sen Braziliyada bo‘ladigan Olimpiya o‘yinlarida chempion bo‘lishing kerak!” deya yuksak ishonch bildirgani menga katta kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. Endigi niyatim Yurtboshimizning ana shu ishonchini oqlash va 2016-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlaridan Vatanimizga oltin medal bilan qaytishdir.

Bektemir MELIQO‘ZIYEV,

boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi, kattalar o‘rtasida Osiyo chempioni, jahon chempionati sovrindori.

O‘zA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: