Uyg‘onish davri

Hayotda nomuhim narsaning o‘zi yo‘q. Insonga avvalo sog‘lik-salomatlik, taom, bilim, so‘ngra oilasi, qavm-qarindoshlarining farovon turmushini ta’minlaydigan qulayliklar, xullas, barcha-barchasi muhim. Lekin shularning qadr-qimmatiga yetib hayot kechirishni ta’minlaydigan narsa – bu uning ma’naviy olamidir.

Biz Vatan to‘g‘risida ko‘p gapiramiz, xo‘b yozamiz, ammo uni har kim har xil tushunadi. Birov tug‘ilgan zamini, yana birov o‘z oilasini Vatan deb biladi… Biz bir-birimizni pok vijdon bilan qadrlay olsak, Vatanimiz mustahkam bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning ilk faoliyatidanoq asosiy niyati odamlarning vijdonini uyg‘otish ekani sezildi. Elektron qabulxonalar paydo bo‘lishi, joriy yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilinishi bu borada qo‘yilgan jiddiy qadam bo‘ldi. Mahalliy mutasaddilarning “Portal”dan qo‘rqib, popugi bosilib qoldi, halol ishlashni esdan chiqarganlari hayron… Chamasi, odamlar g‘aflat uyqusidan uyg‘onib, endi ishga bormoqchi…

Ijodiy mahsulim kitob bo‘lgani uchun Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi. Yozuvchining tirikchiligi uning mehnatiga munosib qalam haqi bilan ta’minlanadi. Yozgan narsasiga gazeta-jurnallar, nashriyotlardan qalam haqi olib, xursand bo‘lib yurgan qalamkash hamkasblarim kam. Asarining chop etilishi yozuvchiga yetarli rag‘bat, deb hisoblaydiganlar qancha.

Yana muhim masala, kitob tarqatish tizimining “o‘zibo‘larchilik” holatiga tashlab qo‘yilgani edi. Biz buni o‘tgan asrlarda boshimizdan kechirganmiz. Olis ovulda bittagina “Aralash mollar do‘koni” bo‘lib, u ham matlubot jamiyatiga qarashli edi. Kitobning o‘sha do‘konga yetib borishi jamiyatning ekspeditori xohishiga bog‘liq edi. Do‘konga mol eltib berish uchun mas’ul bo‘lgan bu insonga ko‘pincha, arzon kitobdan ko‘ra, sal cho‘ntagiga biron narsa tushadigan konfet-pechenye yoki aroq-sharob olib borgani ma’qul edi. Mabodo, kitob olib borgani bilan o‘sha ovuldagi savdo xodimi “bu kitoblaringizni boshimga uramanmi, yana mendan plan talab qilasiz”, deya kuyinardi… Natijada savodxonlar markazga yig‘ilib, chekka ovul va qishloq ahli e’tibordan chetda qolaverardi.

Avlodlar ma’naviyatini tutashtirib, o‘tmishdan saboq beruvchi eng muhim vosita kitobdir. O‘zi kitob ochib ko‘rmagan otaning o‘g‘liga “kitob o‘qi” deyishi doimo mast otaning o‘g‘liga “ichmagin” degan tanbehiga o‘xshaydi. Kitob o‘qi deydigan odamning o‘zi shaxsiy o‘rnak ko‘rsatishi kerak emasmi?

Yana o‘qing:  Nogironlik nafaqasi tayinlanadimi?

Farmoyishda kitob chop etish va tarqatish masalasining dolzarbligiga davlat nuqtai nazaridan qaralgan va muammoni hal etish yo‘llari aniq ko‘rsatilgan. Endi farmoyishning joylardagi ijrosi qanday bo‘ladi?

Ayni chog‘da kutubxonalar fondiga kirsangiz, avvalgi kitoblar yo‘q, yangilari ancha nusxalarda, ayrimlari hali ochilmaganicha turibdi. Vaholanki, “fondimizda falon ming nusxa kitob mavjud”, deb maqtanadiganlar qancha. Aslida kitob nomlari mingtaga ham yetmaydi. Tan olaylik, kollej kutubxonalarida badiiy adabiyot, ayniqsa, yoshlarga mo‘ljallangan kitoblar juda kam. Birgina fakt: o‘quvchilari asosan yoshlar bo‘lgan bu kutubxonalarning aksariyatida “Yoshlik” jurnali deyarli yo‘q. Albatta, jurnal kitobning o‘rnini bosa olmaydi, lekin bo‘lg‘usi kitoblarning yo‘riqnomasi sifatida, menimcha, barcha maktab, litsey, kollej kutubxonalarida turgani ma’qul.

Birinchi Prezidentimizning 2010 yil 26 fevraldagi “Ijod” fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida Qoraqalpog‘istonning Nukus, Ellikqal’a shaharlarida yangi kitob do‘konlari ochildi, boshqa tumanlarda ham qandaydir harakatlar boshlandi. Lekin, eng qiyini, endi o‘sha kitob do‘konlarini nima bilan to‘ldirish kerak? Qoraqalpoq tilida kitob kam, qimmat va sifatsiz chiqayapti. Avvalgidek”kanstovar” yoki texnika bilan to‘ldirilib, kitoblar bir chekkada qolib ketmasmikin? Savdo sohasida o‘z zarariga ishlaydiganlar topilmasa kerak.

Men quvongan yoki qiynalgan paytlarimda Alisher Navoiy, Berdaq kabi ulug‘larimizni o‘qib, dardimni aytaman, ulardan ovunch topaman. Berdaq bobomiz: “Altoqlama, taltoqlama, birov urdi deb yig‘lama… jur’atli bo‘l, yoshdan bolam”, deb nasihat qiladi.

Bu bugungi kunimiz shiori emasmi?!

 

O‘rozboy ABDURAHMONOV,

Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi.

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: