“Yulduzcha”ning ertasi porloq(mi?)

“Navo” telekanali orqali efirga uzatilayotgan “Yulduzcha” bolalar televizion loyihasi qisqa vaqt ichida ko‘pchilikning mehrini qozondi.

Aytish lozimki, ushbu tanlov 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan yuzlab iste’dodlarni bir maqsad yo‘lida birlashtira oldi. Ham jurnalist, ham tomoshabin sifatida men ham tanlovni zangori ekran orqali kuzatib bormoqdaman. Ochig‘ini aytganda, jajji bolajonlarning jonli ijroda maromiga yetkazib qo‘shiq kuylashlari, ularning ko‘zlaridagi ishonch, kelajakka bo‘lgan umidni ko‘rib, to‘lqinlanasan, kishi.

Loyihaning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, u respublikamizning eng chekka hududlarida istiqomat qiluvchi iqtidor sohiblarini ham o‘z bag‘riga chorladi. Bu esa yangi-yangi ovozlarning kashf qilinishiga zamin yaratmoqda.

Biroq, ushbu televizion loyihaning kamchiliklari ham yo‘q emas. Aytish mumkinki, tanlov san’at sohasi mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari tomonidan katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Festivaldagi ayrim xatoliklar, javobi topilishi lozim bo‘lgan savollarni hatto, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham kuzatib bordik. Bu gal ayni shu mavzu yuzasidan soha xodimlari, san’atkorlar va ustoz-murabbiylarni suhbatga chorladik.

 

MEN TAKLIF KIRITAMAN!

Dilfuza ShOMALIKOVA,“G‘uncha” jurnali bosh muharriri:

Ko‘rik-tanlovni kuzatish jarayonida yurtimiz bolalarining qanchalik yuksak iste’dodga ega ekaniga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Har bir ishtirokchining chiqishida uning orzulariga hamohang beg‘ubor olamni his etish mumkin. Tashkilotchilarning ham maqsadi ayni shu kabi bolalarning orzularini ro‘yobga chiqarishdir. Umuman olganda, televizion loyiha aniq bir reja asosida tashkil etilgan. Biroq, fikrimcha tanlovning dastlab viloyat bosqichlarini huddi shu tartibda o‘tkazib olish, keyinchalik esa eng saralarini respublika telekanalida bo‘lib o‘tadigan bahslarga chaqirish lozim. Shuningdek, ishtirokchilar uchun o‘zbekcha qo‘shiqlar tanlanishi maqsadga muvofiq. Chunki ayrim xorij qo‘shiqlarini mazmunan olib qaraganda bola yoshi va ruhiyatiga to‘la javob beradi, deya olmayman. Tashkilotchilar ayni shu jihatni ham inobatga olishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Tanlov jarayoniga yanada ko‘proq bolalarni jalb qilish ham ayni muddao bo‘ladi.

 

HAKAMLAR BILAN FIKRIMIZ BIR JOYDAN ChIQDI

Saodat MUZAFFAROVA,

“Sevinch” vokal ansambli badiiy rahbari,

“Do, mi, sol” ko‘rsatuvi boshlovchisi:

Men ushbu loyihani shunchaki tomoshabin bo‘lib emas, balki, mutaxassis sifatida kuzatib boryapman. Kuzatuvlarim shuni ko‘rsatdiki, farzandlarimiz chindan ham qobiliyatli ekan. Ko‘rsatuvga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani sahna dekoratsiyasi, rejissyorning professionalligidan ham sezilib turibdi.

Yana o‘qing:  Hayvonot va nabotot olami qonun himoyasida

Televizion tanlovning ikkinchi bosqichi ishtirokchilarini bevosita kadr ortida baholab bordim. Buni qarangki, hakamlar bilan fikrimiz bir joydan chiqdi.

Yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Dunyo miqyosida bolalar uchun juda kam miqdorda operalar yozilgan. Lekin, tajribam davomida bolalar uchun yozilgan operalar kuylanganiga guvoh bo‘lmadim. Ammo, tanlovda jajji yulduzchalar opera san’atiga ham qo‘l urishgan. Ularning ijrosi meni lol qoldirdi.

E’tirozga sabab bo‘ladigan holatlar ham bo‘ldi. Masalan, ko‘p ishtirokchilarning yoshiga mos bo‘lmagan qo‘shiqlarni kuylashlari biroz noo‘rin. Biroq soha vakili sifatida loyiha qatnashchilarining ovozi, sahna madaniyati, intonatsiya va ijrosiga ahamiyat qaratdim. O‘ylaymanki, hakamlar ham ayni shu jihatlarni inobatga olgan holda baho bermoqdalar.

 

BOLALIKNING O‘Z QO‘ShIG‘I BOR…

Shermat YORMATOV,

O‘zbekiston bolalar ashula va raqs ansambli badiiy rahbari, O‘zbekiston xalq artisti:

Ochig‘ini aytganda, ushbu loyiha boshqalaridan tubdan farq qiladi. Shu sababmi u qisqa muddat ichida jamoatchilik e’tiborini o‘ziga jalb qila oldi. Balki, shuning uchun ham tomoshabinda ayrim e’tirozlar tug‘ilgan bo‘lishi, tabiiy. Avvalo, bu tanlov yosh iqtidor egalarini katta sahnaga olib chiqish, ularni elga tanitish va shu bilan birga jajji bolajonlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Yaqinda menga ota-onalar qo‘ng‘iroq qilib, “Yulduzcha” haqidagi tanqidiy fikrlarini bildirishdi. Shundan so‘ng ushbu ko‘rik-tanlovga qiziqishim yanada ortdi va uni diqqat bilan tomosha qila boshladim.

Fikrimcha, festivalda bolalar qo‘shiqlari yetishmayapti. Boisi, ijrochilarning deyarli barchasi mumtoz navolar, xalq qo‘shiqlari bilan birgalikda jahon klassikasi, hattoki, opera yo‘nalishida ham kuylamoqda. Aslida buni kamchilik ham deb bo‘lmaydi, biroq bolalar uchun mo‘ljallangan va ishtirokchilari bolalar bo‘lgan loyihada ularning yoshiga mos navolar yangrasa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki beg‘ubor bolalikning ham o‘z qo‘shiqlari bor.

Men yana bir jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Hakamlar hay’ati ishtirokchilarni baholashda ham so‘zamollikdan foydalangani ma’qul. Negaki, “Ha” yoki “Yo‘q” degan aniq va qisqa javobni eshitgan har bir bolakay qalbidan nimalardir o‘tadi. Xoh u salbiy, xoh ijobiy bo‘lsin. Bu tanlovni yanada rivojlantirib, uni chin ma’nodagi o‘zbek farzandlarining katta musiqa festivaliga aylantirish lozim.

Yana o‘qing:  Viloyatning dong‘i ketgan shifoxonasi xizmatidan aholi rozimi?

 

ShOGIRD G‘ALABASI – UZTOZGA BERILGAN BAHO

Doniyor NAZAROV,

Marg‘ilon shahridagi 8-sonli bolalar musiqa maktabi o‘qituvchisi:

– “Yulduzcha”da mening ham to‘rt nafar shogirdim ishtirok etdi. Ularni ham aqlan, ham ruhan tayyorladim, chiqishlarini diqqat bilan tomosha qildim. Kuzatuvlarimdan shuni angladimki, shogirdlarning g‘alabasi, muvaffaqiyati ustoz uchun berilgan baho ekan. Shu ma’noda ularning kamchilik va mag‘lubiyati ham eng avvalo, murabbiyning zimmasiga ulkan vazifalarni yuklaydi. Hatto, shunday vaziyatlar bo‘ldiki, qatnashchilarning ko‘zida yosh bilan sahnadan chiqib kelishlari biz ustoz va ota-onalarning yuraklarini ham sel qilib yubordi. Fikrimcha, ishtirokchilarni ruhan cho‘ktirmaslik, ularga mag‘lubiyatini imkon qadar to‘g‘ri tushuntirish lozim. Shundagina kelajak yulduzchalari porloq nur sochadi.

 

Guvohi bo‘lganingizdek, suhbatdoshlarimizning fikrlari, loyihaga bo‘lgan munosabatlari turlicha. Biroq, yakuniy xulosalar o‘xshash. Ularning barchasi “Yulduzcha”ning kelajagi porloq, degan xulosaga kelishmoqda. Kamchiliklar va ayrim savollarga javob topilsa, bo‘lgani. Ishonamizki, “Yulduzcha” hali ko‘plab bo‘lg‘usi yulduzlarni kashf qiladi.

 

Mayna HASANOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: