ILM ChO‘QQILARI SARI
Oilaning bir quvonchiga o‘n quvonch qo‘shib, dunyo yuzini ko‘rgan bek bolaga xonadon ulug‘lari Sherzodjon, deya ism qo‘yishdi. Go‘dakni unib-o‘sib kamolga yetishini niyat qilishganida, kelajakda mohir uchuvchi yoki malakali shifokor, balki arxitektor yo o‘qituvchi bo‘lar, deya ezgu tilak ham bildirishdi.
Darhaqiqat, sof niyatning ijobati bugun Sherzodjonda o‘z bo‘yini ko‘rsatmoqda desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Padari buzrukvori, professor Shuhrat Yovqochevning xizmat vazifasi sabab Sherzodjon Misr Arab Respublikasidagi ingliz tiliga ixtisoslashtirilgan xalqaro maktabning birinchi sinfiga o‘qishga qabul qilindi. So‘ngra, poytaxtimizdagi 227-maktabda tahsilni davom ettirdi. U maktab partasidayoq “Aviamuhandislik” to‘garagiga muntazam qatnab bir qator aviamodellar yaratgan bo‘lsa, sport to‘garagidagi mashg‘ulotlar uning jonu dili edi. Ta’lim maskanini muvaffaqiyatli tugatgan Sherzodjon Toshkent Islom universiteti qoshidagi akademik litseyni ham imtiyozli tamomlab, dadasi va opasi tahsil olgan hamda o‘zi orzu qilgan Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutiga o‘qishga qabul qilindi. Ayni vaqtda u “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti va mamlakatshunoslik” fakulteti 4-bosqich talabasi. Sherzodjon o‘qish davomida yuqori reyting natijalariga erishishi bilan birga, respublika va institut miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlarda o‘zining ilmiy-ommabop mavzulardagi maqola va ma’ruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, uning “Xitoy Xalq Respublikasi fond birjalari” nomli risolasi nashrdan chiqdi. Xitoy Xalq Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar masalalariga bag‘ishlangan o‘ndan ziyod ilmiy maqolalari chop etilgan. Sherzodjon til o‘rganishga ishtiyoqi balandligi bois ingliz va xitoy tillarini mukammal o‘rgandi. Xalqaro standartlarga mos moliyaviy hisob sertifikati egasi ham bo‘ldi.
– Oilada ikki nafar farzandmiz. Go‘zal opamning Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibi bo‘lganligidan quvonchga to‘lgan ota-onamning hayajonini ko‘rib ularga o‘xshashga intilardim. Kishida ishtiyoq bo‘lsa va o‘z yo‘lini to‘g‘ri tanlasa ko‘p yutuqlarga erisharkan. Sport bilan muntazam shug‘ullanishim menga kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Kitob mutolaa qilish bilimimni oshiradi, – deydi Sh.Yovqochev.
– Ayni vaqtda iqtisodiyotda yetakchi mamlakatlar tajribasini o‘rganish bo‘yicha “Xitoy Xalq Respublikasi fond bozorlarining shakllanish va rivojlanish xususiyatlari” mavzuida ilmiy izlanishlar olib boryapman. Bozor munosabatlarida xitoyliklar, avvalo xaridorning cho‘ntagi qay bir mahsulot xaridiga to‘g‘ri kelishini obdon o‘rganadi. So‘ngra shunga qarab mahsulot ishlab chiqaradi. Iqtisodiyotda bunday masalalar yetakchi o‘rin tutadi. Kelajakda soham bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lishni oldimga maqsad qilib qo‘ygan ekanman hali ko‘p o‘qib izlanishim zarur.
Kuni kecha e’lon qilingan 2012-2013 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyalari tanlovi g‘oliblari safidan joy egallagan Sherzodjon Yovqochev yangi marralar sari intilmoqda. Ota-onasi va ustozlarining o‘gitlariga sodiq qolgan yigitning orzulari esa osmon qadar yuksak. Vatanga bo‘lgan cheksiz mehru muhabbatini ardoqlab, yigitlik sha’ni va g‘ururini saqlab, tinimsiz o‘qib izlanayotgan iqtidorli talabaga bundan keyingi ishlarida ham muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Jamila HAYDAROVA